Yuqorida ta’kidlanganidek, hozirgi kunda daromadlari boshqa sohalarga nisbatan oqsayotgan sohalar deyarli to‘liq davlat nazoratida. Demak, bu soha vakillarining daromadlarini boshqa soha vakillarining daromadlari bilan muvofiqlashtirish ham qaror qabul qiluvchilarning irodasiga bog‘liq.
Ta’lim yoki tibbiyot sohasi vakillari jamiyatning eng daromadi past, ochiqroq aytganda, eng kambag‘al vakillari bo‘lib qolayotganligi, nazarimda, juda achinarli holat.
Turli daromad guruhlari o‘rtasidagi tengsizlik
Quyidagi grafikda aholi daromad guruhlarining umumiy daromaddagi ulushi tasvirlangan. Bunda aholi daromad darajasi bo‘yicha 10 ta guruh (detsil)ga bo‘lingan (har bir guruh jami aholining mos daromadga ega 10 foiz qismini ifodalaydi). I detsil eng kam daromad oluvchi aholi guruhi bo‘lsa, X detsil daromadlar darajasi eng yuqori bo‘lgan guruh hisoblanadi.
Bir qarashda so‘nggi yillardagi o‘zgarishlardan muayyan bir xulosaga kelish qiyin. Eng ko‘p daromadga egalik qiluvchi guruh (X detsil) daromadlarining jami daromaddagi ulushi pasayib borayotganligini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu O‘zbekistonda tengsizlik pasayib bormoqda, degan tasavvur uyg‘otishi mumkin. Biroq, umumiy daromadlar va tengsizlik bo‘yicha ma’lumotlar tanlanma kuzatuvlar asosida shakllantirilishi hisobga olinsa, shuni unutmaslik kerakki, bunday kuzatuvlar ayrim kamchiliklarga ega bo‘lib, daromadi yuqori aholi qatlamini to‘liq qamrab olmasligi bilan harakterlidir. Bu esa, o‘z-o‘zidan, tengsizlikning haqiqiy holatdan pastroq shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hozircha ma’lumotlar shakllantirilishining texnik jihatlariga e’tibor qaratmay, mavjud ma’lumotlarni tahlil qilib ko‘ramiz.
Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.
Eng yuqori daromadga ega aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi kamayib borayotganligi tengsizlikning qisqarib borayotganligining anglatmaydi, sababi eng kam daromad oluvchi aholi guruhi daromadlari ham so‘nggi yillardan pasayuvchi tendensiyani namoyon qilmoqda. Xususan, eng kam daromadga ega bo‘lgan 10 foizlik aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi 2017 yilda 3,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning so‘ngiga kelib bu ko‘rsatkich 3,3 foizgacha qisqargan. Boshqacha aytganda, eng kam daromadga ega aholi qatlamining daromadlari o‘sib bormoqda, deb faraz qilingan taqdirda ham, ularning daromadlari boshqa aholi guruhlarining daromadlariga nisbatan sekinroq o‘smoqda, bu ularning boshqa aholi guruhlariga nisbatan kambag‘allashib borayotganligidan dalolat beradi.