Xett davlati harbiy tashkiloti. Xett davlati istilochilik siyosatini muntazam va ko`ngillilardan tashkil topgan, yaxshi qurollangan qo`shinga tayanib amalga oshiradi. Harbiy yurishlar asosan bahorda boshlanib, kech kuzda tugagan. Yurishlar o`rtasida muntazam qo`shinlarning bir qismi maxsus harbiy qarorgohlarda joylashtirilgan. Xettlarning chegara shaharlarida maxsus harbiy garnizollar joylashtirilgan. Qaram davlatlar Xett garnizollarini ozuqa bilan ta`minlashga majbur bo`lganlar. Qo`shin asosan og`ir qurollangan piyodalar va jang aravalaridan tuzilgan. Harbiy san`at tarixida xettlar qo`shinda yengil jang aravalarini birinchi bo`lib qo`llaganlar. Xett jang aravasida ikki ot qo`shilgan bo`lib, arava haydovchi, nayzali jangchi va uni himoyaqilib turadigan qalqonbardordan iborat bo`lgan. Xettlarning jang aravalarini harbiy jangda qo`llashi podsho Anitaning qadimgi Xett matnida uchraydi. Matnda Anitaning 1400 piyoda askari va 40 jang aravasi bo`lganligi aytiladi. Kades yonidagi jang
to`g`risidagi manbalarda Xett podshosi Muvatalli qo`shinlari taxminan 20 ming piyoda askarlar va 2500 jang aravalaridan tashkil topgani to`g`risida ma`lumot beriladi. Jang aravalari yuqori darajada texnik mohirlik bilan yasalgan bo`lib, juda qimmat turgan. Ularni yasash uchun yog`ochning alohida navlari, teri va metallar talab qilingan. Ko`rinishidan jang aravalarini ishlab chiqarish markazlashgan holda davlatning maxsus ustaxonalarida tashkil qilingan. Ustalar uchun jang aravalarini yasash bo`yicha Xett podsholarining yo`riqnomalari saqlanib qolgan. Jang aravalariga qo`shiladigan otlarni tayyorlashni maxsus usullar bo`lgan. Xettlar shaharlarni bosib olish uchun maxsus qamal qurollaridan foydalanganlar.
Xett diplomatiyasi. Xettlarning tashqi siyosatida diplomatiya muhim o`rin tutgan. Ular Kichik Osiyo va Old Osiyoning ko`p davlatlari bilan diplomatik aloqalar o`rnatganlar. Bu aloqalar ko`p hollarda maxsus shartnomalar bilan mustahkamlangan. Xett arxivlarida Old Osiyoning boshqa mamlakatlari arxivlariga qaraganda, bir necha marta ko`p miqdorda diplomatik hujjatlar saqlanib qolgan. Xettlar boshqa mamlakatlar bilan davriy ravishda elchilar orqali maktublar, sovg`a salomlar almashib turganlar. Davlatlar o`rtasidagi aloqalar sulolaviy nikoh shartnomalari bilan mustahkamlangan. Podsho devonxonasida xalqaro aloqalarga maxsus muassasa rahbarlik qilgan. Bu yerda elchilar, tarjimonlar, mirzolar ishlagan va shartnomalar matnlari tuzilgan. Shartnomalar odatda ikki tilda: biri xett tili, ikkinchisi akkat tilida tuzilgan. Davlatlararo shartnomalar matnlari podsho oldidagi kengashda muhokama qilingan. Shartnomalarga podsholar muhrlari tushirilgan. Matnlar loy, metall (kumush, jez, temir) taxtachalarga bitilgan. Shartnomalar matnlari yozilgan taxtachalar mamlakatning oliy xudolari haykallari oldida saqlangan. Chunki xudolar shartnomaning bosh guvohlari sifatida kim uni buzsa, jazolash huquqiga ega bo`lganlar. Xettlarning xalqaro shartnomalarning ko`pchiligida Xett qo`shinlarining harbiy g`alabalari mustahkamlangan. Shu sababli, ularda ko`p hollarda tomonlarning o`zaro munosabatlarning teng huquqda bo`lmagani ko`rinadi. Xett podsholari ko`pincha qaram davlatni o`lpon to`lashga majbur qilganlar. O`lpon to`lovchilar har yili Xett podshosi oldiga kelishga, qaram davlat hududida joylashtirilgan Xett garnizonlariga g`amxo`rlik qilishga, birinchi chaqiriq bilan Xett hukmdoriga qo`shin bilan yordamga kelishga majbur
qilinganlar. Qaram davlat har yili (ba`zida yilida uch marta) shartnomani o`qishlari majbur bo`lgan. Qaram mamlakat hukmdori o`g`illari, nevaralari va evaralari shartnomaga rioya qilishlari shart qilib qo`yilgan. Xett diplomatik amaliyotining o`ziga xos xususiyatlaridan biri xettlarning sulolaviy nikohlariga jiddiy e`tibor berganlaridir. Xett podsholari o`z qizlari va opa-singillarini boshqa podsholarning nikohiga berishga harakat qilganlar. Bu nikohlar har ikki tomonning o`zaro munosabatlarini barqaror bo`lishini ta`minlagan. Xettlar Xett malikalari turmushga chiqqanda albatta bosh rafiqa bo`lishi shartnomada alohida qayt qilingan. Bunday nikohlar vositasida Xett podsholari boshqa davlatlarda o`z ta`sirlarini mustahkamlaganlar. Bundan tashqari, chet davlat taxtining qonuniy vorislari hukmdorni bosh rafiqasining o`g`illari bo`lgan. 6 Yangi Xett podsholigi davrida iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlar. Yangi Xett davrining xo`jalik va ijtimoiy munosabatlarini tavsiflovchi asosiy manba Xett qonunlaridir. Xo`jalikning asosini dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik (metallurgiya va metallardan mehnat qurollari tayyorlash, kulolchilik, quruvchilik ishlari va h.k) tashkil qilgan. Dehqonchilikda sun’iy sug`orish sezilarli bo`lmagan. Sun’iy sug`orish inshootlari cheklangan holatda barpo qilingan. Xo`jalikda savdo ham muhim o`rin tutgan. Yer egaligi podsho yerlari, ibodatxona yerlari, jamoa yerlaridan iborat bo`lgan. Davlat yerlariga egalik qilish va foydalanish natural (saxan)va mehnat (lussi) majburiyatlarini o`tash bilan bog`langan. Saxan va lussidan ibodatxona yerlari ozod qilingan. Podsho xizmatida bo`lgan xususiy kishilarning yerlari, podshodan hadyaga olingan yerlar ham saxan va lussi bilan bog`langan majburiyatlardan ozod qilinishi mumkin bo`lgan. Davlatning diniy markazlari bo`lgan Arinna, Nerika va Siplanda shaharlarining kohinlari, to`quvchilari, xizmatchilari majburiyatlarni o`tashdan ozod qilinganlar. Hunarmandchilikning rivojlangani to`g`risida ma`lumot beradigan qonunlar va boshqa hujjatlarda temirchi, kulol, duradgor va tikuvchi kasblari tilga olinadi. Mehnat qurollari va harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo dastlab mis, keyinchalik qalay bo`lgan. Temirdan faqat diniy marosimlar uchun haykalcha va boshqa buyumlar yasashda oz miqdorda foydalanilgan. Xett davlatida podsho oilasi va podsho bosh kohin sifatida juda katta miqdorda yerga egalik qilgan. Podsho va ibodatxona yerlarida ishlovchilar o`z yerlariga biriktiribqo`yilib, turli soliq va majburiyatlarni o`taganlar. Xett davlati ma’muriyati qarori bilan ekin yerlari ishlovchilar bilan birga o`z foydasiga soliq yig`ish huquqi bilan podsho amaldorlari va ibodatxonalar ixtiyoriga berilganlar. Ayrim ibodatxonalar umumdavlat soliqlaridan ozod qiluvchi immunitet yorliqlarini olgan. Davlat va ibodatxona yerlaridan tashqari, boshqa yerlar xususiy mulk bo`lib, oldi-sotdi qilingan. Xett jamiyatida barcha aholi ikki guruhga bo`lingan: soliq to`lovlari va boshqa majburiyatlarni o`tovchi (podsho, ibodatxona yoki xususiy shaxs foydasiga) kishilar erkin bo`lmagan mavqega ega bo`lib, kamsitilganlar. To`la ma’noda erkin kishilar deb zodagonlar, amaldorlar, kohinlar va katta yer egalari hisoblanganlar. Xett davlati ma`muriyati tomonidan bosib olgan hududlarni boshqarmagan, balki ulardan faqat xiroj olish bilan cheklagan. Qaram hududlar, davlatlarni o`z mahalliy hokimlari boshqargan.