HUQUQIY NORMALAR Annotatsiya:Huquq normasi yuridik fan, xususan, davlat va huquq nazariyasining fundamental kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Ushbu maqolada huquq normalari tushunchasi va belgilari haqida kerakli ma’lumotlar berilgan. Kalit so’zlar: Huquq normasi , Gipoteza , Sanksiya , Dispozitsiya , huquq majburiyatlari. Huquq normasi huquqiy tizimning barcha elementlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir tomondan, u huquq ijodkorligi, shu jumladan qonunchilik jarayonining mahsuli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, u huquqni qollash jarayoni orqali amalga oshirilib, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish vositasiga aylanadi, shuningdek huquq normasi huquqiy munosabatlarning andozasi, modeli sifatida maydonga chiqadi. Huquq normalari yig'indisi jamiyat huquqiy tizimining normativ asosini, ya’ni o‘zagini tashkil qiladi. Jamiyatda qaror topadigan yangi munosabatlar ularni tartibga solishga qaratilgan tegishli huquq normalarini yaratilishiga turtki beradi. O‘z navbatida, bu huquq normalari yangi munosabatlarni qonuniy jihatdan mustahkamlaydi, muhofaza qiladi va rivojlantiradi. Xuddi shu ma’noda huquq normalari jamiyat taraqqiyotiga muhim hissa qo'shadi, xizmat qiladi. «Norma» so‘zi lotinchadan olingan bo'lib, «qoida», «namuna» degan ma’nolarni anglatadi. Huquq normasi - davlat tomonidan o'rnatiladigan yoki ma’qullanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy xulq-atvor qoidasi Huquq tizimining barcha elementlari (norma, institut, soha) huquq normasi bilan chambarchas bog'liqlikda mavjud boladi. Boshqacha aytganda, huquq normasi huquqiy tizimning asosini, boshlang‘ich hujayrasini tashkil etadi.
Shu sababli unda, avvalambor, huquq m azm unining asosiy xususiyatlari ifodalanadi. Huquq normalari ijtimoiy normalar sifatida kishilarning ozaro munosabatlaridagi xulqatvor normalari jumlasiga kiradi. Bu ruxsat berish, cheklash, taqiqlash yoki pozitiv huquqqa xos majburiyatlar qoidasini o‘z ichiga oluvchi qoidadir. Huquq normasi - ijtimoiy hodisa sifatida huquqning asosiy, muhim qismi, butun huquqiy tizimning bosh tushunchasidir. Huquqning shakllanishi va amalga oshirilish jarayoni, qonunlar, barcha yuridik tushunchalar va tuzilishlar, hatto nazariya ham o‘z zamirida bevosita yoki bilvosita huquq normasiga ega bo‘ladi Huquq normasining asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1.Irodaviy xarakterga egaligi. Unda jamiyatning davlat irodasi, manfaati, maqsadi aks etadi. Mazkur iroda ijtimoiy voqelikning ijtimoiy-iqtisodiy, milliy, ma’naviy, tabiiy va boshqa shart-sharoitlar bilan bevosita bog‘liq bo'ladi.
2. Normativligi. Huquq normasining normativligi jamiyat rivojlanishining muayyan davrida tipik va barqaror holatda bo‘lgan hamda ozining takroriyligi va umumiyligi bilan tavsiflanadigan kishilarning munosabatlari va harakatlarini tartibga solishida namoyon bo‘ladi.
3. Davlat bilan o‘zaro bog‘liqligi. Huquq normalari davlat tomonidan o‘rnatiladi, ma’qullanadi, o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi. O‘z navbatida, davlatning jamiyat hayotining turli yo‘nalishlaridagi faoliyati huquq normalari bilan chegaralanadi va tartibga solinadi. Huquq normalarining bajarilishi davlat tomonidan ta’minlanadi.
