O’zbekiston Respublikasida Biologik xilma-xillikni saqlash Milliy strategiyasi va harakatlar rejasining tasdiqlanishi bioxilma-xillikni saqlab qolish yo’lidagi ulkan ishlardan biri bo’ldi. Bu strategiyaning asosiy vazifalaridan biri - mamlakat umumiy maydonining 10 % ga yaqin qismini qamrab oladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barqaror tizimini tashkil qilishdan iboratdir.2004 yilning dekabr oyida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to’g’risida"gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Mazkur qonun "Biologik xilma-xillikni saqlash to’g’risida"gi, "Yovvoyi hayvonlarning ko’chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to’g’risida"gi, "Xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan, asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan suv-botqoq hududlar to’g’risida"gi Xalqaro Konvensiyalar yuzasidan olingan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlashga qaratilgan.
O’tgan 2009 yilda Buxoro viloyatining To’dako’l, Xadicha, Zikri suv havzalaridagi qushlarni hisobga olish ishlari bajarildi va natijada qishlaydigan qushlar sonining keskin kamayganligi qayd etildi; Toshkent viloyatida kamyob va ovbop qushlar turlari bo’yicha kadastr tadqiqotlari o’tkazildi; Xisor qo’riqxonasi atrofida umurthali hayvonlarni, "Dalvarzin" ovchilik xo’jaligida qirg’ovullarni hisobga olish ishlari amalga oshirildi, natijada qirg’ovullar sonining ancha ko’paygani ma'lum bo’ldi. Sirdaryo viloyatidagi "Sayxun" xo’jaligida hayvonlarning ovbop turlarini hisobga olish ishlari natijasida: sirdaryo qirg’ovuli - 610-630 bosh; katta tomoq - 450-500 bosh; to’ng’iz - 8-10 bosh; tolay quyoni 40-45 bosh; tulki - 10-15 bosh ekanligi; bo’rsiq - uch-to’rt oilaligi aniqlandi; Farg’ona vodiysi tabiiy o’simliklari va yer usti umurtqalilar faunasini inventarizatsiyadan o’tkazish ishlari bajarildi; global miqyosda yo’qolib ketish xavfidagi qush turi - sterxning O’zbekiston hududidan uchib o’tish yo’lini aniqlash bo’yicha ikkinchi xalqaro ekspeditsiya o’tkazildi."Jayron" ekomarkazida buxoro qo’yini ko’paytirish ishlari amalga oshirilmoqda. hozirgi kunda ekomarkazda bir bosh burama shohli echki, 10 bosh buxoro qo’yi saqlanmoqda, o’tgan yili 3 bosh qo’zi dunyoga keldi.