Konyugatsiyalangan oqsillarning muhim bir gruppasi prostetik kovalent va nokovalent bog’langan rangli moddalarni tutadi. Bunday murakkab oqsillar xromoproteinlar (xroma- yunoncha rang, bo’yoq) deyiladi. Turli xromoproteinlarning oqsil bilan bog’langan rangli gruppasi har xil organik birikmalar sinfiga kiradi va o’z tarkibida turli metallar- temir, mis, magniy, molibden yoki rux tutadi. Bu gruppaga gemproteinlar va temirporfirin enzimlar, flavoproteinlar, xlorofill- oqsil kompleksi kiradi. Xromoproteinlar o’ziga xos muhim biologik xususiyatlarga ega: fotosintez va hujayralarning nafas olishi jarayonlarida kislorod, karbon(IV)-oksidni tashishda, oksidlanish va qaytarilish reaksiyalarida ishtirok etadilar.
Gemproteinlar
Gemproteinlar gruppasiga gemoglabin va uning unumlari mioglabin, xlorofill tutuvchi oqsillar va fermentlar kiradi. Ularning hamma vakillari prostetik gruppa sifatida to’rtta pirrol halqasidan tashkil topgan temir porfirin strukturasiga, lekin tarkibi va strukturasi farqli oqsil qismga ega.
Gemoglabin.
Oqsil-globin va gem deb ataladigan temirprotoporfindan iborat bo’lgan bu metalloprotein gemoglabin deb atalib, u qizil qon tanachalari- eritrositlar tarkibida bo’ladi. Uning fiziologik funksiyasi kislorodni o’pkadan to’qimalarga tashishdan iborat.
Gemoglobinning tuzilishi.
Gem molekulasi markazida joylashgan ikki valentli temir atomi ikki pirrol halqalarining azot atomlariga asosiy bog’lar bilan, qolgan ikkitasi qo’shimcha bog’lar bilan birlashgan.
Gem va uning hosilalarining xossalari bu birikma tarkibidagi temir atomining elektron xolatiga bog’liq. Gemoglabin tarkibida to’rtta temir atomi ya’ni to’rtta gem bor.