GMO zararli emas! Men ilm-fan olamining vakili sifatida faqatgina ilmiy asoslangan faktlargagina ishonaman. Chunki ilm-fan tajribada isbotlab berilgan dalillargina asoslanadi. Boshqalarga ham mana shunday ishonchli manbalardagi dalillar asosida xulosa qilishni tavsiya qilaman.
Ko‘pchilik bilan GMO haqida gaplashganimda shu narsaga amin bo‘lamanki, aksariyat odamlar GMO mahsulotlari odamning genini o‘zgartirishiga, uni yegandan so‘ng qandaydir kasalliklar yuzaga kelishi mumkinligiga, nasliy anomaliyalar yuzaga kelishiga ishonadilar.
Bu qanchalik haqiqat? Birinchidan, GMO sizning geningizni o‘zgartirish xususiyatiga ega emas, buni genetikaning fundamental qonuniyatlarini bilgan har qanday odam tasdiqlashi mumkin. Bu narsa tajribada isbotlangan. Biz iste’mol qiladigan har bir o‘simlik va hayvon tarkibida u tabiiy bo‘ladimi, GMO bo‘ladimi albatta DNK bo‘ladi. Odam odatda ovqat yeganda o‘zi iste’mol qilgan o‘simlik va hayvon mahsulotlari asosida 0,1-1 g. gacha DNK iste’mol qiladi. Ularning 95 foizi hazm yo‘lida ichakka borguncha alohida nukleotidlargacha parchalanib ketadi. Qolgan 5 foiz DNK o‘rtacha 100-400 nukleotiddan iborat bo‘lib, ichakkacha yetib boradi. Ko‘pchilik mana shu DNK bo‘laklari odam DNK siga transformatsiya bo‘lish ehtimoli mavjudligini aytadi. Xuddi mana shu ehtimollikni olimlar jo‘ja va buzoqlarda tajribada sinab ko‘rganlar. Natijada ovqat tarkibidagi DNK bo‘laklari ichak devoridan qon tomirlariga o‘ta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalarda ham ayni natijaga erishilgan.
Tajribalarning birortasida GMO mahsulot tarkibidagi DNK bo‘laklari nasldan-naslga o‘tishi kuzatilmagan, ya’ni GMO hech qanaqasiga sizning va avlodlaringizning geningizni o‘zgartirib qo‘ymaydi.
GMO mahsulotlari sizning dasturxoningizga yetib borguncha yuzlab tajribalardan, tekshiruvlardan o‘tadi. Ular xavfsiz, iste’mol qilsa bo‘ladi deyilgandan so‘nggina sotishga ruxsat beriladi. 2013-yilgi ma’lumotga ko‘ra, 36 mamlakatda doimiy ravishda 2833 navdagi turli GMO o‘simliklar yetishtiriladi. Shulardan 1321 xili bevosita odamlar oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun qo‘llanilsa, 918 xilidan qoramollar uchun ozuqa tayyorlanadi.
Agar siz dunyodagi eng nufuzli ilmiy mukofot Nobel mukofoti ekanligiga ishonsangiz, quyidagi ma’lumot sizni befarq qoldirmasa kerak. 2016-yilda mutaxassisligi tibbiyot, fiziologiya, biologiya, kimyo bo‘lgan 131 nafar Nobel mukofoti sohiblari BMT va Grinpis (Xalqaro mustaqil nohukumat ekologiya tashkiloti)ga GMO ga qarshi kurashni to‘xtatish borasidagi xatga imzo chekishdi. Chunki bu olimlar GMO mahsulotlari ayni vaqtda insoniyat uchun naqadar zarur ekanligini o‘z tajribalari davomida isbotlaganlar, ko‘rganlar, bilganlar.
Hozirgacha olimlar tomonidan chop etilgan 1783 ta ilmiy tadqiqot natijalarida GMO mahsulotlarining odam hayoti va salomatligi uchun xavf tug‘dirish ehtimoli mavjud emasligi haqida aytiladi. Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) qayd etishicha, genetik modifikatsiyalangan oziq-ovqat mahsulotlari «odam salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi».