Taʼkidlash joizki, Sharqda Navoiygacha va undan keyin ham adabiyotshunoslik bobida koʻp xayrli ishlar qilinib, bir talay asarlar yozilgan. Sheʼriyat nazariyasi va tanqidchiligiga oid fikr-mulohazalar oʻtmishda nafaqat tazkiralarda, balki Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Bobur kabi maʼnaviyatimizning ulugʻ namoyandalari asarlarida ham keng ifoda etilganki, bu jihatdan ularning sheʼr va shoirlik masʼuliyati haqidagi qarashlari adabiyotshunoslik, adabiy tanqid ilmining rivojiga sezilarli taʼsir etgan. Masalan, Forobiy sheʼr sanʼati va uning vazifasini shunday belgilaydi: “Bu sanʼat – biror maqsadni amalga oshirayotgan paytda, yoʻldan chiqib ketmaslikka yordam beruvchi va inson xayolini qogʻozda namoyon etuvchi sanʼatdir. Sheʼrning olti xili bor. Shundan uchtasi yaxshi va uchtasi yomondir. Yaxshilardan biri shuki, uning yordamida inson aqliy quvvatini mukammallashtiradi, saodatga olib boruvchi fikri oydinlashadi, yaxshi ishlarga, fazilatli boʻlishga ilhomlanadi, xasislik, yomon va qabih ishlardan saqlanadi. Ikkinchi yaxshi xili kishining ruhiy sezgilarini yuksaltiradi, haddan tashqari ehtiyotkorlikdan xoli qiladi, izzat-nafsni saqlaydi, gʻazablanishdan, yomon ishlardan ehtiyot qilishga yordam beradi. Uchinchisi kishini zaiflikdan saqlaydi, uning nafsini, hirsini tiyadi, gʻamdan xalos qiladi, yomonlik oldida ana shu yuqorida qayd qilingan ijobiy xislatlarni namoyon etishga yordam beradi”.
Oʻzbekistonda adabiy-tanqidiy qarashlar va adabiyotshunoslik ilmining rivoji XIX asrning ikkinchi yarmidan yangicha tamoyillar kasb eta boshladi. Taniqli adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning taʼkidlashicha, XIX asrning ikkinchi yarmidagi oʻzbek matbuotiga, xususan, “Turkiston viloyatining gazeti”ga nazar tashlansa, bugungi tushunchamizga oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlgan adabiy-tanqidiy maqolalarga duch kelish mumkin va, aynan, oʻsha davrdan boshlab tom maʼnodagi malakali tanqidchilikka asos solindi.
Yozuvchilar yangi yozgan asarlarini turli davralarda, yigʻin va saroylarda oʻqib berishgan, davra qatnashchilari esa shu asarlarning yutuq va kamchiliklarini qayd etib, ayni paytda ham oʻquvchi (kitobxon), ham tanqidchi vazifasini bajarib kelishgan. Bu T. tarixining "ogʻzaki davri"dir. T.ning yozma adabiyotdagi ilk namunalarining paydo boʻlishi esa tazkirachilik maktabining shakllanishi bilan bevosita bogʻliq. Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ushshuaro" (1487) asari eng qad. tazkiralardan biri boʻlib, unda 9—15-asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston va Eronda yashagan mashhur shoirlar haqida maʼlumot bilan birga ular ijodidan namunalar ham berilgan. Tazkirachilikning mumtoz namunalaridan biri — Navoiyning "Majolis unnafois" (1491) asarida esa 15-asrda Xurosonda yashagan jami 450 dan ortiq shoir, yozuvchi va olimlarning bilim darajasi, dunyoqarashi, xulqatvori va boshqa toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shuningdek, Nisoriy, Vozeh, Fazliy, Tabibiy va boshqalarning tazkiralarida muayyan yozuvchilar va ularning asarlari yuzasidan berilgan maʼlumotlar oʻzbek adabiyotida T.ning paydo boʻlishidagi muhim omillardan boʻlgan.
