Diskret nasldorlik va Mendel qonunlari[
Punnett kvadratida ikki noʻxat oʻsimligining pushti (B) va oq (b) gʻunchalari geterozigotik bogʻlanganligi koʻrsatilgan.
Organizmlardagi nasldorlikning fundamental birligi „gen“ deb ataluvchi diskret vositalardir. Bu fundamentallikni ilk bor Gregor Mendel kuzatdi; u noʻxat oʻsimligidagi nasldorlikni oʻrganayotgan edi. U oʻz tajribalarida noʻxat gullari doimo yo pushti, yoki oq boʻlishini, va hech qachon aralash rangli boʻlmasligini aniqladi. Genning ushbu farqli shakllari „allellar“ deb ataladi.
Noʻxat gullari bilan bogʻliq vaziyatda har bir organizm har bir gendan ikkitadan allelga ega va bir oʻsimlikka bir ajdoddan bitta allel oʻtgan. Aksar organizmlar, shu jumladan odamlar ham, diploiddirlar, yaʼni bir gendan ikki dona allelga egalar. Bir allelning ikki nusxasiga ega organizmlar „gomozigota“, ikki turli allelga ega organizmlar esa „geterozigota“ deyiladi.
Berilgan organizm uchun mavjud allellar toʻplami „genotip“, oʻsha allellar tufayli paydo boʻluvchi xususiyatlar (masalan, noʻxat gʻunchasi rangi) „fenotip“ deyiladi. Geterozigotik organizmlarda bir allel „dominant“ deb nomlanadi, dominant allel fenotipni belgilaydi; boshqa allel esa „retsessiv“ deyiladi, uning taʼsiri fenotipda kuzatilmaydi. Dominant allelni biror bosh harf bilan, retsessiv allelni esa oʻsha harfning kichigi bilan belgilash qabul qilingan. Baʼzi allellar mutlaq dominant boʻlmay, fenotipga toʻliq taʼsir etmaydi.
Organizmlar nasl qoldirganda, avlod organizmlar ajdodlardan tasodifiy allellarni saqlab qolishadi. Shunday tasodifiy nasldorlik kombinatsiyasi Punnett kvadrati deb ataluvchi sxemada koʻrsatilishi mumkin. Allellar segregatsiyasi orqali kechuvchi diskret nasldorlikning bunday kuzatuv natijalari „Mendel’ning birinchi qonuni“ yoki „Segregatsiya qonuni“ deyiladi.