3.2 Hayot faoliyat xavfsizligini boshqarish Uzluksiz tavakkalchilik va xavfsizlik darajasiga ta’sir etish imkoniyati, birinchi o‘rinda xavfsizlikni boshqarish texnikasi va uslubi zarurligini ko‘rsatadi. Hayot faoliyat xavfsizligini boshqarish deganda, belgilangan natijaga erishish maqsadida «inson-muhit» tizimiga tashkiliy ta’sir etish, yoki ob’yektni bir holatdan (xavfli holatdan) ikkinchi holatga, ya’ni nisbatan kam xavfga ega holatga o‘tkazish tushuniladi. Hayot faoliyat xavfsizligini boshqarish - boshqarish vaqtida iqtisodiy va texnik ko‘rsatgichlarni bir-biriga mos kelishi zarurligini talab etadi.
Boshqarishga tizimli yondashish. Tizimli tahlilning asosiy prinsiplariga quyidagilarni kiritish mumkin:
– oxirgi maqsadni belgilash va uni aniq talqin qilish;
– barcha muammoni yaxlit bir tizim sifatida qabul qilish;
– maqsadga erishishninig alternativ yo‘llarini o‘rganish va tahlil qilish;
– maqsadga erishishdagi bosqichlar natijasi yakuniy natijaga ta’sir etmasligini ta’minlash.
Ushbu prinsiplarning bajarilishi reallik, predmetlik, soniy aniqlash, adekvatlik, samaradorlik va nazorat qilish kabi talablarga to‘liq javob berishi zarur.
Faoliyat maqsadini aniqlash - xavfsizlikni boshqarishdagi o‘ta muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Maqsadni ierarxik tushuncha sifatida qarash, ya’ni, faoliyat davridagi har bir bosqich natijasi, ikkinchi bosqich natijasini hamda umumiy natijani inkor qilmasligi (salbiy ta’sir etmasligi) zarur.
Hayotiy sikl bosqichi. Xavfsizlik talablari bo‘yicha hisobga olinishi lozim bo‘lgan bosqichlar, faoliyatning to‘liq davrini qamrab olishi zarur ya’ni, ilmiy g‘oya, fikr; ilmiy izlanish ishlari; konstruktorlik ishlarini tashkil etish; loyihalash; loyihani amalda tadbiq etish; tashish; foydalanish; takomillashtirish; konservatsiyalash va tugatish. Yuqorida ta’kidlanganidek bu bosqichlar ketma-ketlik asosida bir-birini inkor qilmagan holda bajarilishi lozim.
Hayot faoliyati xavfsizligini boshqarish funksiyalari. Hayot faoliyat xavfsizligini boshqarish funksiyalari quyidagilardan iborat bo‘lib, ma’lum bosqichlar asosida olib boriluvchi jarayondir.
– ob’yekt (tizim) ning holatini tahlil qilish va baholash;
– maqsadga erishish va boshqarish vazifalarini belgilash, rejalashtirish;
– boshqariluvchi va boshqaruvchi tizimlarni aniqlash, tashkil etish;
– boshqarishni tashkil etilishini nazorat qilib, tekshirib borish;
– tadbirlar samaradorligini aniqlash;
– stimullashtirish.
Faoliyatning umumiy holati uchun tuzilgan dekompozitsiyalash usulidan hayot faoliyati xavfsizligini loyihalashda keng foydalaniladi. Xavfsizlik talablari bo‘yicha hisobga olinishi lozim bo‘lgan bosqichlar, faoliyatning to‘liq davrini qamrab olishi zarur, ya’ni:
– ilmiy g‘oya, fikr;
– ilmiy izlanish ishlari;
– konstruktorlik ishlarini tashkil etish;
– loyihalash;
– loyihani amalda tadbiq etish;
– foydalanish;
– takomillashtirish;
– konservatsiyalash va tugatish.
Hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlashda ilmiy dunyoqarash, fiziologik, psixologik, ijtimoiy, tarbiyaviy, ergonomik, ekologik, tibbiy, texnik, tashkiliy-operativ, huquqiy va iqtisodiy aspektlar hisobga olinishi zarur. Buning uchun hayot faoliyati xavfsizligini boshqarishning qator vositalaridan foydalaniladi. Ularga,
– xavfsiz faoliyat ko‘rsatish xulq-atvorini, madaniyatini shakllantirish;
– kasbiy o‘qitish;
– boshqarish sub’yektlariga psixologik ta’sir etish;
– jamoa himoya (texnik va tashkiliy) vositalaridan foydalanish;
– shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish,
– imtiyozlar va kompensatsiyalar tizimini tashkil etish kabilarni kiritish mumkin.
Faoliyat dekompozitsiyasi. «Inson-muhit» va «inson-ishlab chiqarish» va boshqa shu kabilar ko‘p darajali hamda ko‘p komponentli murakkab tizimlar hisoblanadi. Bu tizimlarning xavf identifikatsiyasini tuzishda dekompozitsiyalash, ya’ni, ushbu tizimni tashkil etuvchi barcha elementlarning o‘zaro ta’sirini o‘rganish talab etiladi hamda faoliyatning aniq bir sharoiti uchun har bir elementning xavf darajasi aniqlanadi. “Inson-mashina-muhit” tizimining tashkil etuvchi barcha elementlarini o‘zaro ta’sirini o‘rganishda, faoliyatning aniq bir sharoiti uchun har bir elementning xavf darajasi aniqlanadi va faoliyat dekompozitsiyasi tuziladi.