Adabiyot Asosiy adabiyot A Razzokov, Sh.Toshmatov, N.O’rmonov. Iqtisodiy ta’limotlar tarixi. Darslik. T., Moliya 2002. (9-10-11- boblar)
Iqtisodiy ta’limotlar tarixi. T.TMI, 2003
Qo’shimcha adabiyot G’useynov, G’orbacheva. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. M., 2000
Mayburd E.M. Vvedenie v istoriyu ekonomicheskoy mыsli. M., 1996
Yadg’arov Ya.S. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. Uchebnik dlya vuzov. M., 2009
Kvasova A.S. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. Uchebnik dlya vuzov. M., 2002
Bartenev S.A. Istoriya ekonomicheskix ucheniy v voprosax i otvetax. Uchebno-metodicheskoe posobie. M., 2002
REJA 1.K.Marks iqtisodiy ta’limotining umumiy tavsifi 2.Marksning Qiymat nazariyasi.
3.K.Marks: Renta nazariyasi.
4.K.Marksning Ijtimoiy formatsiyalar nazariyasi.
K.Marks iqtisodiy ta’limotining umumiy tavsifi
Karl Marks klassik siyosiy iqtisodni yakunlovchilardan biri sifatida iqtisodiy ta’limotlar tarixida yorqin iz qoldirdi. U 1818 yil 5 mayda Germaniyaning Trir shahrida tug’ilgan. Uning otasi advokat, yahudiy bo’lib, 1824 yilda protestantlikni qabul qilgan. Oilasi davlatmand, madaniy oila bo’lgan. K.Marks Trir shahrida gimnaziyani tamomlagandan so’ng, dastlab Bonndagi, so’ngra Berlindagi universitetga kirdi, yuridik fanlarni, tarix va falsafani o’rgandi. 1841 yilda Epikur falsafasi to’g’risida universitet dissertatsiyasini topshirib, kursni bitirdi.
1842 yili K.Marks Bonnga ko’chib keldi va shu yilning oktyabrida «Reyn gazetasi»ning bosh muxarriri bo’ldi va Bonndan Kyolnga ko’chib o’tdi. 1843 yili birdaniga bir qancha voqea sodir bo’ldi: u muharrirlik qilgan gazeta yopildi, nemis baronining qizi Jenni Fon Vestfalenga uylandi, Parijga ko’chib o’tdi.
Keyingi ikki yil (1844–1845) K.Marks uchun iqtisodiy nazariyani, falsafani chuqur o’rganishning boshlanish davri bo’ldi. U G.Geyne, P.Prudon, M.Bakuninlar bilan tanishdi, F.Engels bilan do’stlashdi.
K.Marks 1845–1848 yillari Bryusselda bo’ldi. O’sha yillari F.Engels bilan hamkorlikni davom ettirgan holda, «Nemis idealogiyasi» va «Kommunistik partiya Manifesti»ni yozdi. U 1848 yili Germaniyaga Kyoln shahriga keldi va «Yangi Reyn gazetasi»ga rahbarlik qildi. U o’zining gazetasida 1849 yili «Yollanma mehnat va kapital» asarini chop etdi. Shundan so’ng Germaniyadan surgun qilindi va boshqa bu yerga qaytib kelmadi. K.Marks avval Parijga keldi, u yerda bir oz vaqt turgandan keyin Londonga borib, umrining oxirigacha (1850-1883) shu yerda yashadi. Aynan Londonda yashagan davrlarda K.Marks o’zining ko’p sonli asarlarini, jumladan, hayotining mazmunini tashkil etgan “Kapital”ni yozdi. K.Marksning iqtisodiy konsepsiyalari asosan uning ushbu mashhur asarida berilgan. Uning bu asari to’rt tomdan iborat bo’lib, birinchi tom 1867 yili nashr etildi, ikkinchi va uchinchi tomlar K.Marks o’limidan keyin F.Engels tomonidan (ikkinchi tom 1885 yil, uchinchi tom 1894 yil) chop etildi. To’rtinchi tom tugallanmasdan qolib ketdi. Unda K.Marks siyosiy iqtisod tarixini ko’rib chiqmoqchi bo’lgan. Kapital ishlab chiqarish jarayoni «Kapital»ning birinchi tomining mazmunini tashkil etadi. Ikkinchi tomda kapitalning muomala jarayoni tadqiqot etiladi. Uchinchi tomda yaxlit olingan kapitalistik ishlab chiqarish jarayoniga tavsif beriladi. To’rtinchi tom («Qo’shimcha qiymat nazariyasi») iqtisodiy ta’limotlar tarixiga bag’ishlangan.
K.Marks «Kapital»ga yozgan so’zboshida: «Asarimning tub maqsadi hozirgi zamon jamiyati, ya’ni kapitalistik jamiyati harakatining iqtisodiy qonunini ochib berishdir», – deydi. Ushbu tarixiy jihatdan muayyan jamiyatning ishlab chiqarish munosabatlarini va bu munosabatlarning paydo bo’lishini, taraqqiy qilishini va tanazzulga yuz tutishini ko’rsatib berish K.Marks iqtisodiy ta’limotining mazmunidir. Kapitalistik jamiyatda tovar ishlab chiqarish umumiy tus olgan, shu sababli K.Marksning tadqiqoti ham tovarni tahlil qilishdan boshlanadi.