1.2. Test turlari va test topshiriqlari shakllari. Agar testlarni turkumlashda ularning qo‘llash maqsadi va vazifalariga asoslanadigan bo‘lsak, psixologik testlardan boshqa barcha testlarni quyidagi uch guruxga ajratish mumkin:
· intellektual rivojlanish darajasini aniqlovchi testlar;
· pedagogik testlar;
· muayyan kasbga yaroqlilikni aniqlovchi testlar;
Fanning mazmunidan kelib chiqqan holda biz faqat pedagogik test haqida to‘xtalamiz. Adabiyotlarda bunday test topshiriqlarining quyidagi shakllari bayon etiladi :
- birdan-bir to‘g‘ri javobi bo‘lgan yopiq topshiriqlar;
- bir necha to‘g‘ri javoblari nazarda tutilgan yopiq topshiriqlar;
- bitta so‘z (yoki so‘zlar) tushirib qoldirilgan gapdan tashkil topgan ochiq topshiriqlar;
- to‘g‘ri ketma-ketlikni aniqlash uchun topshiriqlar;
- o‘zaro bog‘liqlikni (muvofiqlikni) aniqlovchi topshiriqlar;
- ayrim fanlar bo‘yicha bilimlarning chuqurligini aniqlash bo‘yicha topshiriqlari;
- sonni to‘ldirishga mo‘ljallangan topshiriqlar, bunda sonlar seriyasini topish usulini aniqlash va uni muayyan tartibda belgilash talab qilinadi;
- qarama-qarshi munosabatlarni aniqlash testlari;
- masalalar echishga qaratilgan (matematik, fizik va b.) topshiriqlar;
- chizmalar va sxemalarni tushunishga qaratilgan topshiriqlar;
- shakllar nisbatini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar;
- olingan axborotni o‘zlashtirish darajasini aniqlash topshiriqlari;
- sinonimlar va antonimlarni farqlashga oid topshiriqlar;
- analogiya (aynan o‘xshashlik)ga oid topshiriqlar;
- o‘qilgan matnni tushunishga oid topshiriqlar;
- ko‘rsatmalarni bajarishga oid topshiriqlar;
- bilimdonlikni aniqlashga doir topshiriqlar;
- tafakkurni aniqlovchi testlar;
- orfografik testlar;
- til masalalariga doir topshiriqlar va boshqalar.
Mutaxassislik (umumtexnik) fanlardan test topshiriqlari tuzishda yopiq (bir yoki bir necha to‘g‘ri javobli), ochiq, muvofiqlikni va to‘g‘ri ketma-ketlikni aniqlashga oid test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bunda bir o‘quv maqsadiga erishganlikni turli test topshiriqlari yordamida aniqlash (invariant) testlar tuzish ham maqsadga muvofiqdir.