Hinduiy dini, hinduizm - dunyoda keng tarqalgan dinlardan biri. Hinduiy diniga eʼtiqod qiluvchilar asosan Hindistonda (95% ga yaqini) yashaydi, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri Lankada, shuningdek, Janubiy Afrikada, sharqiy Osiyoda ham uchraydi. Hinduiylikka 780 mln. kishi eʼtiqod qiladi (2003). Milodning 1-ming yilligida shakllangan. Hinduiy dini Veda dini va brahmanizm rivojlanishi va unga keyinchalik xalq eʼtiqodi, urf-odatlari, marosimlari singib ketishi jarayonida paydo bo'lgan. O'rta asrlarda hukmron mafkuraga aylangan.
Hinduiylikning asosida jonning yangi shaklga kirishi (sansara) haqidagi taʼlimot yotadi. Unga ko'ra, kishi o'lgandan keyin joni (ruhi) yangi o'simlik, hayvon yoki inson tanasiga kirib oladi va qayta tug'iladi. Yangi ruhning qay darajada bo'lishi karma qonuniga, yaʼni kishining hayot davridagi xulq-atvori, xatti-harakatiga bog'liq. Hinduiylikning asosiy maqsadi — insonni mana shu qayta tug'ilish zanjiridan, azob-uqubatidan halos qilish, yaʼni mokshaga erishish. Hinduiylikdagi turli diniy-falsafiy taʼlimotlar mokshaga erishishning yo'llari va vositalarini ishlab chiqdilar. Xususan, vedanta Hinduiylikka falsafiy asos bo'lib xizmat qildi. Hinduiylikka eʼtiqod qiluvchilar qaysi kastaga mansubligiga qarab diniy rasm-rusumlarni bajarishda farqlanadi. Ular vafot etganlarida yerga koʻmilmaydi, balki olovda kuydiriladi. H.ga koʻra shunday qilinsa marhum poklanadi, gunohlari bu dunyoda qoladi. Olov u dunyoga gunohlardan xoli boʻlgan jonning oʻzini olib ketadi. Bu dinning aqidalariga koʻra, odamzot yaratilishidayoq ijtimoiy jihatdan tengsiz yaratilgan. Shuning uchun bu tengsizlikni real hayotda tugatishning iloji yoʻq. Chunki unga taʼsir etishga qodir boʻlgan kuchning oʻzi yoʻq.
H.ning Muqaddas kitobi Vedalar, "Mahobxarata" (ayniqsa uning "Bahagavadgita" va "Ramayana" qismlari) va boshqa.
Hinduiy diniga ko'ra, Xudo - Brahma deya ataladi.
Din payg'ambari - Krishna
Halokat farishtasi- Shiva.
H.da togʻlar, daryolar (xususan, Gang), oʻsimlik (mas, nilufar), hayvonlar (maymun, fil, ilon va ayniqsa, sigir) Muqaddas sanaladi va ular e'zozlanadi. Diniy marosimlar ibodatxonalarda, uylardagi mehroblar yonida, muqaddas joylarda ado etiladi. Hozirgi H. 2 oqim — vishnuizm va shivaizm shaklida mavjud.