Endoplaztik tur (retikulum). Elektron mikroskopda tekshiriladigan to‘qimani yupqa kesishning texnik imkoniyatiga ega bo‘lgandan keyin, 1945 yilda Porter osmiy to‘rt oksidi bilan bo‘yalgan hujayralar mezoplazmasida nozik to‘r borligini ochdi va unga endoplazmatik to‘r deb nom qo‘ydi. Bir necha vaqtdan so‘ng Palade va Porterlar endoplazmatik to‘r o‘ta mikroskopik kanalchalar, pufakchalar va sisternalarning o‘zaro tutashishidan iborat murakkab shoxlangan to‘r sistemasi ekanligini aniqladilar.
Srukturasi va shakli bilan xilma-xil bo‘lgan bu sistema devorini elementar membrana tashkil qiladi. Membrananing qalinligi 70 A0 atrofida bo‘lib, dumaloq kanallarning ichki diametri 300-500 A0 keladi.
Endoplazmatik to‘r kanalining ichi suyuqlik bilan to‘la bo‘lib, tarkibi protaplazma matriksiga o‘xshaydi, shu jihatdan Golji sisternalari va xloroplast tilakoidlarining suyuqliklariga ham o‘xshaydi. Endoplazmatik to‘r membranasining yuzasi silliq va G‘adir-budur bo‘ladi. Membran sathiga ribosomaning diametri 100-150 A0 keladigan granulalari yopishib olganidan, uning yuzasi g‘adir-budur ko‘rinadi. Shunga ko‘ra hujayraning bir jismida ular butunlay silliq, ikkinchi tomonida g‘adir-budur bo‘ladi. Ribosoma granulalari yopishgan endoplazmatik to‘r sisternalariga granulyar (G‘adir-budur), silliq joylariga sililiq retikulum deb atalgan. Granulyar retikulum yassi, keng sisternalardan iborat bo‘ladi. Granulyar retikulum sisternalarining soni hujayralar tipiga, rivojlanish fazasiga bog‘liq. Silliq retikulum odatda ingichka, tarmoqlanib ketgan naychalarni eslatadi, u granulyar retikulum sisternalaridan o‘sib chiqadi (14-rasm).
Endoplazmatik to‘r kanallari yadro membranasi bilan ham tutashgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli endoplazmatik to‘r kanali perinuklear fazoga aloqador bo‘ladi. Robertsonning elementar membrana nazariyasi membranalar uzluksiz bo‘ladi, degan fikrni taqoza qilgan edi. Shunga ko‘ra ko‘pchilik olimlar endoplazmatik to‘r membranasi plazmolemma bilan ham tutashgan bo‘ladi va demak, perinuklear fazo endoplazmatik to‘r kanali orqali plazmolemma sathi bilan tashqi muhitga aloqador bo‘ladi, degan fikrda bo‘lganlar.
Shunday qilib, endopldazmatik to‘rni plazmatik qobiq, yadro va hujayra organoidlari bilan bog‘liq bo‘lgan yagona sirkulyar sistema deb ta’riflasa bo‘ladi. Endoplazmatik to‘rning plazmatik qobiq bilan aloqasi borligi ham kuzatilgan. Bu kuzatishlar tashqi muhit bilan sitoplazma orasidagi kommunikasiyalar bor deyishga asos bo‘lolmaydi. Endoplazmatik to‘r bilan Golji kompleksi orasida aloqa ham doimiy bo‘lmay, balki dinamik aloqadan iboratdir.