4. Umummajburiyligi. Bu shuni anglatadiki, huquq normalari barcha huquq subyektlariga qaratilgan bo'ladi va ushbu normalar ular tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Rasmiy va shaklan aniqlikka egaligi. Huquq normasi umumijtimoiy iroda sifatida davlat tomonidan o‘rnatilgan rasmiy yuridik hujjatlar shaklida (normativ-huquqiy hujjatlar, normativ shartnoma va boshqalar) ifodalanadi. Shuningdek, boshqa ijtimoiy normalardan farqli ravishda huquq normalari aks etgan normativ-huquqiy hujjatlar muayyan rekvizitlarga ega bo‘ladi (qabul qilingan vaqti, joyi, ro‘yxat raqami, nomi va boshqalar).
6. Tizimliligi. Tizim so‘zi yunoncha «systeme» terminidan olingan bo'lib, o‘zbek tilida «yaxlit», «qismlardan iborat» degan ma’nolarni bildiradi. Mazkur belgi huquq normasining muayyan tarkibiy qismlarning mantiqiy, izchil va mutanosiblikda ekanligini anglatadi Huquq normasi kichik tizimlardan, ya’ni o'zaro bog‘liq elementlardan iborat bo'ladi. Ularning bo'linishi yuzasidan turli xil qarashlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, barcha huquqshunos olimlar tomonidan huquq norma elementlari 3 ta (gipoteza, dispozitsiya va sanksiya) ekanligi yakdil qabul qilinadi. Huquq normasining tarkibiy elementlari o'rtasida o‘zaro yuridikmafitiqiy bog'lanish, yuridik-texnika qoidalariga asoslangan holda ifodalanish, mantiqiy izchillik hamda tizimlilik mavjud. Qolaversa, u huquqiy jihatdan umumiy mazmun asosida bir butunlikni, yaxlitlikni hosil qiladi. Biroq ular ayrim huquq sohalarida huquq normasining elementlari sifatida to‘liq holatda, birgalikda uchramaydi (Konstitutsiyaning ta’sis etuvchi normalarida dispozitsiya shaklida). Bunday holatlarda normativhuquqiy hujjatning tegishli moddalari mohiyatini anglab yetish huquqning ichki tuzilishi bilan bog'liq nazariy qoidalar asosida ijobiy hal etilishi mumkin.Huquq normasining dastlabki qismi bo‘lgan gipoteza «farazyordamida xatti-harakatning mavhum varianti konkret «hayotiy» hodisaga, ma’lum bir shaxsga, vaqtga, joyga «bog‘lanadi». Farazda mustahkamlangan har bir vaziyat (holat) xulq-atvor qoidasiga «hayot nafasini kiritadi», uni alohida hodisa darajasiga ko'taradi». Shuningdek, gipotezada huquq normasida belgilangan qoida qay sharoitda va qay holatda hamda kim tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatiladi. Gipoteza huquq normasining bir qismi bo‘lib, unda dipozitsiyada ko'rsatilgan qoidaning kuchga kirishi uchun zarur bo'lgan aniq hayotiy holat (voqea, harakat, hodisalar) o‘z ifodasini topadi. Dispozitsiya huquq normasining bir qismi bo‘lib, unda gipotezada ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganida huquq subyektlari rioya etishlari lozim bo‘lgan xattiharakat qoidasi (huquq va majburiyatlari) ifodalangan .. bo‘ladi. Sanksiya - dispozitsiyada ko'rsatilgan talablarni bajarmaganlik uchun berilishi mumkin bo'lgan ta’sir chorasi yoki tavsiya etilgan harakatni sodir etganlik uchun rag‘batlantirishning turi va o‘lchovi hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. O‘zbekiston huquq ensiklopediyasi / Nashr uchun masul R.A. Muxitdinov
va boshliq; masul muxarrir N. Toychiev. - T .: Adolat, 2010. B. 140
2. Odilqoriyev X.T. Davlat va huquq nazariyasi. - T.: Adolat, 2018. - B. 257.
3. Islomov Z.M. Davlat va huquq nazariyasi / masul muxarrirlar: X.
Rahmonqulov, akademik, J.F.D., prof., X. Boboev, J.F.D., prof. - T .: Adolat, 2007. B.672.
4. Davlat va huquq nazariyasi: Darslik / prof. X.T. Odilqoriyev tahriri ostida. -T.: Sharq, 2009. B. 277.