Hujayra tirik organizmlarning struktur birligi



Yüklə 91,5 Kb.
səhifə3/3
tarix11.08.2022
ölçüsü91,5 Kb.
#63082
1   2   3
HUJAYRANING KIMYOVIY TARKIBI

O`simlik hujayrasining tuzilishi. O`simlik hujayrasi asosan, 3 qismdan: tashqaridan o`rab turuvchi hujayra po`sti, markazida joylashgan vakuola va hujayra shirasi – protoplastdan iborat.
Hujayra qobig`i hujayraning tashqi muhit bilan va boshqa hujayralar bilan o`zaro munosabatlarini ta`minlaydi va shunga ko`ra uch xil asosiy vazifani bajaradi: 1) himoya, to`siq, 2) moddalarni o`tkazish, 3) retseptor.
Hujayra po`sti va vakuola uning o`lik qismi, protoplast esa tirik qismidir. Protoplast o`z navbatida sitoplazma va yadrodan tashkil topgan. Protoplastning faoliyati tufayli hujayra po`sti va hujayra shirasi ishlab chiqariladi. Hujayra shirasi turli organik va mineral moddalarning suvdagi eritmasidir.
Sitoplazma hujayraning asosiy massasi uning ichki muhiti hisoblanadi. Sitoplazma hujayraning hamma tarkibiy qismlarini bir-biri bilan bog`lab, ular orasidagi aloqalarning amalga oshishida muhim rol o`ynaydi. Sitoplazma tashqaridan plazmatik membrana, ichkaridan esa yadro qobig`i bilan chegaralangan.
Sitoplazma shilimshiq rangli suyuqlik bo`lib, uning tarkibida 90 % gacha suv bo`lsada, asosan murakkab organik birikmalar, ko`pincha oqsillardan tashkil topgan. Bundan tashqari bir qancha anorganik moddalar ham mavjud.
Endoplazmatik to`r sitoplazma kanalchalarini yadro va qo`shni hujayralar bilan bog`laydi. Moddalar almashinuvi mahsulotlari ham shu sistema bo`ylab tarqaladi va hujayraning turli qismlariga oqib boradi.
Hujayraning Golji apparati deb ataladigan alohida organoidlari ham endoplazmatik to`r bilan funktsional bog`langan. Golji apparatida organik moddalar vaqtincha to`planadi va keyin hujayraning boshqa qismlariga tarqaladi.
Elektron mikroskopda qaralganda, endoplazmatik to`r kanalchalarining tashqi yuzasida va bevosita sitoplazma qavatida yumaloq, mayda tanachalarni ko`rish mumkin - bu ribosomalar deb ataladi. Ular RNK ning spiralsimon shaklli bir nechta molekulasidan tashkil topgan. RNK spirali o`rami orasida oqsil molekulalari joylashadi va ular oqsil moddalarini sintezlab, muhim vazifani bajaradi.
O`simlik hujayrasining sitoplazmasida kalta tayoqchalar shaklidagi mitoxondriyalar bo`ladi. U ancha murakkab tuzilgan bo`lib, tashqi tomonidan ikki qavat membranasi bor. Mitoxondriya hujayraning energiya manbai hisoblanadi. Bunda moddalar almashinuvi turli xil mahsulotlarining achishi natijasida ajralib chiqadigan energiya hisobiga ATF sintezlanadi.
Plastidalar – faqat o`simlik hujayralarida bo`ladi. Ular tashqaridan ikkita membrana bilan qoplangan. Beradigan rangiga qarab plastidalar 3 xil bo`ladi. Bular xloroplast, xromoplast va leykoplast.
Xloraplast yashil pigmentli xlorofill, qo`ng`ir rangli karotin va sariq rangli ksantofillarni o`zida tutadi. Xloraplastning asosiy vazifasi aynan xlorofill bilan bog`liq. U fotosintez jarayoniga qatnashib shsimlikning faqat yer ustki, quyosh nurini qabul qiladigan qismida uchrab, shu tufayli o`simlik yashil rangda bo`ladi.
Leykoplastlar rangsiz plastidalar bo`lib, ko`pincha to`qima va organlarning quyosh nuri tushmaydigan yer ostki qismida ya`ni, ildiz, tugunak va urug`da bo`ladi. Ularning asosiy vazifasi – zapas oziq moddalar, birinchi navbatda kraxmal, ba`zan oqsil va kam hollarda yog`larni sintez qilishdan iborat.
Xromoplastlar o`zida karotinoidlar guruhiga mansub qizil, qo`ng`ir va sariq pigmentlar tutadi. Ularning moddalar almashinuvi jarayonidagi vazifasi haligacha aniqlanmagan. Ularning bilvosita vazifasi esa gullarning changlanishi va urug`larni tarqalishi jarayonida hasharot va qushlarni jalb qilishdan iborat.
Yadro o`simlik va hayvon hujayrasining muhim qismi hisoblanib, u irsiy belgilarni saqlashda va hujayrada oqsil sintezini boshqarishda katta rol o`ynaydi. Hujayraning nafas olishi ham yadro nazoratida bo`ladi. Hujayra yadrosiz yashay olmaydi, agarda uni hujayradan ajratib olinsa darhol nobud bo`ladi. Odatda hujayrada bitta, ayrim suv o`tlari va zamburug`larda ko`p yadroli hujayralar bo`ladi. Bakteriya va ko`k-yashil suv o`tlarida haqiqiy yadro bo`lmaydi.
