Nazarimda, tengsizlikni o‘lchash mumkin bo‘lgan boshqa usullardan foydalanish va mos ko‘rsatkichlarni tahlil qilish mamlakatimizda qanday tendensiya kuzatilayotganligini yanada yaxshiroq va chuqurroq tushunish imkonini beradi. Buning uchun daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlararo tafovutlar, ish haqi miqdorining sohalar kesimida qanday o‘zgarayotganligi hamda turli daromad guruhlarining jami daromaddagi ulushi qanday o‘zgarib borayotganligini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlararo farqlar
Daromadlar shakllanishida hududlar o‘rtasidagi mavjud farqlar bir nechta omillar bilan izohlanadi. O‘zbekiston misolida hududni harakterlovchi asosiy tabiiy boyliklar hamda mazkur hududga hukumat tomonidan qaratilgan e’tibor (investitsiyalar, infrastruktura va h.k.) daromadlar shakllanishi va bu borada hududlar o‘rtasidagi farqlarning kelib chiqishida hal qiluvchi omillar bo‘lib hisoblanadi. Xususan, aholi jon boshiga umumiy daromad darajasi bo‘yicha respublikada yetakchi bo‘lgan ikki hudud — Navoiy viloyati hamda Toshkent shahri yuqoridagi omillarning ta’siri qay darajada ekanligiga yaqqol misol bo‘la oladi. Biroq, qayd etish joizki, «yangi davr» boshlanishidan oldin mazkur hududlardagi daromadlar darajasi ham boshqa hududlarnikidan sezilarli farq qilmas edi.
Hozirgi kunda umumiy daromadlar darajasi eng yuqori bo‘lgan Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 2021 yilda mos ravishda 30,2 hamda 24,2 mln so‘mni tashkil etgan. Umumiy daromadlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 14,8 mln so‘mni tashkil etgan.
Boshqacha aytganda, o‘rtacha toshkentlik hamda o‘rtacha navoiylik respublikadagi o‘rtacha daromadga ega insondan mos ravishda 2 karra hamda 1,6 karra boyroq hisoblanadi.Toshkent shahrining aholi jon boshiga umumiy daromadlari respublikadagi aholi jon boshiga umumiy daromadlar darajasi eng past bo‘lgan hudud — Farg‘ona viloyatiga nisbatan qariyb 2,8 barobarga yuqori. 2016 yilda Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatining aholi jon boshiga umumiy daromadlari orasidagi farq 2,5 barobarni tashkil etgan.