Davlatchilikni shakllanishi. Qadimgi Xett podsholigi ( er. avv. XVIII - er. avv. XVI asrlar). Er. avv. XX - XVIII asrlarda Kichik Osiyoda ashshurlik savdogarlar bir necha savdo koloniyalarini barpo qiladilar. Bu savdo koloniyalari orqali xalqaro savdo olib boriladi. Eng avvalo, metallar va yuqori sifatli gazlamalar savdosi amalga oshiriladi. Bu davrda Sharqiy Kichik Osiyoda xett qabilalari boshqa mahalliy tub joy aholini assimilyatsiya qiladilar. Kichik Osiyodagi Nesa (Kanes), Burusxan, Kussar va Xattusi kabi shaharlarni o`z ichiga olgan siyosiy birlashmalar vujudga kela boshlaydi. Kichik Osiyoning bu siyosiy birlashmalarining ilk birlashuvi er. avv. XVIII asrning birinchi yarmida yuz beradi. Viloyatlarning birini hokimi Anitta Nesa shahrini markaz qilib, Qora dengizdan Kichik Osiyodagi Tuz ko`ligacha bo`lgan hududlarni egallab, bepoyon davlatni barpo qiladi. Qadimgi Xett davlatida urug`-jamoa qoldiqlari hali kuchli bo`lgan. Xett podsholari o`z hokimiyatlarini xalq kengashlariga tayanib amalga oshirganlar. Qurol ko`tarishga qobiliyatli bo`lgan barcha erkaklar podsho chiqaradigan «pankus» deb ataladigan yig`ilishga muntazam ishtirok etganlar. Zodagonlar davlat boshqaruvida faol qatnashib, o`zlarining kuchli tayanchi bo`lgan zodagonlar kengashi (Tuliya) orqali xalq yig`iniga boshchilik qilganlar. Zodagonlardan tashqari, davlat boshqaruvida podsho oilasi: aka - ukalari va boshqa qarindoshlari muhim rol o`ynaganlar. Qadimgi Xett an’anasiga ko`ra, podshoning vorisi podsho oilasidan tanlangan. Ko`pincha voris tanlashda podshoning jiyanlari, uning opa-singillarining o`g`illariga imtiyoz berilgan. Odatga ko`ra, davlatni ikki hukmdor: podsho va malika boshqargan. Agar podsho vafot etsa, malika o`z unvonini yangi podsho hukmronligi davrida ham saqlab qolgan. Yangi podshoning rafiqasi malika bo`lish uchun, sobiq podshoning bevasi- malikaning o`limini kutib turgan. Anita vafotidan keyin, er. avv. XVII asr oxirida boshqa Xett urug`i hokimiyat tepasiga keladi. Xett davlati asoschilarining birlashtiruvchi siyosatini istilochi va islohotchi podsho Labarna ( yoki Tabarna, er. vv. 1675-1650 yillar atrofida boshqargan) tugallaydi. U istilochilik yurishlarini davom ettirib, Tavr tog` tizmasining shimoliy qismini egallaydi va Shimoliy Qora dengizga chiqadi. Xett davlati chegaralarini “dengizdan-dengizgacha” kengaytirdi. Uning ichki va tashqi siyosatidan kuchli ta`sirlangan va tan bergan keyingi vorislari Labarna va uning rafiqasi Tavannanna nomlarini o`zlariga unvon sifatida qabul qildilar. Labarna mavjud Xett an’analariga zid ravishda o`g`li Xattusilini o`z vorisi deb e’lon qiladi. Xattusili I (er. avv. 1650-1625-yillar atrofida) poytaxtni xettlarning sobiq bosh markazi Xattusiga ko`chiradi (Shu voqeadan keyin, davlat rasmiy ravishda “Xatti” zamonaviy fanda “Xett” deb atala boshlanadi). Uning vorisi Mursili I (er. avv. 1625-1590 yillar atrofida) davrida Xett podsholigida markazlashuv kuchayadi. U Mesopotamiyadan Finikiyaga boradigan yo`ldagi asosiy savdo markazi bo`lgan Shimoliy Suriyadagi Xalpa shahrini bosib oladi. Mursili I er. avv. 1595-yilda uzoq Bobilga yurish qilib, Xammurapi sulolasini tugatadi. Ammo mamlakat ichida keskin vaziyat vujudga keladi. Saroy fitnachilari podsho hokimiyatini kuchayishini istamay, taxt vorisligiga ko`pgina da’vogarlar bo`lishiga imkoniyat beradigan an’analarni saqlab qolishga urinadilar. Oqibatda Mursili I saroy fitnasi qurboni bo`ladi. Xett hukmron tabaqalari ichida o`zaro kelishmovchiliklar boshlanadi. O`zaro kelishmovchiliklarga Telepin I (er. avv. 1530-1500 yillar atrofida) chek qo`yadi. Uning davrida faqat podshoning o`g`li taxtga chiqish huquqiga ega bo`ladi. Agar podshoning o`g`illari bo`lmasa, uning singlisining o`g`li va eng so`nggida podshoning kuyovlari taxtga davogar bo`lish qoidasi o`rnatiladi. Taxt vorisligining bunday tartibi qat’iy bo`lib, zodagonlar kengashi «pankus»ning taxt vorisligi masalasidagi rolini tugatdi. Ammo qolgan masalalarda «pankus» o`z huquqini saqlab qoladi. Pankusning yuqori pog`onasi bo`lgan «tuliya» hal qiluvchi rol o`ynaydi. Tuliyaning ruxsatisiz podsho uning biror-bir a’zosi bo`lgan zodagonni qatl qila olmas edi. Agarda tuliyaning ruxsati bilan uning biror a’zosiga podsho tomonidan o`lim jazosi berilgan taqdirda ham podsho aybdorning oilasini ta’qib ostiga olish va mol-mulkini musodara qilish huquqidan mahrum edi. Tadqiqotchilar, bu davrni (er. avv. XVIIII- er. avv. XVI asrlar) qadimgi Xett podsholigi davri deb hisoblaydilar. Telepin va uning o`g`li hukmronligidan so`ng, Xett davlatining tushkunlik davri boshlanadi. Bu davr O`rta Xett podsholigi davri (er. avv. XV asr ) deb nom oladi. Bu davrda Xett podsholigining ahvoli yana og`irlashadi. Bir asr davomida Xett davlati va jamiyati go`yoki tushkunlikni boshdan kechiradi.