Murakkab tarkiblarda elementlar sonining ortishi (masalan, ikkita
obyekt, ikkita qilmish, ikkita oqibat, ikkita ayb shakli); jinoyat sodir qilish
protsessining uzayishi (davomli va uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlar);
elementlarning muqobilligi; bitta tarkib doirasida bir necha oddiy
tarkiblarning mavjudligi (tarkibli jinoyatlar) bilan bog‘liq ravishda ko‘p
elementlilik yuzaga keladi.
Ko‘p obyektli jinoyat tarkiblarida tajovuz ikki yoki undan ortiq
jinoyat-huquqiy normalar bilan qo‘riqlanadigan obyektga qaratiladi. Mulk
va ijtimoiy xavfsizlikka tahdid soluvchi JK 247-moddasida ko‘rsatilgan
jinoyat tarkibi (o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki
portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) ko‘p obyektli
jinoyatga misol bo‘ladi.
Ikki yoki undan ortiq harakatni nazarda tutuvchi murakkab jinoyat tarkiblari aniq bir jinoyatni ikki yoki undan ortiq harakat bilan
sodir etishni nazarda tutadi. Masalan, nomusga tegishda (JK 118-moddasi)
jinsiy aloqa zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan
foydalanib qilinadi.
Ikki yoki undan ortiq oqibatni nazarda tutuvchi jinoyat tarkibiga jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast
yetkazish uchun javobgarlikni belgilaydigan JK 104-moddasi 3-qismi «d»
bandidagi jinoyat tarkibini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Ikkita ayb shakliga ega bo‘lgan jinoyat tarkibida obyektiv tomon
murakkablashgan bo‘ladi. Bunda qasddan sodir etilgan jinoyat oqibatida
ehtiyotsizlik orqasida boshqa ijtimoiy xavfli oqibatlar kelib chiqqanligi
uchun qonun javobgarlikni og‘irlashtiradi (JK 23-moddasi). Masalan,
jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast
yetkazish (JK 104-moddasi 3-qismi «d» bandi).
142