4. K.Marksning Ijtimoiy formatsiyalar nazariyasi. K.Marksning asosiy ilmiy yutuqlaridan biri shundan iboratki, u ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar, ularni tashkil etuvchi elementlar, formatsiyalarning almashuv sabablari to’g’risida ta’limot yaratdi. U uch yirik (ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani) ijtimoiy taraqqiyot bosqichini ko’rsatib berdi.
1. Arxaik (birlamchi) formatsiya: sinfiy jamiyatgacha bo’lgan jamoa.
2. Iqtisodiy (ikkilamchi) formatsiya: sinfiy jamiyat; xususiy mulkchilikka asoslangan antik, feodal va kapitalistik ishlab chiqarish usuli.
3. Kommunistik formatsiya: kishining kishi tomonidan zulm va ekspluatatsiya qilinishi muammosini hal qiluvchi sinfsiz jamiyat.
K.Marks ta’limotiga ko’ra, bir formatsiyadan ikkinchisiga o’tish ijtimoiy inqilob orqali amalga oshadi, ya’ni «kapitalizm qobig’i portlaydi», eski ishlab chiqarish munosabatlari yemirilib, ijtimoiy tizimning yangi iqtisodiy bazisi shakllanadi.
Agar industrial jamiyatning dastlabki bosqichlarida kapitalistik munosabatlar iqtisodiy o’sishni rag’batlantirsa, keyinchalik bu munosabatlar iqtisodiy o’sishning «kishaniga» aylanadi, zamon talabiga javob bera olmaydi. Uning nazariyasiga ko’ra kapitalizm halokatga yuz tutadi. Chunki u o’zining ichki ziddiyatlarini yechishga qodir emas.
Uningcha, kapitalizm o’rniga dolzarb muammolarni yecha oladigan, sanoat sivilizatsiyasi yutuqlaridan unumli foydalanish imkonini beradigan yangi, ancha takomillashgan jamiyat kelishi kerak. K.Marks ortiqcha ishlab chiqarish, ishsizlik va kambag’allikni stixiyali bozor iqtisodiyotining muqarrar hamrohi hisoblangan bo’lsa, kelajakda bo’ladigan ancha takomillashgan iqtisodiyot esa, ijtimoiylik asosida tashkil etilgan bo’lishi, yagona reja bo’yicha ishlashi kerak. Uning tasdiqlashicha, bunday jamiyatda «oldindan ongli tarzda tuzilgan reja bo’yicha ijtimoiy ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun imkon tug’iladi».
Shu narsani qayd qilib o’tish kerakki, kapitalizmning muqarrar halokati to’g’risidagi K.Marks dalillarida asosiy narsa jamiyatdagi sinflar o’rtasida daromadlar taqsimotining bozor tamoyili buzilganligida emas, balki bu tizimning to’la ish bilan bandlikni ta’minlay olmasligi, mustamlakadagi ekspluatatsiyaga va urishlarga bo’lgan moyilligi hisoblanadi. U, sotsializm va kommunizmni ijtimoiy jihatdan ideal hisobladi, ularni noantagonistik kommunistik jamiyatning fazalari deb atadi. K.Marks nazariyasiga binoan, kommunizm – ishlab chiqarish vositalari bir butun umumxalq mulki hisoblangan, jamiyatning barcha a’zolari ijtimoiy jihatdan batamom teng bo’lgan sinfsiz tuzum.
Ammo K.Marksning sinfsiz jamiyat ideallari tantanasiga bo’lgan qat’iy ishonchi, eng avvalo, klassik iqtisodiy maktabning sinflar nazariyasiga asoslanadi. U o’zini klassiklarning davomchisi hisoblagan holda, haqiqatan ham, iqtisodiy o’sish muammosi bilan, xususan, farovonlikning va daromadlarning o’sishi hamda daromadlarning mehnat, kapital va yer egalari o’rtasida, ya’ni sinflar o’rtasida taqsimlanish muammosi bilan shug’ullandi. Lekin uning sinflar nazariyasidagi markaziy g’oya sinfiy kurash hisoblanadi. «Hozirga qadar o’tgan hamma jamiyatlar tarixi, – deb yozadi K.Marks, – sinflar kurashi tarixidir. Hur va qul, patritsiy va plebey, pomeshchik va krepostnoy, usta va xalfa, qisqasi, zolim va mazlum o’rtasida doim antagonizm bo’lib keldi; ular har doim goh yashirin, goh ochiq bir-biriga qarshi kurash olib bordi. Bu kurash har safar butun jamiyatni inqilob asosda boshqatdan qurish bilan yoxud kurashuvchi sinflarning umumiy halokati bilan tugadi». Markscha, o’zining kuchayib borayotgan ziddiyatlari bilan kapitalistik jamiyat ham istisno hisoblanmaydi: turmush darajasi muttasil pasayib borayotgan sanoat ishchilari sinfi kapitalizm «go’rkoviga» aylanib boradi. K.Marksning bashorati to’g’ri chiqmaganligini hayotning o’zi ko’rsatdi. Kapitalizm yangi real hayotga moslasha bildi va ancha yuqori iqtisodiy o’sishni ta’minlay oldi.
Umumiy xulosa qilib shuni aytish mumkinki, J.S.Mill va K.Marks ijodi U.Pettidan boshlangan klassik iqtisodiy maktabning yakunlanganligini bildiradi. Mazkur maktabning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
Inson faqat o’z foydasiga, o’z ahvolini yaxshilashga intiluvchi kishi sifatida ko’riladi.
Iqtisodiy bitimda ishtirok etuvchi barcha tomonlar qonun oldida ham, shuningdek, uzoqni ko’zlab ish yuritishda ham erkin va barobar.
Har bir iqtisodiy sub’ekt har qanday bozordagi baho, foyda, ish haqi va renta to’g’risida to’liq ma’lumotga ega.
Bozor resurslarning to’la harakatini ta’minlaydi: mehnat va kapital bir zumda kerakli joyga oqib o’tishi mumkin.
Ish haqi bo’yicha ishchilar sonining elastikligi birdan kam emas. Boshqacha qilib aytganda, ish haqining har qanday oshishi ishchi kuchi sonining ko’payishiga olib keladi, ish haqining har qanday kamayishi esa, ishchi kuchi sonining kamayishiga olib keladi.
Kapitalistning birdan bir maqsadi kapitaldan keladigan foydani maksimallashtirish hisoblanadi.
Mehnat bozorida pulli ish haqi mutlaq moslashuvchan bo’ladi (uning miqdori faqat talab va taklif nisbati bilan aniqlanadi).
Boylikni ko’paytirishning asosiy omili kapital jamg’arilishi hisoblanadi.
Raqobat takomillashgan bo’lishi, iqtisodiyot esa davlatning haddan tashqari aralashuvidan erkin bo’lmog’i kerak. Bunday sharoitda «ko’rinmas qo’l» resurslarning optimal taqsimlanishini ta’minlaydi.
Kapitalizm o’rniga dolzarb muammolarni yechib berishga, sanoat sivilizatsiyasi yutuqlarini eng yaxshi shaklda realizatsiya qilishga imon beruvchi jamiyat keladi.
Muhokama uchun savollar: “Qiyosiy ustunlik” nazariyasining mohiyati nima?
K.Marksning bazis va ustqurma konsepsiyalarini qanday tushunasiz?
K.Marks “qiymat”, “qo’shimcha qiymat” kategoriyalarini qanday talqin etadi?
K.Marks bo’yicha qo’shimcha qiymat ishlab chiqarish mexanizmini ko’rsatib bering?