13.13-chizma. Korxonada boshqaruv samaradorligining turlari
Boshqaruv samaradorligi boshqaruvning o’ziga emas, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi zarur. Bu holat boshqaruv va ishlab chiqarishni bir-biridan ajratib bo’lmasligi, biroq bu yaxlitlikda ishlab chiqarish ustuvor hisoblanishi lozimligi bilan izohlanadi.
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyotiga o’tish faqat ishlab chiqarishni emas balki korxona faoliyatining boshqa jihatlari, xususan, bozorlarni o’rganish, xodimlar va moliyani boshqarish kabilarning samaradorligini oshirishni ham talab etadi. Shu sababli, boshqaruv samaradorligi deganda, pirovard natijada ob’ektni yaxlit tizim sifatida oqilona faoliyat ko’rsatishi va uning rivojlanishini ta’minlaydigan boshqarishni tushunish zarur.
Korxona boshqaruvi samaradorligani ta’minlashda uning uslubiy jihatdan mezon va ko’rsatkichlari aniqlanishi alohida ahamiyatga ega. Bu ko’rsatkichlarni aniqlash uchun boshqaruv tizimi samaradorligining tahlilini o’tkazish lozim. Chunki o’tkaziladigan tahlil qanchalik chuqur va sifatli bo’lsa, boshqaruv samaradorligining ob’ektiv baholanishiga shunchalik ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Mazkur tahlil jarayonida aniqlangan mezon va ko’rsatkichlardan foydalanib boshqaruv samaradorligiga baho beriladi. Quyidagi chizmada boshqaruv tizimi samaradorligini tahlil qilish modeli keltirilgan (13.14-chizma).
Chizmadan ko’rinib turibdiki, tahlil modeli shartli ravishda uchta blokka bo’lingan:
I-blok – korxonaning ta’minot tahlili (kadrlar, moddiy, texnik, axbopot va h.k.);
II-blok – boshqaruvning tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv jarayonlari tahlili;
III-blok – ishlab chiqarish bo’linmalari va hisob tizimi holati tahlili.
Ushbu tahlil bloklari o’rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash boshqaruv tizimi samaradorligi tahlilini sifatli va ishonchli o’tkazishni ta’minlaydi.
Shuni ta’kidlash zarurki, muayyan ob’ektning boshqaruv samaradorligiga baho berayotganda uning o’ziga xos xususiyatlari inobatga olinishi zarur. Masalan, qishloq xo’jaligi tarmog’iga tegishli xo’jalik yurituvchi subektlarda ishlab chiqarishning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
– sub’ektlarning strategik ahamiyatga molik ekanligi;
– ishlab chiqarishda qishloq xo’jaligi va sanoat tarmog’i xususiyatlarining uyg’unlashganligi. Jumladan, sanoat ishlab chiqarishida mahsulot tannarxining asosiy qismini xomashyo tashkil etadi, ya’ni, bunda material sig’imi yuqori;
– qishloq xo’jalik korxonalari ishlab chiqarishiga tabiiy iqlim omillarining bevosita ta’sir etishi.