Hukm ajrim va qarorlarning qonuniyligi asosliligi va adolatliligini tekshirish bosqichida sud nazorati
Jinoyat ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi tomonidan hukmning qabul qilinishi masalani uzil-kesil hal bo‘ldi, deb aytish uchun asos bo‘la olmaydi. Hukmning qonuniy, asosli va adolatli ekanligiga protsess ishtirokchilari tomonidan tug‘ilgan har qanday shubha va shunga ko‘ra berilgan shikoyat uni qaytadan yuqori instansiya sudi tomonidan tekshirishga, asoslar bo‘lganida esa hukmni bekor bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida ish yuritish ilmiy doirada o‘rganilgan, lekin mukammal emas. Zero, bu instansiyalarning mohiyati va mazmuni sud nazorati vakolati bilan bog‘lanmas ekan, uning asl maqsadini bayon qilib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra:
1) Apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari shuningdek, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ish yuritishni qaytadan boshlash sud nazoratini amalga oshirishning mustaqil shakllari hisoblanadi;
2) Bu instansiyalar mohiyati, maqsad va vazifalariga ko‘ra yagona bo‘lib, sud muhokamasi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ularning shikoyat yoki protestlariga asosan sud qarorlarini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi hamda buzilgan haq-huquqlarini tiklaydi; 3)Apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiya sudlari ham birinchi instansiya sudiga o‘xshab, sud qarorlarini tekshirish bilan taraflar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilikni mazmunan hal qiladi, chunki kelishmovchilik albatta shaxsning aybdorlik darajasi hamda uning qilmishi uchun belgilangan jazo miqdori bilan bog‘liq bo‘ladi; 4) apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari uchun quyi sud qarorlarini tekshirish asoslari, tartibi, umumiy shartlari va chegarasi bir xil.