1-bob. Umumiy qoidalar 1. Qizil kitob O'zbekiston Respublikasi hududida doimo yoki vaqtincha, quruqlikda, suvda, atmosferada yoki tuproqda tabiiy erkinlik holatida yashaydigan hayvonlar (umurtqali va umurtqasiz hayvonlar) hamda tabiiy muhitda o'sadigan o'simliklar (yuqori va tuban o'simliklar), shuningdek qo'ziqorinlarning kamyob va yo'qolib ketish xavfi ostidagi turlari (kenja turlari) ro'yxati, ularning holati va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlari to'g'risidagi ma‘lumotlar majmui hisoblanadi . 2. Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va o'simliklar turlarining (kenja turlari) nobud bo'lishi, miqdori kamayib ketishi yoki ularning yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin bo'lgan xatti-harakatlarga yo'l qo'yilmaydi. 3. Qizil kitob unga kiritilgan hayvon va o'simliklarning kamyob va yo'qolib ketish xavfi ostidagi turlarini (kenja turlarini) muhofaza qilish, saqlash, tiklash va takror yetishtirishga qaratilgan dasturlar (harakat rejalar)ni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo'lib hisoblanadi. 4. Qizil kitobni yuritish bo'yicha ishlar O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi hayvonot va o'simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish respublika davlat inspeksiyasining budjetdan tashqari jamg'arma mablag'ari hamda O'zbekiston Respublikasi tabiati muhofaza qilish davlat qo'mitasi huzuridagi Tabiatni muhofaza qilish respublika jamg'armasi mablag'ari hisobidan moliyalashtiriladi. 5. Qizil kitob ikki tomdan iborat bo'ladi. 6. Birinchi tom ―O'simliklar va qo'ziqorinlar deb nomlanib, ikki bo'limdan tomirli o'simliklarga oid hamda qo'ziqorinlarga oid bo'limlardan iborat bo'ladi. 7. Ikkinchi tom ―Hayvonlar deb nomlanib, oltita bo'limdan umurtqasizlar, baliqlar, quruqlik, hamda suvda yashaydiganlar va sudralib yuruvchilar, qushlar hamda sut emizuvchilar bo'limlaridan iborat bo'ladi.Bo'limlar Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va o'simliklar turlari (kenja turlari) soniga qarab, ularning sinflari, turkumlari, oilalari va zotlari bo'yicha kichik bo'limlarga bo'linishi mumkin. 8. Har bir bo'limda (kichik bo'limda) Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va o'simliklar turining (kenja turining) ta‘rifi hamda tavsifi ko'rsatilib, turlar bo'yicha alohida-alohida tizimli tartibda joylashtiriladi.