GMO ning qanday zararlari mavjud? GMO mahsulotlaridan, ayniqsa transgen soya bilan yuzaga keladigan ko‘ngilsiz holatlardan biri bu kishilardagi, ayniqsa, yosh bolalardagi allergiya kasalligidir. Olimlar soyaning chidamli va mahsuldor bo‘lishi uchun uning geniga brazil yong‘og‘ining genini ko‘chirib o‘tkazishgan. Natijada soya tarkibida ana shu yong‘oq oqsili sintezlanadi. Agar odamda avvaldan brazil yong‘og‘iga nisbatan allergiya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bu holat endi soya yoki soya qo‘shilgan boshqa mahsulotlar iste’mol qilinganda ham kuzatiladi. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida GMO qo‘shimchalardan foydalanganlik haqida ko‘rsatish deyarli barcha davlatlar tomonidan majburiy qilib belgilangan.
Xulosa GMO bu genetik modifikatsiyalangan organizm: bakteriya, o‘simlik yoki hayvon bo‘lib, ularni yaratishdan maqsad avvalo insoniyatning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, zarur dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishdan iborat. Ayni vaqtda butun dunyo GMO borasida ikki guruhga bo‘linib olgan, ularning biri uning beziyon ekanligini isbotlashga urinsa, ikkinchi guruh uning zararli ekanligini ta’kidlaydi. Men yuqoridagi kichik tahliliy maqolada GMO ning ziyon emasligi, bunday organizmlar insoniyatga faqat foyda keltirishi haqida so‘z yuritdim. Biologiya va genetika sohasida bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis sifatida quyidagi tavsiyalarimni bermoqchiman:
Do‘kondan sotib olayotgan mahsulotingiz yorlig‘idagi «bez GMO» so‘zlariga unchalik e’tibor bermang, chunki bu marketing hiylalaridan biri — mahsulot tarkibidagi GMO miqdorini ko‘rsatuvchi alohida sertifikatsiyadan o‘tmaguncha bunaqa oddiy yorliqlar hech narsani anglatmaydi. Bizda esa hozircha bunday sertifikat berish yo‘lga qo‘yilmagan.
GMO haqida OAV da duch kelgan axborotga ishonib ketavermang. Men yuqoridagi maqolada aksariyat ma’lumotlarning asl manbalariga havola qoldirib ketdim. Agar OAV da GMO haqida ijobiy yoki salbiy fikr bildirilar ekan, albatta u yerda asl manbaga havola bor yoki yo‘qligiga e’tibor bering. Havola oddiy axborot sayti bo‘lmasligi lozim, u yo ilmiy manbaga yoki rasmiy tashkilot saytiga havola qilingan bo‘lishi kerak.
GMO mahsulotlaridan foydalanish tanlovini siz uchun hech kim amalga oshirmasligini yodda tuting. Men yoki boshqa birov GMO haqida ijobiy yoki salbiy fikr bildirishidan qat’i nazar o‘zingiz mustaqil qaror qabul qilishingiz lozimligini unutmang. Bundan avval esa rasmiy ilmiy manbalarga quloq solish foydadan xoli bo‘lmaydi.
GMO to‘g‘risidagi yakuniy xulosam shundan iboratki, transgen organizmlar insoniyatni halokatga yetaklovchi yo‘l emas, u insoniyat og‘irini yengil qilish uchun dunyoning minglab olimlari tomonidan uzoq yillar davomida tinimsiz mehnatlar natijasida yuzaga kelgan ilmiy kashfiyotdir. Uning naqadar foydali yoki zararli ekanligini eng odil hakam vaqtning o‘zi ko‘rsatib beradi.