«Sog‘iladigan sigir» deb odatda nisbatan etuk, rivojlanishi barqarorlashgan va qisqaruvchi tarmoqda etakchi o‘rinni egallaydigan tovar va tovar guruhlariga aytiladi. Sotish barqaror holatda ekanligi va asosiy xarajatlar davridan o‘tilgan bo‘lsa, tabiiyki, sotishdan kelgan foyda hali ham uning bozordagi ulushini saqlab turish uchun zarur bo‘lganidan ortiq bo‘ladi va boshqa assortiment guruhlari yoki alohida tovarlarni rivojlantirish va saqlab turish uchun ishlatiladi. Bunday sharoitlarda firma maksimal foyda olishga intiladi, erishish vositalari esa odatda sotish kanallarini ta’minlab turish, «eslatuvchi reklama», narxdan chegirmalar, takroriy xaridlarni rag‘batlantirish hisoblanadi.
«Qiyin bola» (boshqacha nomi — «so‘roq belgisi») — bu tez rivojlanuvchi tarmoqda ishlab chiqaruvchilarning kuchli raqobati va iste’molchilarning uncha ko‘p bo‘lmagan ko‘magi sharoitlarida tovar yoki tovar guruhlari. Bozor ulushi katta emas. Firmaning vazifasi investitsiyalash manbalarini topish va tanlangan yo‘nalish doirasida rivojlanishni ta’minlashdan iborat. Strategiyaning yangi sotish kanallarini topish, tovarni siljitishga xarajatlarning kengayishi, narxni pasaytirish kabi variantlari samarali, bozordan chiqib ketish varianti ham bo‘lishi mumkin.
«It» — bu qisqarayotgan bozorda juda kichik ulushdagi tovar yoki tovarlar guruhi. «It» sifatida ko‘pincha iste’molchilar tomonidan tan olinmagan tovarlar, yoki raqobatchilar tovaridan ancha orqada bo‘lgan tovarlar, yoki ko‘p xarajat talab etuvchi va o‘sish imkoniyatlari kam bo‘lgan tovarlar namoyon bo‘ladi. Strategik qarorlarning variantlari: narxning pasayishi va xizmat ko‘rsatish hajmining kamayishi, soddalashtirish yo‘li bilan foyda olish, bozordan chiqib ketish.
BKG usuli bo‘yicha tahlil qilish yagona portfel tarkibida korxonaning o‘rnini aniqlash, istiqbolli strategiyalarni prognozlashga imkoniyat beradi. Tez o‘suvchi yo‘nalishlar investitsiyalarga ehtiyoj sezadi, sekin o‘suvchilari esa ortiqcha mablag‘larga ega bo‘ladi.
Sotishlar hajmi va foyda summasi bo‘yicha deyarli har bir yo‘nalishning ulushini hisoblash mumkin.
Shu bilan bir qatorda matritsani qo‘llash ma’lum darajada cheklangan, chunki u faqatgina barqaror sharoitlar va ko‘rsatkichlarning cheklangan doirasi bo‘yicha natija berishi mumkin.