Guliston davlat universiteti



Yüklə 1,09 Mb.
səhifə108/177
tarix26.02.2022
ölçüsü1,09 Mb.
#53145
növüУчебно-методический комплекс
1   ...   104   105   106   107   108   109   110   111   ...   177
O ’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi

Odamlarni garovga olish bilan bog‘liq jinoyatlarning keskin o‘sishi munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yilning 17 dekabrida maxsus konvensiya qabul qilingan edi. Unda, odamlarni garovga olish xalqaro jinoyat sifatida qayd etilgan. Mazkur konvensiyadan tashqari davlatlarning odamlarni garovga olishga qarshi kurash bo‘yicha hamkorligi qator mintaqaviy bitimlar orqali ham tartibga solinadi. Xususan, bunday mintaqaviy kelishuv xorijlik diplomatlar va ularning oila a’zolari garovga olinishidan birinchilardan bo‘lib jabr ko‘rgan Amerika qit’asi davlatlari tomonidan qabul qilindi. Amerika davlatlari tashkilotlari (ADT) Doimiy qo‘mitasi tovon olish maqsadida odam o‘g‘irlashni qoralovchi rezolyusiya qabul qildi va bunday xatti-harakatlarni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholadi.

SHuningdek, 1971 yilda Vashingtonda ADTning Bosh Assambleyasi tomonidan konvensiya qabul qilinganini ham ta’kidlash zarur. Unda odam o‘g‘irlash, o‘ldirish, tovon talab qilish va xalqaro muhofazada bo‘lgan shaxslarga qarshi kuch ishlatishga qarshi qaratilgan qonunchilik me’yorlarini unifikatsiyalash nazarda tutilgan. Qanday maqsadda sodir etilganidan qat’i nazar, qayd etilgan jinoyatlar xalqaro ahamiyatga ega jinoyat sifatida ko‘riladi.

Odamlarni garovga olishga qarshi kurash yuzasidan muayyan kelishuvlarga erishish Evropa Kengashi doirasida ham muhokama qilingan edi. 1973 yilda uning Maslahat Assambleyasi o‘zining 703-sonli tavsiyanomasida davlatlarga odamlarni garovga olish yoki hayotlariga xavf tug‘dirishni og‘ir jinoyatlar qatoriga kiritishni taklif qildi. Evropa Kengashida uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng 1977 yilda Strasburgda «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiya imzolandi. Unda boshqa hodisalar qatorida odamlarni har qanday shaklda garovga olish, o‘g‘irlash yoki noqonuniy ravishda erkini cheklash ham xalqaro terrorchilik xuruji sifatida ta’riflangan.

Garovga olganlik uchun jinoiy javobgarlik yuqorida qayd etilgan xalqaro terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatlar hamda Urush paytida aholini himoya qilish bo‘yicha 1949 yilda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasi va 1977 yilda imzolangan, uni to‘ldiruvchi Qo‘shimcha protokollarda ham nazarda tutilgan.

1979 yildagi Konvensiyaning 1-bandiga binoan garovda ushlash deganda – odamni zo‘rlik bilan qo‘lga olish, ushlab turish orqali uni noqonuniy ravishda erkinligidan mahrum etish yo‘li bilan uchinchi taraf (davlat, boshqa shaxs yoki tashkilotlar)ni muayyan harakatlarni majburan amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik evaziga ozodlikka chiqarish tushuniladi.

Garovga olish ob’ekti sifatida nafaqat xalqaro muhofazada bo‘lgan shaxslar, balki jinoyatchini ozod qilish maqsadida qo‘lga olingan jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyati vakillari, tovon olish niyatini ko‘zlab garovga olingan yirik sanoatchilar va tijoratchilar, ularning oila a’zolari ham chiqishi mumkin.

Garovga olishdan ko‘pincha davlat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosatdan qasd olish vositasi sifatida ham foydalaniladi. Masalan, 1980 yillarda aqidaparastlar Isroilning YAqin SHarqdagi siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi AQSH va boshqa davlatlardan qasd olish maqsadida Bayrut va boshqa shaharlarda bir qator shaxslarni o‘g‘irlab ketib, ularning ko‘pchiligini bir necha yil tutqunlikda saqlab keldilar.

Jinoyatchilar tomonidan garovga olingan kishilar ushlab turilgan hududdagi davlat ularning ahvolini engillashtirish, xususan, ozodlikka chiqarish va ozod etilganidan keyin o‘z yurtiga etib olishini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.

Konvensiyaning 5-moddasida universal yurisdiksiya tamoyili mustahkamlab qo‘yilgan. Garovga olish:

a) davlat uning hududida yoki uning hududida ro‘yxatga olingan suv transporti bortida sodir etilganda;

b) davlat fuqarosiga nisbatan amalga oshirilganda;

v) davlatni qandaydir harakatlarni amalga oshirish yoki oshirmaslikka majburlaganda;

g) garovga olingan odam shu davlat fuqarosi va gumon qilingan jinoyatchi ham shu hududda bo‘lganda davlat o‘zining yurisdiksiyasini amalga oshiradi.

Siyosiy qarashlari, irqiy, diniy mansubligi uchun ta’qib qilish va jazolashga urinish alomatlari bo‘lganda jinoyatchini da’vogar davlatga berish man etiladi.

Garovga olish to‘g‘risidagi xalqaro huquqiy me’yorlarning milliy qonunchiligimizda aks etishi O‘zbekiston Respublikasi hududida bunday jinoyatlarga qarshi kurashga qo‘shilgan muhim hissa hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 245-moddasida, biror bir shaxsni garovga olish shunday ta’riflanadi:

«Garov sifatida tutqunlikka olingan shaxsni ozod qilish sharti bilan davlat, xalqaro tashkilot, jismoniy yoki yuridik shaxsdan biron-bir harakat sodir etish yoki biron-bir harakat sodir etishdan o‘zini tiyib turishni talab qilish maqsadida shaxsni garov tariqasida tutqunlikka olish yoki tutqunlikda ushlab turish, ushbu Kodeksning 155, 165-moddalarida nazarda tutilgan alomatlar bo‘lmasa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) voyaga etmagan shaxsga nisbatan; b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa; v) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».

Biroq yuqoridagi kabi jinoyatlarni xalqaro ahamiyatga molik shunga o‘xshash jinoyatlardan farqlash kerak. Garovga olish: a) jinoyatchilar va ularning qurbonlari bir yoki turli davlatning fuqarolari bo‘lib, jinoyat ushbu davlatlardan tashqarida amalga oshirilganda; b) xalqaro muhofazada bo‘lgan kishilar garovga olinganda; v) jinoyat bir davlatda tayyorlanib, boshqa davlat hududida amalga oshirilganda; g) jinoyatchilar boshqa davlatda boshpana topgan va ularni berish masalasi ko‘ndalang bo‘lgan paytlarda xalqaro jinoyat sifatida ko‘riladi. Bu shartlar, hech istisnosiz xalqaro terrorchilik xurujlarining barchasiga tegishlidir.


Yüklə 1,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   104   105   106   107   108   109   110   111   ...   177




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin