International Conference on Humanities, Education and Sciences Los Angeles, California, USA February 25 th 2022 conferencezone.org 114
«Topmadim» radifli g‘azali ham shu davrda, aniqrog‘i, Mashhaddan Hirotga qaytib, shaxsiy turmushini izga
solish taraddudida yurganda, lekin uning moddiy jihatdan nochor ahvoldaligi tufayli oila qurishi
qiyinlashgan, Sulton Abu Said esa uni ta’qib qilgan paytda yozilgan bo‘lib, uning har bayti yurakni tirnaydi.
Alisher Navoiyning ishqiy she’rlarini faqat bir sub’ektga qaratilgan, deyish qiyin. U hayotga keng nigoh
bilan qarab, barcha go‘zalliklarni nazokatli tuyg‘ularni qadrlagan, noyob so‘z va iboralar bilan qalbdan
ifodalay bilgan. Lekin hayot qiyinchiliklari va ziddiyatlari orqasida o‘z orzu-umidlariga yetisha olmagan
shoir o‘zining insoniy norozilik tuyg‘ularini olovli she’riy satrlarda bayon etadi. Alisher Navoiyning ishq
bilan bog‘liq tasvirlari rang-barang va boy bo‘lib, biz unda inson hayoti va holatining cheksiz ko‘p
qirralarini — shodlikni ham, xafachilikni ham, takrorlanmaydigan lahzalarni ham, har kun, har soatda yuz
beruvchi ko‘ngilsizliklarni ham ko‘ramiz. Zotan o‘zbek she’riyatida inson dardi va hasratlarini, o‘z
sevgilisiga talpinishlarini Navoiydan o‘tkazib ifodalagan shoirni topish qiyin. Alisher Navoiyning ishqiy
mavzuda yozgan she’rlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, ulardagi ko‘p g‘oya va
timsollar, tasviriy detallar an’anaviy xarakterga ega. Shu bilan birga ishq va ishqiy obrazlar talqinida ham
boshqa mumtoz ijodkorlar kabi Alisher Navoiy ramziylikka ko‘p o‘rin beradi. «Yor» — bu dunyo
go‘zaligina emas, uningcha, bu — butun borliqni yaratgan va hamma narsani harakatga keltirib turgan Alloh
hamdir.
Shoir o‘zining tasavvufiy she’rlarida yorning qoshi, ko‘zi, zulfi, sochi (va h.k.) deganda Allohning kuch-
qudrati, mehri, oliy darajadagi go‘zalliklarini ko‘zda tutadi. Alisher Navoiyning barcha lirik janrlarga oid
she’rlari yuksak mahorat bilan yozilgan bo‘lib, inson manfaatlariga, uning e’tiqodini mustahkamlashga,
ruhini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Uning falsafiy, axloqiy mazmundagi hayot nafasi ufurib turgan har
bir she’ri bu janrning o‘lmas namunalaridir. Ulug‘ shoir ijodining shoh asari «Xamsa» 5 dostondan iborat.
Bular «Hayrat ul-abror» («Yaxshilar hayrati»), «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ayi sayyor»
(«Yetti sayyora»), «Saddi Iskandariy» («Iskandar devori») dostonlaridir. Fors adabiyotidagi xamsachilikka
javob sifatida o‘zbek tilida birinchi marotaba yaratilgan Alisher Navoiy «Xamsa»si bu tilning cheksiz
imkoniyatlarini amalda isbot etdi. 52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va
tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi o‘ziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq
tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulg‘angan shaxslar, Layli va Majnun
kabi oshiqlar hayotidan oldi. Ularga yangi mazmun berdi, turkona ruh kiritdi. Davrning dardli masalalarini,
avlodlarning orzu va armonlarini ko‘tarib chiqdi.
«Xamsa» zamondoshlariga nihoyatda zo‘r ta’sir ko‘rsatdi. Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan
olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni o‘zining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi. «Lison ut-tayr» —
Alisher Navoiyning so‘nggi dostoni «Xamsa»dan 14 yil keyin — 1498—99 yilda yaratilgan. Bu asarini
shoir «Foniy» taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o‘girgan, aniqrog‘i, bu
dunyosidan ko‘proq u dunyosini o‘ylay boshlagan edi. Mazkur asar bolaligida sevib o‘qigani — Farididdin
Attorning «Mantiq ut-tayr» («Qushlar tili») dostoniga javob tarzida, shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda,
«tarjima rasmi bila» yuzaga keltirgan she’riy mo‘‘jizasi edi. «Lison ut-tayr» aruzning ramali musaddasi
maqsur (foilotun — foilotun — foilon) vaznida yozilgan bo‘lib, 3598 baytdan iborat. Dostondagi bosh
g‘oya, bosh muammo tasavvufdagi imon, e’tiqod va ma’naviyat masalalaridir. Alisher Navoiyning niyati
oddiy insonlarga insoniylikning ilohiy mohiyatini tushuntirib berish, ularni og‘ir sinovlardan o‘tkazib, komil
inson darajasida ko‘rish. Shoir asarda qushlar timsolida tasavvuf yo‘liga kirgan va Allohni ko‘rishga, unga
yetishishga astoydil kirishgan xudojo‘y insonlarni tasvirlashga intilgan. Hudhud degan qush nomidan
so‘ylangan yuzlarcha hikoyalar tasavvufiy mazmunda bo‘lib, ular hammasi hayotiy, biri biridan qiziqarli.
Qushlarning rang-barang timsollari orqali Alisher Navoiy o‘zining tasavvuf ta’limoti bilan bog‘liq
g‘oyalarini, Allohning hamma narsaning tashqarisida emas, balki ichida, o‘zida ekanini ko‘rsatish va