Korxona majburiyatlarini muntazam nazorat qilib borish va ularni oqilona boshqarish inqirozga qarshi boshqaruv jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Chunki, pul mablag‘lari kirim-chiqimini, korxona to‘lov qobiliyatini muntazam kuzatib borish majburiyatlarni boshqarish asnosida sodir bo‘ladi.
Korxonalarni inqirozga yuz tutishi va iqtisodiy nochorlikni boshdan kechirishining oxirgi sababi ham mana shu majburiyaitlarni keskin darajada ko‘payib ketishi natijasida, to‘lov qobiliyatini tushib ketishi bilan ifodalanadi. SHu sababli, majburiyatlarni turli klassifikatsiyasi bo‘yicha to‘g‘ri boshqarib borish, kreditorlar bilan doimiy iliq munosabatni shakllantirish inqiroz riskini kamaytiradi.
Korxona qarzdorligin shartli ravishda quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
Fiskal tizim oldidagi qarzlar. Bu davlat byudjeti oldidagi qarzlar hisoblanib, unga korxona o‘z ixtiyoridan tashqari majburiy belgilangan tartibda to‘laydigan to‘lovlar kiradi. Bular soliqlar, pensiya fondiga ajratmalar, yagona ijtimoiy to‘lov va shu kabilar. Shuni ham ta’kidlash lozimki, byudjet oldidagi qarzdorlik jazolovchi bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni penchlar turli ko‘rinishdagi jarimalar bunga misol bo‘la oladi.
Moliya-kredit tizimi oldidagi qarzdorlik. Bunga turli moliya muassasalari, moliya bozorlari bilan bo‘ladigan munosabatlarda vujudga keladigan qarzdorliklar kiradi. Bular davriy foiz to‘lovlari, kreditning tani, qimmatli qog‘ozlar yuzasidan vujudga kelgan to‘lovlardan qarzdorliklar hisoblanadi. SHu bilan birgalikda bu turdagi qarzdorlikka sug‘urta kompaniyalar oldidagi qarzdorliklarni ham kiritish mumkin.
Kreditorlarga ular tomonidan taklif etilgan tovarlar va xizmatlar uchun majburiyatlar. Bu boshqa hamkorlar, mol etkazib beruvchilar va turli xizmat ko‘rsatuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar yuzasidan kelib chiqadigan qarzdorlikni anglatadi. Bugungi kunda korxonalar qarzdorligini eng katta qismi shu turdagi majburiyatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa o‘z vaqtida korxonalar o‘rtasidagi immobilizatsiyalashgan pul mablag‘lari hajmini ortib kelishiga olib kelmoqda.
Aksiyadorlar va korxona ishchi hodimlari oldidagi qarzdorlik (ichki qarzdorlik). Bu guruhga ish haqi to‘lovlaridan, turli mukofot va xizmat safari uchun to‘lovlardan, dividend va boshqa to‘lovlardan qarzdorliklar kiradi. Ichki qarzdorlikni o‘sib ketishi korxona imidjini omma oldida pasayib ketishiga va investor va ishchi-xizmatchilar o‘rtasida ishonchni yo‘qolib ketishiga olib keladi.
Korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijasida vujudga kelgan majburiyatlarni aniq bajarish vaqtlari mavjud. Majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaslik, to‘lov intizomini buzilishi hamkorlar va boshqa kreditorlarning xatar darajasini oshiradi. Korxonaning to‘lov qobiliyati bo‘yicha hatar darajasini ortib borishi va to‘lov muddatini uzayib ketishi muassislar, investorlar, hamkorlar oldidiga korxonaga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi. Bunday korxonalar o‘z faoliyatlarini ishonchsiz sheriklar bilan davom ettirishga majbur bo‘ladilar. Va ular bevosita jamiyat oldida intizomsiz to‘lovchiga aylanadilar.