Yadro quyidagi qismlar: yadro po`sti, nukleoplazma, xromosoma va yadrochadan iborat.
Yadro po`sti ikki qavat membranadan tashkil topgan bo`lib, yadroni sitoplazmadan ajratib turadi. Yadro po`stida maxsus teshikchalar – poralar bo`ladi. Poralar orqali makromolekulalar nukleoplazmadan gialoplazmaga va teskari tomonga o`tib turadi.
Nukleoplazma – bu kalloid qorishma bo`lib, unda xromosoma va yadrocha joylashgan. Xromosomalar ikki xil holatda bo`lishi mumkin. Ishchi holatida ingichka ipga o`xshash bo`lib, modda almashinuvi jarayonida faol qatnashadi. Ularni faqat elektron mikroskopda ko`rish mumkin. Yadroning bo`linish davrida ular maksimal darajada yig`ilib qisqa va yo`g`on bo`ladi. Bu holatda ularni yorug`lik mikroskopda ham ko`rish mumkin bo`ladi. Ular genetik axborotlarni bo`lishtirish va tashishi vazifasini bajaradilar va modda almashinuvi jarayonida qatnashmaydilar. Ximiyaviy tarkibi esa DNK va oqsildan iborat nukleoproteiddan tarkib topgan.
Yadrochalarda sitoplazmaga o`tadigan ribosomalar hosil bo`ladi va u RNK kislotalari sinezida hamda yadroning bo`linish protsessida ishtirok etadi.
Hujayradagi zapas moddalar. Protoplastda bo`ladigan modda almashinish jarayonida hujayrada turli xil organik moddalar hosil bo`lib, ular o`simlik hayotining ma`lum davrlarida – urug`ning unib chiqishida, organlarni vujudga keltirish yoki boshqa turli xil jarayonlarda (nafas olish, oziqlanish, o`sish va hok. ) energiya hosil qiluvchi asosiy manba sifatida xizmat qiladi. Ana shu maqsadlar uchun sarf bo`ladigan va hujayraning protoplastida to`planadigan moddalar zapas oziq moddalar deyiladi.
Bu moddalar o`simlikning turli organlarida to`planadi, biroq, urug` va mevalarda, tuganak, piyozbosh, ildiz hamda ildiz mevalarda ko`proq bo`ladi.
Ximiyaviy tarkibi jihatidan ular uchta asosiy guruhga bo`linadi: uglevodlar, moylar va oqsillar.
Uglevodlar o`simlik organizmida juda ko`p bo`lib, asosan olma, nok, uzum va boshqa mevalar tarkibida uchraydi. Fotosintez natijasida hosil bo`lgan kraxmal birlamchi kraxmal deyiladi. Keyinchalik u fermentlar ta`sirida qandga aylanadi va glyukoza tarzida o`sayotgan oganlar uchun sarf bo`ladi yoki leykoplastlarga borib yana fermentlar ishtirokida ikkilamchi (zapas) kraxmalga aylanadi. O`simliklar bu kraxmalni kelgusi yili urug`, tugunak, piyozboshlarining unib chiqishida sarflaydi. Bunda kraxmal qaytadan oddiy shakarga aylanadi.
Moylar asosan o`simlikning mevasi va urug`ida to`planadi. Moylar o`ta yuqori kaloriya beruvchi oziq moddalardir. Urug` tarkibidagi moylarning miqdori o`simlik turiga va tashqi muhit sharoitiga bevosita bog`liq. Masalan, bug`doy donida 2, makkajo`xorida 4-6, yeryong`oq urug`ida 50, yong`oq mag`zida esa 75% ga qadar moy bo`ladi. O`simlik moyi oziq-ovqat sanoatida muhim ahamiyatga ega. masalan, kunjut, zig`ir, kungaboqar, mahsar va chigitdan oziq-ovqat uchun ishlatiladigan moy olinadi.
Tung, kanakunjut va shu kabi boshqa o`simliklardan sanoatning turli tarmoqlarida ishlatiladigan texnik moy olinadi. O`simliklarda zapas holatda oqsillar ham to`planadi. Masalan, dukkakli o`simliklardan mosh, loviya, no`xat, soya donida oqsil ko`p miqdorda to`planadi. Oqsil o`simlikka bir vaqtning o`zida energiya beradigan hamda asosiy qurilish materiali hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:


  1. Gofman P. , Kadashnikov. Biologiya bilan umumiy genetika. Toshkent, 1970 y.

  2. Yoziyev L. H. Botanika. Qarshi, 2003 y.

  3. Maqsudov Z. Yu. Umumiy genetika. Toshkent, 1976 y.

  4. Pratov O`. Botanika. 5, 6 sinflar uchun darslik. Toshkent, 2003 y.

  5. To`raqulov Yo. H. va boshqalar. Umumiy biologiya. Toshkent, 1996 y.

  6. Hamdamov I. H. va boshqalar. Tabiiy fanlar zamonaviy konsepsiyasi. Toshkent, 2007 y.

  7. www.ziyonet.uz

Yüklə 91,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin