TALAB VA TAKLIF QONUNI. MEHNAT BOZORI MUVOZANATINING VUJUDGA KELISHI.
Insonlar ehtiyoji, ularning iste’molini qondirish borasidagi talabga aylanadi. Talabning asosi ehtiyojdir. Bozor pul bilan ta’minlanmagan ehtiyojga ahamiyat bermaydi. Demak, har qanday tovarga yoki xizmatga tug’ilgan ehtiyoj, albatta, sotib olish quvvatiga ega bo’lishi lozim. Pul bilan ta’minlangan ehtiyoj talabga aylanadi va xaridorlarning u yoki bu tovarni sotib olishga tayyorligini bildiradi13. Bozorda xaridorlar u yoki bu tovarga talab bilan, sotuvchilar esa, tovar taklifi bilan o’zaro uchrashadilar.
Talab – bu, zarur tovarlar va xizmatlar miqdori bo’lib, to’lovga qobil ehtiyojdir.
Talab agrosanoat majmuasi, ishlab chiqarish ijtimoiy infratuzilmasi va iqtisodiyotning boshqa sohalarining mehnat bozoriga buyurtma etgan ish haqi fondi, shaxsiy yordamchi xo'jaliklardan daromadlar va boshqa hayotiy vositalar bilan ta’minlangan ehtiyojning hajmi va tarkibini aks ettiradi.
Talabni qondirish uchun zarur bulgan yana bir iqtisodiy kategoriya - taklifdir. Talab bor joyda taklif ham paydo bo’la boshlaydi. Chunki ma’lum ehtiyojlarni qondirish uchun odamlar mehnat ya’ni ishlab chiqarish jarayoni orqali hayot uchun zaruriy ne’matlar ishlab chiqara boshlaydilar. Taklif ishlab chiqarilgan va muayyan vaqtda bozorga ma’lum bahoda sotish uchun xaridorlarga tavsiya etilayotgan tovarlar va xizmatlar miqdoridir.
Taklif yollanma sharti bilan ishga ega bo‘lishdan manfaatdor bo‘lgan qishloq ishchi kuchining miqdor va sifat (soni, jinsi, yoshi, ma’lumoti, kasbi, malakasi, millati ishlab chiqarish, daromadi va boshqalar bo'yicha) tarkibini ifodalaydi.
Bozor iqtisodiyotida talab va taklif baho orqali bir-biri bilan bog’lanadi. Ular juda o’zgaruvchan bo’lib, bunga ta’sir etuvchi omillar juda ko’p. Bozor iqtisodiyoti talab va taklifning mos kelishini taqozo etadi. Bunday moslik bozor iqtisodiyoti taraqqiyotining talabidan kelib chiqadi. Chunki, busiz iqtisodiy o’sish amalga oshmaydi14. Talab va taklif turlicha bo’lishi bilan birga baho, sotib olish qobiliyati kabilarning o’zgarishi, raqobat yo’li bilan to’xtovsiz o’zgarib borishi, tabiiy hodisadir. Lekin bozordagi to’qnashuv, munosabat tufayli talab va taklifning miqdoriy jihatdan baho bo’yicha bir-biriga tengligi, moslashuvi yuz berib, bozor muvozanatini ta’minlaydi. Muvozanatsiz bozor me’yorsiz holatda bo’ladi.
Bozordagi haqiqiy baho talab bilan taklifning o’zaro harakati tufayli yuzaga keladi. Talab va taklif muvofiq bo’lgandagi baho muvozanat baho deyiladi. Talab va taklifning bir-biriga monand bo’lishi bozor iqtisodiyotining eng muhim talabidir. Faqat talab va taklif bir-biriga mos kelgan sharoitdagina oldi-sotdi barqaror amalga oshadi. Talab va taklif miqdori, ularning tarkibi jihatidan bir-biriga muvofiq kelgan mana shu holat bozor muvozanatidir. Shu asosida iqtisodiy o’sish yuz beradi, ishlab chiqarish rivojlanadi, iqtisodiyot borgan sari o’sadi.
Talab va taklif muvozanatda bo’lishi uchun bo’lgan ishchi kuchi va ish beruvchilar harakati to’rt xil o’zgarishni o’z ichiga oladi:
a) muvozanatlashgan ishchi kuchi miqdori va ishchi kuchi bahosining o’sishi talabning o’sishini bildiradi;
b) muvozanatlashgan ishchi kuchi miqdori va bahosining pasayishi talabning pasayishini ko’rsatadi;
v) muvozanatlashgan ishchi kuchi miqdorining ko’payishi va bahosining pasayishi taklifning ko’payishini bildiradi;
g) muvozanatlashgan ishchi kuchi miqdorining kamayishi va bahoning ko’tarilishi taklifning qisqarishini bildiradi.
Muvofiqlik muvozanat baho orqali yuzaga keladi. Bozor qatnashchilari harakatining umumiylashuvi, bir-birlariga tushunarli ravishda bo’lishi, bir-biri bilan kelisha oladigan darajaga yetkazish talab va taklif muvozanatining kelishi tufayli amalga oshadi15.