Ibragimov r. Z. Markaziy osiyo arxeologiyasi


Murgob vohasining bronza davri arxeologiyasi



Yüklə 0,59 Mb.
səhifə30/60
tarix06.04.2023
ölçüsü0,59 Mb.
#94228
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   60
Ibragimov r. Z. Markaziy osiyo arxeologiyasi (4)

Murgob vohasining bronza davri arxeologiyasi. Ilk yozma manbalarda Mouru (Avesto), Margush (qadimgi fors), Margiana (yunon-rim) nomlari bilan keltirilgan tarixiy-madaniy o'lka hozirgi Turkmaniston Respublikasidagi Murgob vohasi hududlarida joylashgan.
O'lkaning bronza davriga oid yodgorliklari Murgob daryosining quyi oqimi hududlarida tarqalgan. Ularni arxeologik jihatdan o'rganish harakatlari XIX asrning oxirlaridan boshlanib, o'tgan asrning boshlarida R.Pampelli va G.Shmidtlar tomonida vohada amalga oshirgan arxeologik qidiruv ishlari davomida dastlabki otroq dehqonchilik manzilgohlari aniqlangan. Murgob vohasi arxeologiyasiga jiddiy e'tibor o'tgan asrning 70-yillaridan boshlangan bo'lib, hozirga qadar bronza davriga oid juda ko'p arxeologik yodgorliklar topib tekshirilmoqda. Vohaning bronza davri arxeologiyasini o'rganilishi Toshkent arxeologisi maktabi tarbiyalanuvchisi V.I.Sarianidining tinimsiz mehnati samarasining natijasidir.
Vohaning bronza davriga oid arxeologik yodgorliklar alohida irrigatsiya tarmoqlari (ariqlar) bilan sugoriladigan tor hududlardan iborat mikrovohalar yoki xojalik tumanlarida joylashgan. Butun voha hududida bronza davrining turli bosqichlarida faoliyat yuritgan quyidagi 9 ta xojalik tumanlari arxeologik jihatdan o'rganilgan: Keleli, Gonur, Toqaloq, Tahirboy, Ajiquyi, Toip, Odambosan, Avchin, Egriboqoz, ulardan xojalik tumanlari alohida o'rin tutadi. Ularning har birida asosiy markaziy manzilgoh atrofida joylashgan 30 dan ortiq bo'lgan manzilgohlardan tashkil topgan asosiy markaziy manzilgoh va uning atrofidagi kichik manzilgohlardan iborat.
Murgob vohasining quyi oqimi hududlari qadim aholining sugorma dehqonchilik xojaligini yuritish uchun juda qulay erlar bo'lganligi sababli eneolit davrining oxirlaridan Geoksur vohasi aholisining hududiy kengayishi natijasida u erdan ko'chib kelgan bir guruh aholi tomonidan o'zlashtiriladi. Bronza davriga kelib ushbu o'lkaga kirib kelgan boshqa bir etnik guruh tomonidan yaratilgan madaniyat qaror topadi. Bunday madaniyat egalarining ildizlarini V.M.Masson Janubi-garbiy Turkmaniston hududlari bilan boglaydi. Tadqiqotchi olim navbatdagi ekologik inqiroz sababli bu erdagi yuksak darajada rivojlangan protoshahar turidagi madaniyat markazlarining mil.avv. II ming yillikning boshlarida (mil.avv. 1800) tushkunlikga tushishi natijasida aholi o'zlarining joylarini tashlab Margiyona va Baqtriya hududlariga ko'chib o'tadi, degan ilmiy fakrlari asrimizning boshlariga qadar hukmron edi.
Bu erdadagi arxeologik yodgorliklarda uzoq yillar davomida qazishma ishlarini olib borgan V.I.Sarianidi esa Murgob vohasining bronza davri madaniyati ildizlarini Old Osiyoning chekka shimoli-sharqiy hududlaridagi erlardan izlashga harakat qiladi. Uning fikrlariga ko'ra mil.avv. IV ming yillikning o'rtalaridan Sharqiy O'rta er dengizi hududidan Eron toglariga qadar bo'lgan ulkan hududlar qurgoqchil iqlim sharoiti hukmron bo'lib, yogingarchilik miqdori keskin pasayib ketgan ekologik sharoiti Anatoliya va va Shimoliy Suriya aholisi hayotiga jiddiy ta'sir qilgan. Bunday sharoit Oronto vohasidagi protoshahar madaniyati taraqqiyotiga ham jiddiy ta'sir ko'rsatib, aholisi sharqiy o'lkalarga ko'chishga majbur bo'lishadi. Yangi erlarni ishlash harakatida aholising asosiy qismi Murgob vohasiga, bir qismi esa Surxon va Balhob vohalariga joylashishib, qolgan qismi hatto Sharqiy Turkiston hududlariga qadar borib etishadi.
