Peroksisoma (mikrotanacha). Peroksisomalar. bir qavatli membrana bilan o`ralgan strukturalar bo`lib, kattaligi 0,3- 1,5 mkm dir. Struktura markazida nukleoid joylashgan. Bu nukleoid bakteriyadagi nukleoidga va umuman yadro strukturalariga aloqador emas. Peroksisomalarda, xususan, jigar hujayrasi peroksisomalarida nukleoid sohasida kristallsimon strukturalar bo`ladi. Bu strukturalar fibrilla va naychalardan tashkil topgan bo`lib, uratoksidaza fermentini saqlaydi.
Peroksisomalar amyobada, tuban zamburug`larda (achitqida), o`simliklarning ba’zi bir embrional to`qimalarida (endospermda), umurtqali hayvonlarda esa asosan jigar va buyragida to-pilgan. Kalamush jigarining har bir hujayrasida taxminan 70-100 peroksisoma bor. Peroksisomalar endoplazglatik to`r membranalari bilan yaqin aloqada bo`ladi. Ehtimol, endoplazmatik to`r kengaymalari sohasida peroksisomalar hosil bo`ladi. Usimlik hujayralarida bu organella ko`pincha mitoxondriya va plastidalarga yaqin yotadi. Dastlab peroksisomalar jigar va' buyrak hujayralaridan ajratib olingan. Peroksisomalar fraktsiyasida vodorod peroksidi metabolizmi bilan bog`lnq ferment-lar aniqlangan. Bular (oksidaza, uratoksidaza, a-aminokislota oksidazasi) yordamida H2O2 va uni parchalaydigan katalaza hosil bo`ladi. Jigar peroksisomalari oqsilining 40% katalazadan iborat. H2O2 zaharli modda bo`lgani uchun katalaza muhim himoya funktsiyasini o`taydi.
Mikronaychalar elektron mikroskop ostida glyutaraldegid bilan fiksatsiya qilingan kesmalarda shu asrning 60-yillarida topilgan. Mikronaychalar asosan oqsildan tashkil topgan bo`lib membrana tuzilishiga ega emas.
Mikronaychalar aniq tuzilishga ega bo`lgani uchun ularni hujayraning boshqa komponentlaridan ajratish oson. U eukariotik hujayralarning hammasida bo`lib, bakteriyalar va boshqa prokariotik hujayralarda uchramaydi. Mikronaychalar sitoplazmaning muvaqqat tuzilmalarini (bo`linish dukini) hosil qilishi mumkin.
Mikronaychalar - sentriola, bazal tanacha, xivchin va kiprikchalarning asosiy struktur birligi hisoblanadi. Mikronaycha (17-rasm a, b) to`g`ri, shoxlanmaydigan ichi bo`sh silindrdir. Uning tashqi diametri 24 nm, ichki diametri 15 nm bo`lib, devor qalinligi 5 nm ga teng. Mikronaychada devori zich joylashgan kattaligi 5 nm bo`lgan subbirliklardan tashkil topgan (17-rasm, a).. Elektron mikroskop ostida, ko`ndalang kesmalarda asosan 13 subbirlik farqlanadi. Turli hujayralardan (sodda hayvonlarning kiprikchalaridan, nerv to`qimasi hujayralaridan, bo`linish dukidan) ajratib olingan mikronaychalarning ximiyaviy tuzilishi bir xil. Mikronaychalar o`zi uchun xarakterli bo`lgan oqsil - tubulinlardan tuzilgan. Tubulinlar ba’zi bir alkaloidlar (kolxitsin, vinoplastin) bilan birikish qobiliyatiga ega.
Tozalangan tubulinlar GTF (guanintrifosfat) va Mg++ bor muhitda mikronaychalar hosil qiladi. Kolxitsin esa mikronaychalar hosil bo`lishiga to`sqinlik qiladi yoki mikronaychalarni parchalab yuboradi.
17-rasm. A-Mikronaychalarning tuzilishi (sxema) (P. P. Antipchukdan, 1983).
1-mikronaycha devorlarini hosil qiluvchi subbirliklarning joylashishi. 2- mikronaychaning ko`ndalang kesimi. 3- kiprikcha va xivchinlarda mikronaychalarning joylashishi . B-Ingichka ichak prizmatik hujayrasi sitoplazmasidagi mikronaychalar. Elektron mikrofotogramma. X87.500, 1-mikronaycha.
Sitoplazmatik mikronaychalar past haroratda (0°) depolimerizatsiyaga uchraydi. Turli mualliflar mikronaychalar bo`linish dukini hosil qilishi, hujayrada tayanch funksiyasini bajarishi yoki hujayra ichida moddalar tashilishida ishtirok etishini e’tirof etadilar.