Mavlono Lutfiy o’z zamonining malikul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo’q erdi. Ammo turkiyda shuhrati ko’prak erdi va turkcha devoni ham mashhurdur va mutaazzirul javob matla’lari bor, ul jumladin biri budurkim:
Nozukluk ichra belicha yo’q tori gisuyi,
Uz haddini bilib, belidin o’ltirur quyi.
Yana biri bukim:
Sayd etti dilbarim meni oshufta sochtin,
Soldi kamand bo’ynuma ikki qulochtin.
Va Mavlononing «Zafarnoma» tarjimasida o’n ming baytdin ortuqroq masnaviysi bor, bayozg’a yozmag’on uchun, shuhrat tutmadi va lekin forsiyda qasidago’y ustodlardin ko’pining mushkul she’rlarig’a javob aytibdur va yaxshi aytibdur. To’qson to’qquz yashadi va oxir umrida radifi «oftob» she’ri ayttikim, zamon shuarosi barcha tatabbu’ qildilar, hech qaysisi matla’ni oncha ayta olmadilar va ul matla’ budurkim:
Ey zi zulfi shab misolat soyaparvar oftob,
Shomi zulfatro ba joyi moh dar bar oftob.
Va o’tar vaqtida bu g’azal matla’inkim, tuganmaydur erdi, hazrati Mahdumiy Nuran tugatib, o’z devonlarida bitisunlar. Ul hazrat ham tugatib, o’z devonlarida bitidilar va ul matla’ budurkim:
Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh z-on ki ba badxo’i bemehri chunin aftad.
Mavlono yigitligida ulumi zohiriyni takmil qilg’ondin so’ngra Mavlono Shihobiddin Xiyoboniy qoshida so’fiya tariyqida ham suluk qilg’ondur. Aziz va mutabarrak kishi erdi.
Bu faqir borasida ko’p fotihalar o’qubtur. Umed ulkim, chun darvesh kishi erdi, ba’zi mustajob bo’lmish bo’lg’ay.
Mavlononing qabri shahr navohisida Dehi Qanor-dakim, o’z maskani erdi, andadur (Alisher Navoiy. «Majolisun nafois»dan.).
Atoqli turk olimi M. F. Ko’prulizodaning e’tirof etishicha, Lutfiyning she’rlari yolg’iz chig’atoy shoirlari orasida emas, balki «Xarobot» muallifi Ziyo Poshoga qadar bo’lgan usmonli turk shoirlari orasida ham zavq bilan o’qilgan.
Alisher Navoiyning “Majolisun nafois”da yozganidan bo’lak “Xutbai davovun”da ham Sakkokiy haqida shunday ma’lumotlarini qoldirgan: “…uyg’ur iboratining fusahosidin va turk alfozining bulag’osidin Mavlono Sakkokiy va Mavlono Lutfiykim,birining shirin ab’yoti ijtihodi Turkistonda beg’oyat va birining latif g’azaliyoti intishiori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur, ham devonlari mavjud bo’lg’ay”. Alisher Navoiyning ushbu bahosi Sakkokiyning o’z zamonasida juda mashhur bo’lganini hamda she’riyatining xalq va ijod ahli orasida keng yoyilganini ko’rsatadi. Sakkokiy – adibning taxallusi. Uning nomi ma’lum emas. «Sakkokiy»ning ma’nosi «pichoqchi» demakdir. Bu adib shug’ullangan kasbga ishora. Sakkokiyning tug’ilgan va vafot etgan yillari ma’lum emas. Ammo u yozgan asarlar orasida bir necha qasidalar mavjud. Bu qasidalar aniq bir tarixiy shaxslarga bag’ishlangan. Ular orasida Xalil Sulton, Arslon Xo’ja Tarxon, Xo’ja Muhammad Porso va Ulug’beklar bor.