O`simlik hujayrasining tuzilishi. O`simlik hujayrasi asosan, 3 qismdan: tashqaridan o`rab turuvchi hujayra po`sti, markazida joylashgan vakuola va hujayra shirasi – protoplastdan iborat. Hujayra qobig`i hujayraning tashqi muhit bilan va boshqa hujayralar bilan o`zaro munosabatlarini ta`minlaydi va shunga ko`ra uch xil asosiy vazifani bajaradi: 1) himoya, to`siq, 2) moddalarni o`tkazish, 3) retseptor.
Hujayra po`sti va vakuola uning o`lik qismi, protoplast esa tirik qismidir. Protoplast o`z navbatida sitoplazma va yadrodan tashkil topgan. Protoplastning faoliyati tufayli hujayra po`sti va hujayra shirasi ishlab chiqariladi. Hujayra shirasi turli organik va mineral moddalarning suvdagi eritmasidir.
Sitoplazma hujayraning asosiy massasi uning ichki muhiti hisoblanadi. Sitoplazma hujayraning hamma tarkibiy qismlarini bir-biri bilan bog`lab, ular orasidagi aloqalarning amalga oshishida muhim rol o`ynaydi. Sitoplazma tashqaridan plazmatik membrana, ichkaridan esa yadro qobig`i bilan chegaralangan.
Sitoplazma shilimshiq rangli suyuqlik bo`lib, uning tarkibida 90 % gacha suv bo`lsada, asosan murakkab organik birikmalar, ko`pincha oqsillardan tashkil topgan. Bundan tashqari bir qancha anorganik moddalar ham mavjud.
Endoplazmatik to`r sitoplazma kanalchalarini yadro va qo`shni hujayralar bilan bog`laydi. Moddalar almashinuvi mahsulotlari ham shu sistema bo`ylab tarqaladi va hujayraning turli qismlariga oqib boradi.
Hujayraning Golji apparati deb ataladigan alohida organoidlari ham endoplazmatik to`r bilan funktsional bog`langan. Golji apparatida organik moddalar vaqtincha to`planadi va keyin hujayraning boshqa qismlariga tarqaladi.
Elektron mikroskopda qaralganda, endoplazmatik to`r kanalchalarining tashqi yuzasida va bevosita sitoplazma qavatida yumaloq, mayda tanachalarni ko`rish mumkin - bu ribosomalar deb ataladi. Ular RNK ning spiralsimon shaklli bir nechta molekulasidan tashkil topgan. RNK spirali o`rami orasida oqsil molekulalari joylashadi va ular oqsil moddalarini sintezlab, muhim vazifani bajaradi.
O`simlik hujayrasining sitoplazmasida kalta tayoqchalar shaklidagi mitoxondriyalar bo`ladi. U ancha murakkab tuzilgan bo`lib, tashqi tomonidan ikki qavat membranasi bor. Mitoxondriya hujayraning energiya manbai hisoblanadi. Bunda moddalar almashinuvi turli xil mahsulotlarining achishi natijasida ajralib chiqadigan energiya hisobiga ATF sintezlanadi.
Plastidalar – faqat o`simlik hujayralarida bo`ladi. Ular tashqaridan ikkita membrana bilan qoplangan. Beradigan rangiga qarab plastidalar 3 xil bo`ladi. Bular xloroplast, xromoplast va leykoplast.
Xloraplast yashil pigmentli xlorofill, qo`ng`ir rangli karotin va sariq rangli ksantofillarni o`zida tutadi. Xloraplastning asosiy vazifasi aynan xlorofill bilan bog`liq. U fotosintez jarayoniga qatnashib shsimlikning faqat yer ustki, quyosh nurini qabul qiladigan qismida uchrab, shu tufayli o`simlik yashil rangda bo`ladi.
Leykoplastlar rangsiz plastidalar bo`lib, ko`pincha to`qima va organlarning quyosh nuri tushmaydigan yer ostki qismida ya`ni, ildiz, tugunak va urug`da bo`ladi. Ularning asosiy vazifasi – zapas oziq moddalar, birinchi navbatda kraxmal, ba`zan oqsil va kam hollarda yog`larni sintez qilishdan iborat.
Xromoplastlar o`zida karotinoidlar guruhiga mansub qizil, qo`ng`ir va sariq pigmentlar tutadi. Ularning moddalar almashinuvi jarayonidagi vazifasi haligacha aniqlanmagan. Ularning bilvosita vazifasi esa gullarning changlanishi va urug`larni tarqalishi jarayonida hasharot va qushlarni jalb qilishdan iborat.
Yadro o`simlik va hayvon hujayrasining muhim qismi hisoblanib, u irsiy belgilarni saqlashda va hujayrada oqsil sintezini boshqarishda katta rol o`ynaydi. Hujayraning nafas olishi ham yadro nazoratida bo`ladi. Hujayra yadrosiz yashay olmaydi, agarda uni hujayradan ajratib olinsa darhol nobud bo`ladi. Odatda hujayrada bitta, ayrim suv o`tlari va zamburug`larda ko`p yadroli hujayralar bo`ladi. Bakteriya va ko`k-yashil suv o`tlarida haqiqiy yadro bo`lmaydi.
