Ekvipolent (teng qiymatli) ziddiyat. Ekvipolent ziddiyatda ikki a’zo qarshilantirilib, har biri o‘ziga xos, ikkinchisiga xos bo‘lmagan belgiga ega bo‘ladi. Masalan, ovoz va shovqinga ko‘ra jarangli va jarangsiz undosh teng qiymatli (o‘ziga xos belgiga ega bo‘lgan a’zoli) ziddiyatni hosil qiladi.
Muntazam (proporsional) ziddiyat. Muntazam (proporsional) ziddiyatda bir belgi juftlangan turli birliklar uchun ziddiyat ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, “jins” belgisi ota-ona, aka-opa, singil-uka, tog‘a-xola lug‘aviy zidlanishlari uchun umumiy. Lekin ular bu belgini o‘z-o‘zicha “bo‘lib olishadi”. “jins” belgisini [aka] leksemasi “erkak”, [opa] leksemasi “ayol” ko‘rinishida xususiylashtiradi.
Darajali ziddiyat. Darajali ziddiyat a’zolari kamida uchta bo‘lib, ziddiyat belgisining o‘sib borishiga ko‘ra a’zolar qator hosil qiladi. Masalan, tilning ko‘tarilishiga ko‘ra unli fonemalar darajalanishi quyidagicha: [a] – [e] – [i]yoki [o] – [o‘] – [u]. Bunda belgi birinchi a’zoda kuchsiz, ikkinchi a’zoda o‘rtacha va keyingi a’zoda kuchli yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Darajali ziddiyat ham barcha sath birliklarida uchraydi. Masalan, leksikada [ninni] – [chaqaloq] – [go‘dak] – [bola]...,[turq] – [bashara] – [bet] – [yuz] – [chehra]..., morfologiyada harakat nomi-sifatdosh-ravishdosh (“fe’lni o‘zgalash darajasiga ko‘ra” belgisi asosida) kabi.
А’zolari miqdoriga ko‘ra ziddiyat ikki a’zoli (binar) va ko‘p a’zoli ziddiyatga bo‘linadi. Masalan, noto‘liq ziddiyat ikki a’zoli (binar), darajali ziddiyat esa ko‘p a’zoli (ternar) ziddiyatdir.
Lisoniy birliklar orasidagi ziddiyatlarni to‘g‘ri anglash va idrok etish ular mohiyatini aniq tushunish va talqin qilishning asosidir.
Mavzuni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
1.Til qanday tarkibiy qismlarga bo‘linadi?
2.“Lison” tushunchasi haqida ma’lumot bering.
3.“Me’yor” tushunchasi haqida gapiring.
4.“Nutq” tushunchasi mohiyatini bayon qiling.
5. Lisoniy paradigma deganda nimani tushunasiz? Misollar keltiring.
6. Lisoniy paradigma qanday turlarga ega?
7. Munosabat tushunchasini sharhlang.
8. Pradigmatik munosabat va uning turlari haqida gapiring.
9. Iyerarxik munosabat nima va uning qanday turlari bor?
10. Sintagmatik munosabat haqida gapiring.
11. “Ziddiyat” tushunchasini sharhlang.
12. Noto‘liq ziddiyat nima?
13. Teng qiymatli ziddiyatni tavsiflang.
14. Muntazam ziddiyat haqida gapiring.
15. Darajali ziddiyatni sharhlang.