Axborot manbaalari. Moliyaviy hisob uchun faqat tashkilot hisob tizimining ma’lumotlari va soliqqa tortish tizimining elementlari axborot manbai bo‘lib hisoblanadi.
Boshqaruv hisobi uchun korxona hisob tizimi ma’lumotlaridan tashqari moddiy resurslarni sarflash, texnologik chiqitning me’yorlari, bozordagi vaziyatni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi hisobotlar, ularning natijalaridan ishlab chiqarishning mavjud sharoitlarida foydalanish imkoniyatlari, tomonlar xo‘jalik shartnomalarini bajarmagan taqdirda beriladigan jarima choralari va boshqalar axborot manbai bo‘ladi.
Hisob natijalaridan foydalanuvchilar. Moliyaviy hisobni ba’zan tashqi hisob deyiladi va uning natijalari odatda e’lon qilinadi. Bundan tashqari hisobotlarda faqat moliyaviy axborotlar emas korxona faoliyati yutuqlarini, uning yangi mahsulotlarini ko‘rsatadigan reklama tusidagi ma’lumotlar ham bo‘ladi. Bu axborot korxonaning aksiyadorlariga, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni ushlab turuvchilarga va bo‘lajak investorlarga zarurdir.
Boshqaruv hisobini ichki hisob deyish mumkin. Uning natijalaridan faqat korxona hodimlari foydalanadi.
Hisobot axborotini taqdim etish shakllari. Moliyaviy axborot soliq organlariga Qonunda belgilangan shakllar bo‘yicha taqdim etiladi. Boshqaruv hisobi natijalari istalgan shaklda taqdim etilishi mumkin. Majburiy shakllar va blankalar mavjud emas. Bundan tashqari boshqaruv hisobi axborotlarini yuritish yoki yuritmaslikni korxona rahbariyatining o‘zi hal qiladi.
Hisob axboroti o‘lchov birliklari.Moliyaviy hisobot axborotlarida xo‘jalik jarayonlarini umumlashtirish uchun pul o‘lchovlaridan foydalaniladi. Ular universal bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatning milliy valyutasida ifodalanadi.
Boshqaruv hisobi axborotlari o‘lchovning barcha turlaridan – natura, mehnat va pul o‘lchovlaridan iborat bo‘ladi. Axborot uzatilayotgan shaxsga axborot o‘lchov birligining qulaylik darajasiga qarab o‘lchov shakli tanlanadi.