Yadro quyidagi qismlar: yadro po`sti, nukleoplazma, xromosoma va yadrochadan iborat.
Yadro po`sti ikki qavat membranadan tashkil topgan bo`lib, yadroni sitoplazmadan ajratib turadi. Yadro po`stida maxsus teshikchalar – poralar bo`ladi. Poralar orqali makromolekulalar nukleoplazmadan gialoplazmaga va teskari tomonga o`tib turadi.
Nukleoplazma – bu kalloid qorishma bo`lib, unda xromosoma va yadrocha joylashgan. Xromosomalar ikki xil holatda bo`lishi mumkin. Ishchi holatida ingichka ipga o`xshash bo`lib, modda almashinuvi jarayonida faol qatnashadi. Ularni faqat elektron mikroskopda ko`rish mumkin. Yadroning bo`linish davrida ular maksimal darajada yig`ilib qisqa va yo`g`on bo`ladi. Bu holatda ularni yorug`lik mikroskopda ham ko`rish mumkin bo`ladi. Ular genetik axborotlarni bo`lishtirish va tashishi vazifasini bajaradilar va modda almashinuvi jarayonida qatnashmaydilar. Ximiyaviy tarkibi esa DNK va oqsildan iborat nukleoproteiddan tarkib topgan.
Yadrochalarda sitoplazmaga o`tadigan ribosomalar hosil bo`ladi va u RNK kislotalari sinezida hamda yadroning bo`linish protsessida ishtirok etadi.
Hujayradagi zapas moddalar. Protoplastda bo`ladigan modda almashinish jarayonida hujayrada turli xil organik moddalar hosil bo`lib, ular o`simlik hayotining ma`lum davrlarida – urug`ning unib chiqishida, organlarni vujudga keltirish yoki boshqa turli xil jarayonlarda (nafas olish, oziqlanish, o`sish va hok. ) energiya hosil qiluvchi asosiy manba sifatida xizmat qiladi. Ana shu maqsadlar uchun sarf bo`ladigan va hujayraning protoplastida to`planadigan moddalar zapas oziq moddalar deyiladi.
Bu moddalar o`simlikning turli organlarida to`planadi, biroq, urug` va mevalarda, tuganak, piyozbosh, ildiz hamda ildiz mevalarda ko`proq bo`ladi.
Ximiyaviy tarkibi jihatidan ular uchta asosiy guruhga bo`linadi: uglevodlar, moylar va oqsillar.
Uglevodlar o`simlik organizmida juda ko`p bo`lib, asosan olma, nok, uzum va boshqa mevalar tarkibida uchraydi. Fotosintez natijasida hosil bo`lgan kraxmal birlamchi kraxmal deyiladi. Keyinchalik u fermentlar ta`sirida qandga aylanadi va glyukoza tarzida o`sayotgan oganlar uchun sarf bo`ladi yoki leykoplastlarga borib yana fermentlar ishtirokida ikkilamchi (zapas) kraxmalga aylanadi. O`simliklar bu kraxmalni kelgusi yili urug`, tugunak, piyozboshlarining unib chiqishida sarflaydi. Bunda kraxmal qaytadan oddiy shakarga aylanadi.
Moylar asosan o`simlikning mevasi va urug`ida to`planadi. Moylar o`ta yuqori kaloriya beruvchi oziq moddalardir. Urug` tarkibidagi moylarning miqdori o`simlik turiga va tashqi muhit sharoitiga bevosita bog`liq. Masalan, bug`doy donida 2, makkajo`xorida 4-6, yeryong`oq urug`ida 50, yong`oq mag`zida esa 75% ga qadar moy bo`ladi. O`simlik moyi oziq-ovqat sanoatida muhim ahamiyatga ega. masalan, kunjut, zig`ir, kungaboqar, mahsar va chigitdan oziq-ovqat uchun ishlatiladigan moy olinadi.
Tung, kanakunjut va shu kabi boshqa o`simliklardan sanoatning turli tarmoqlarida ishlatiladigan texnik moy olinadi. O`simliklarda zapas holatda oqsillar ham to`planadi. Masalan, dukkakli o`simliklardan mosh, loviya, no`xat, soya donida oqsil ko`p miqdorda to`planadi. Oqsil o`simlikka bir vaqtning o`zida energiya beradigan hamda asosiy qurilish materiali hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Gofman P. , Kadashnikov. Biologiya bilan umumiy genetika. Toshkent, 1970 y.
Yoziyev L. H. Botanika. Qarshi, 2003 y.
Maqsudov Z. Yu. Umumiy genetika. Toshkent, 1976 y.
Pratov O`. Botanika. 5, 6 sinflar uchun darslik. Toshkent, 2003 y.
To`raqulov Yo. H. va boshqalar. Umumiy biologiya. Toshkent, 1996 y.
Hamdamov I. H. va boshqalar. Tabiiy fanlar zamonaviy konsepsiyasi. Toshkent, 2007 y.