Hayvonlarning o‘simliklarga o‘xshashligi va ulardan farq qilishi.Hayvon organizmi ham o‘simliklar singari hujayralardan tashkil topgan. Hujayralar hujayra membranasi (po‘sti), uning ichidagi sitoplazmada joylashgan vakuolalar, boshqa organoidlar va yadrodan iborat. Hayvon va o‘simlik hujayralarining kimyoviy tarkibi ham o‘zaro o‘xshash bo‘ladi. Shu bilan birga hayvonlar hujayrasi po‘sti yupqa bo‘lishi, yashil rang beruvchi xloroplastlar bo‘lmasligi bilan o‘simliklardan farq qiladi. Hay vonlar fotosintez qilolmaydi; o‘simliklar hosil qila digan organik moddalar bilan oziqlanadi. Bir hujayralilar orasida o‘simlik singari fotosintez qilish xususiyatiga ega bo‘lgan turlari ham bor.
Ko‘pchilik hayvonlarning maxsus harakatlanish organlari bo‘ladi, lekin o‘troq yashovchi va ko‘pchilik parazit hayvonlar harakat qilmaydi. O‘simliklar orasida esa xlamidomonada xivchinlar yordamida faol harakatlanishini bilasiz.
Hayvon hujayrasi va to‘qimalari. Ko‘p hujayrali hayvonlar organizmi har xil tuzilgan va turli vazifani bajaradigan hujayralardan iborat. Hujayralar yumaloq, kubsimon, duksimon, yulduzsimon, kip rikli va boshqa shaklda bo‘lishi mumkun. Bir-biriga o‘x shash tuzilgan va bir xil vazifani bajaradigan hujayralar to‘qimalarni, to‘qimalar organlarni hosil qiladi. Bir hujayrali va tuban ko‘p hujayrali hayvonlar organizmida to‘qimalar va organlar rivojlanmagan.
Hayvon organizmi epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalaridan tashkil topgan. Epiteliy zich joylashgan yassi kubsimon yoki silindrsimon hujayralardan iborat. Epiteliy organizmni noqulay sharoitdan himoya qiladi hamda uning faoliyatini boshqaradigan moddalar ishlab chiqaradi. Teri sirti va ichak devorining ichki yuzasi epiteliy bilan qoplangan.
Biriktiruvchi to‘qima alohida hujayralar va organlar oralig‘ini to‘ldirib turadi. Bu to‘qimaning suyuq (qon), tig‘iz (suyak, tog‘ay) va g‘ovak (parenxima) xillari mavjud. Biriktiruvchi to‘ qima organlarni o‘zaro bog‘lash (pay), kislorod va oziq moddalarni tashish (qon), zaxira oziq moddalar to‘plash (paren xima), tayanch (suyak, tog‘ay) vazifasini bajaradi.
Muskul to‘qimasi qisqarish xususiyatiga ega bo‘lgan muskul tolalardan iborat. Muskullar harakatlanish vazifasini bajaradi.
Nerv to‘qimasi yulduzsimon nerv hujayralari va ular orasidagi oraliq moddadan iborat. Bosh miya, orqa miya va ulardan tarqaladigan nerv tolalari nerv to‘qimasi hisoblanadi. Nerv to‘qimasi tashqi muhitdan va ichki organlardan keladigan ta’sirni qabul qilish, o‘tkazish va ularga javob berish vazifasini bajaradi.
Organlar va organlar sistemasi. Organizmda to‘qimalar organlarni hosil qiladi. Har bir organ bir necha xil to‘qimalardan tashkil topgan bo‘lib, o‘ziga xos vazifani bajarishga moslashgan bo‘ladi. Masalan, hayvonlar ichagi biriktiruvchi, nerv, muskul, epiteliy to‘qimalaridan tashkil topgan bo‘lib, ovqat hazm qilish vazifa sini bajaradi. Organizmda o‘zaro bog‘langan va o‘xshash vazifani bajaradigan organlar birgalikda organlar sistemasini hosil qiladi. Masalan, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ichak birgalikda hazm qilish sistemasini hosil qiladi. Hayvonlar organizmida hazm qilish, harakatlanish, ayirish, nafas olish, jinsiy, nerv, sezgi organlari sistemasi mavjud.
Hayvonlarni klassifikatsiya qilish.O‘zaro o‘xshashligi va qon-qarindoshligiga binoan hayvonlar bir necha sistematik guruhlarga ajratiladi. Hayvonlarni bu tarzda guruhlash klassifikatsiya deyiladi. O‘simliklar singari hayvonlarda ham eng kichik sistematik birlik tur hisoblanadi. Bir turga mansub hayvonlarning tuzilishi va yashash sharoiti o‘xshash bo‘ladi.
O‘zaro yaqin turlar urug‘ga, urug‘lar oilaga, oilalar turkumga, turkumlar sinfga, sinflar esa tipga birlashtiriladi. Barcha tiplar birgalikda hayvonot olamini tashkil qiladi. Bundan tashqari, hayvonot olami hujayraviy tuzilishiga binoan bir hujayralilar va ko‘p hujayralilarga; umurtqa pog‘onasining rivojlanganligiga qarab umurtqasizlar va umurtqalilar (xordalilar)ga ajratiladi. Umurtqasizlar 20 dan ortiq, umurtqalilar esa faqat bitta tipdan iborat.
Tana haroratining qanday bo‘lishiga binoan barcha hayvonlar sovuq qonlilar va issiq qonlilarga ajratiladi. Sovuq qonlilarning tana harorati tashqi muhit harorati ta’sirida o‘zgarib turadi. Ularga barcha umurtqasiz hayvonlar va хordalilar tipining baliqlar, suvda ham quruqlikda yashovchilar hamda sudralib yuruvchilar sinflari kiritiladi.
Issiqqonlilarning tana harorati doimiy, ya’ni tashqi muhit ta’siriga bog‘liq bo‘lmaydi. Ularga хordalilar tipining qushlar va sutemizuvchilar sinflari kiritiladi.
Sistematik guruhlar lotin tilida nomlanadi. Turlar ikki nom (urug‘ va tur nomi), turdan yuqori guruhlar esa bitta nom bilan ataladi. Hayvonlarni klassifikatsiya qilish bilan sistematika fani shug‘ullanadi.
Savol va topshiriqlar
Hayvonlar bilan o‘simliklar o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?
Hayvon organizmi qanday to‘qimalardan iborat?
Epiteliy to‘qimasi qanday hujayralardan iborat?
Biriktiruvchi to‘qimaning qanday xillari bor?
Muskul to‘qimasi qanday tuzilgan?
Nerv to‘qimasi qanday tuzilgan?
Hayvon organizmida qanday organlar sistemasi mavjud?