Guliston davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-fayllar.org (2)
Maxsus tamoyillar. Pedagogik korreksion faoliyatda korreksion, profilaktik va rivojlantiruvchi vazifalarning birligi va o‘zaro bog‘liqligi tamoyili. Bu tamoyil o‘quvchi xulqi va xarakterida turli fazilat va sifatlarning xilma-xil shakllanganligi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini aks ettiradi. Shaxs sifatlarining turli darajada shakllanganligi barcha o‘quvchilarning, ularning bir xil yoshda va ijtimoiy sharoitda rivojlanganliklaridan qat’iy nazar, shakllanganlik darajalarining bir-biridan farq qilishidan darak beradi. O‘quvchi shaxsidagi bir sifatning o‘zgarishi uning barcha qo‘lgan sifatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Korreksion faoliyat tashkil qilishda uning rivojlanish jihatlari, tafakkuri va faoliyati o‘zaro bog‘liq ekanligini nazarda tutish kerak. Shuning uchun, pedagogik korreksion faoliyatni tashkil qilishda, uning maqsad va vazifalarini belgilashda o‘quvchi xulqidagi о g‘ishishni bir zumlik mashg‘ulotda bartaraf qilishni emas, balki asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirishdan kelib chiqishiga intilish kerak.
O‘z vaqtida qabul qilingan profilaktik chora-tadbirlar shaxs rivojlanishi jarayonida uning xulq-atvorida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olib, kelajakda keng ko‘lamda korreksion tadbirlarni amalga oshirishga imkon beradi. Bundan tashqari, har qanday tarbiyaviy-korreksion tadbir o‘quvchi xulqidagi me’yordan о g‘ishishlarning oldini olish va ularni tuzatish bilan birga, uning komil inson bo‘lib shakllanishiga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini hayotda to‘liq namoyon qilishiga sharoit yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Diagnostika va korreksiyaning birligi tamoyili pedagogik jarayonning yaxlitligini ta’minlaydi. Tarbiyaviy ta’sir obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lmasdan turib to‘laqonli korreksion faoliyatni olib borish va ijobiy natijaga erishish mumkin emas. O‘quvchi shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar - o‘ziga xos xususiyatlari, boshqalar (o‘rtoqlari, kattalar, oila a’zolari va hokazo) bilan o‘zaro munosabatlari, uning xulqidagi me’yordan og‘ishishning tabiati hamda kelib chiqish sabablari va shu kabilarga ega bo‘lmasdan turib tarbiyaviy-korreksion faoliyatning shakl va metodlarini tanlash, korreksion tadbirlarni rejalashtirish va tashkil qilish nihoyatda qiyindir.
Korreksion faoliyatning barcha bosqichlarida - diagnostika qilishdan muammolarni tahlil qilinguniga qadar, bevosita korreksiya qilishdan yakuniy bosqichga qadar ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning barchasi hisobga olinishi zarur.
Pedagogik korreksiya jarayonida o‘quvchining individual va yosh xususiyatlarini hisobga olish tamoyili shaxsda zarur fazilatlarni shakllantirishda uning individual hamda yosh jihatlarini hisobga olgan holda, pedagogik va psixologik diagnostika metodlaridan foydalanib amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu tamoyilga rioya qilish o‘tkazilayotgan tarbiyaviy ta’sir va tadbirlarning o‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilganlik shartining bajarilishini ta’minlaydi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu tamoyil pedagogik korreksiyaning shaxsga yo‘naltirilganligini ta’minlashdagi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Pedagogik korreksiyada o‘quvchi faolligini tashkil qilish tamoyili. Ushbu tamoyil korreksion tadbirlarni amalga oshirish yo‘llarini hamda belgilangan maqsadlarga erishish usullarini belgilaydi. Korreksiya jarayonida belgilangan maqsadga erishishdagi asosiy omil bo‘lib o‘ quvchining faol ishtirokini tashkil qilish, uning murakkab vaziyatlarni tushunishi va muammoning mohiyatini anglashi uchun sharoit yaratish, unda ijtimoiy jihatdan samarali bo‘lgan xulq-atvor algoritmini shakllantirish muhim o‘rin egallaydi.
O‘quvchi faolligini tashkil qilish tamoyili pedagogik korreksiya jarayonini tashkil qilishning metodologik tamoyili hisoblanadi. Shuning uchun ham korreksiya jarayonini rejalashtirish va tashkil qilishda maqsad va vazifalarga muvofiq bo‘lgan faoliyat modelini tanlash zarur. Tanlangan faoliyat modelining mazmuni, shakl va metodlarining murakkablik darajasi o‘quvchidan faollikni talab qilishi hamda unda ijobiy sifatlarni, ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllanishiga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Pedagogik korreksiyaning metod va usullarini majmuaviy qo‘llash tamoyili. Ma’lumki, pedagogika fanida ham, psixologiya fanida ham shaxsga ta’sir qilib tanlagan yo‘lini, xulq-atvorini, qadriyatlarini o‘zgartira oladigan universal usullar mavjud emas. Shuning uchun, pedagogik korreksiyada shaxsning individual-psixologik xususiyatlarini hamda ijtimoiy holatini, pedagogik jarayonning moddiy-texnik hamda o‘quv-metodik ta’minlanganligini, pedagoglarni bu ishni uyushtirish va o‘tkazishga tayyorlik darajalarini hisobga olish imkoniga ega bo‘lgan shakl, metodik va vositalar majmuasi zarur bo‘ladi. Ushbu metod va usullardan muhim bir mantiqqa asoslangan holda, muayyan bir ketma- ketlikda o‘quvchining emotsional-hissiy sohasiga ehtiyotkorlik bilan ta’sir o‘tkazilib, uni individual yoki guruhli faoliyatga jalb qilishda foydalanish zarur bo‘ladi.
Yaqin ijtimoiy muhit orqali ta’sir qilish tamoyili. Shaxs ijtimoiy muhitsiz rivojlana olmaydi, chunki u - ijtimoiy muhitning faol bo‘lagi, yaxlit ijtimoiy munosabatlarning tarkibiy qismi. O‘quvchi xulqidagi og‘ishish - uning shaxsiga ota-onasining, do‘stlarining, tengdoshlarining, ta’lim muassasasining pedagog va o‘quvchilarining ta’siri (yoki qaysi biriningdir ta’sir qilmaganligi) natijasidir. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, o‘quvchi xulqidagi murakkab vaziyatlarning kelib chiqishi - uning yaqin ijtimoiy muhit bilan o‘zaro munosabati va shaxslararo muloqotining oqibati hisoblanadi. Bundan tarbiyaviy- korreksion ishni o‘quvchining ota-onasi yoki unga yaqin bo‘lgan boshqa kishilar bilan hamkorlik qilmasdan, do‘stlari yoki tengdoshlari bilan tnavjud bo‘lgan munosabatlariga tayanmasdan amalga oshirilar ekan, ushbu tadbirlarning muvafaqqiyatga erishishi mushkul vazifaligicha qo‘laveradi.
Shunday qilib, ta’lim muassasasida pedagogik korreksiyaning umumpedagogik va maxsus tamoyillarga asoslanib tashkil qilinsa, o‘quvchining xulq-atvoridagi mavjud оg‘ishishlarni tuzatish, unda ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, barkamol inson bo‘lib shakllanishiga yordam berish mumkin.