Ilmiy-tadqiqotning metodologik ta’minoti va refleksiya darajasi
Fan metodologiyasida metodologik vositalarning g‘oyat katta “zahirasi” ishlab chiqilgan. Ularni tizimlashtirish muammosi mavjud. Tadqiqotchi tomonidan tadqiqot maqsadi va masalalariga ayni metodologik vositani mustaqil tanlay olish undagi metodologik ta’minot va metodologik refleksiya darajasi, shakli, turi, manbalari to‘g‘risida bilimlariga bog‘liq. Metodologiyaning turlari va darajalari to‘g‘risidagi asosiy fikr ilk bor V.A.Lektorskiy va V.S.Shvirev tomonidan shakllantirilgan, keyinchalik E.G.Yudin tomonidan yanada to‘ldirilgan. Ular metodologik bilimning quyidagi darajalarni ajratib ko‘rsatishadi: falsafiy, umumilmiy va xususiy. Bizningcha, ijtimoiy-gumanitar bilim sohasi uchun xos bo‘lgan antropologik, aksiologik, fenomenologik, germenevtik metodologik yondashuvlarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy-gumanitar fanlar metodologiyasi darajasini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur yondashuvlar (falsafiy konsepsiyalar, umumilmiy yondashuvlar singari) konkret ilmiy tadqiqotning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda aniqlashtiriladi. Metodologiyaning falsafiy darajasini falsafiy kategoriyalar, konsepsiyalar, yondashuvlar tashkil etadi: dialektik materializm, ekzistensializm, falsafiy antropologiya, pragmatizm, postmodernizm, global evolyusionizm va boshqalar. Ilmiy tadqiqotlarning asosi sifatida falsafiy konsepsiyalar, yondashuvlar quyidagi vazifalarni bajaradi: ontologik (falsafiy kategoriyalarda o‘z aksini topgan reallikning yangi modeli), evristik (obyektlarning yangi turi, obyektlar mohiyatining yangi “anglash doirasi”ni belgilovchi yangi kategorial matritsa, reallikni “his etish usuli”, aniq-ilmiy fanlar kategorial apparatining rivojlanish darajasi, tadqiqotning yangi strategiyalari), epistemologik (ilmiy anglash, uning sifat mezonlari (asoslanganlik, ishonchlilik)ning mohiyatini anglash tadqiqotning evristik strategiyalarini shakllantiradi), aksiologik (tadqiqot “mafkurasi”, yangi ideallar, dunyoqarash ustanovkalari konkret ilmiy tadqiqotlarning aksiologik yo‘nalishini belgilaydi va tadqiqotchining anglash dajarasi, uning ideallari va dunyoqarashini shakllantiradi