Umuman, bu turdagi madaniyat egalari moddiy madaniyati va xojalik husuyatlari umumiyligidan kelib chiqqan holda arxeologiya fani sohasida Baqtriya va Margiyona arxeologik kompleksi, ya'ni majmuasi (BMAK), degan atamani ishlatish an'anasi mavjud. BMAKning bronza davri xronologiyasi mil.avv. 1800/1700-1000 yillar doirasida belgilangan. Lekin, keyingi radiokarbon tekshirishlari mazkur xronologik ko'rsatkichni taxminan 500 yilga, ya'ni mil.avv. 2300/2150-mil.avv. 1400 yillikga qadimiylashtirgan.
Vohaning bronza davri arxeologik yodgorliklarining vazifasi va maydoni o'zaro farq qiladigan turlari ajralib turadi. Ular ilk shahar, qal'a qo'rgonlar, dehqonchilik qishloqlari va diniy inshootlardan iborat bo'lib, maydoni 0,02 gektardan 25 gektarga qadar boradi. Ulardan maydoni jihatdan yirik 10-25 gektarni tashkil etgan ilk shahar turidagi manzilgohlar bo'lib, ular sirasiga Gonur, Toqaloq yodgorliklarini kiritish mumkin. Bu manzilgohlar ark va shahriston qismlaridan tashkil topgan bo'lib, muhofaza tizimiga ega bo'lgan.
Gonur manzilgohi vohadagi manzilgohlarning eng yirigi bo'lib, uning ma'muriy markazi vazifasini o'tagan. Gonurning markazida kvadrat shakldagi ichki qala joylashgan bo'lib, muhofaza devori bilan o'rab olingan. Devorlar tashqi tomonda togri to'rtburchak burjlar bilan kuchaytirilgan. Qalada markaziy o'rinni saroy egallaydi. Uning atrofida mahalliy hukmdor va saroy amaldorlari uchun xizmat qilgan ibodatxonalar joylashgan. Bu erdagi ibodatxona olov va suvga siginish, qurbonlik keltirish, in'om qilish odatlari uchun xizmat qiluvchi yagona majmuani tashkil etgan.
Boshqa yirik manzilgohlar Keleli, Toqaloq, Toip va boshqalar hisoblangan. Ular alohida mikrovohalarning markazi hisoblangan. Gonur esa butun Murgob vohasining markazi hisoblangan. Bu erdagi markaziy manzilgohlarda asosiy o'rinni ibodatxonalar egallagan. Toqaloq 21, Toqaloq 1 kabi manzilgohlardagi ibodatxonalar markaziy xonalaridan ko'plab haoma tayorlashda foydalanilgan o'simlikni yanchadigan keli toshlar va haoma tayorlanadigan idishlar topilgan. Murgob vohasi aholisi orasida otashparastlik va muqaddas ichimlik kulti keng tarqalgan. Muqaddas ichimlik kulti mitraga siginish odati bilan bogliq. Klassik mitra kelishuv va muzokara hudosi hisoblangan. Hindevropaliklar mitraga quyosh hudosi sifatida siginishgan. Regvida va Avestoda quyosh chiqishning sherigi sifatida maydonga chiqib, yomgirni chaqiradi, o'simliklar o'sishiga va butun hosilga yordam beradi, degan fikrni bildiradi Meri Boys. Uning sheriklari tomonidan olov mitraning vakili sifatida qaraladi. Lingvistlar mitra bilan olov va quyosh o'rtasidagi umumiylikni topishgan.
Qala-qo'rgon turidagi manzilgohlar sirasiga Keleli 3 mansub bo'lib, baland tag kursi ustida barpo etilgan kvadrat shaklidadagi (128x128 ) atrofi muhofaza devori bilan o'ralib, yarim aylana burjlar bilan kuchaytirilgan yodgorlikni kiritish mumkin.
Boshqa turdagi manzilgohlari dehqon jamoasining oddiy qishloqlaridan tashkil topgan yodgorliklardan iborat. Har bir xojalik tumanilarida bunday manzilgohlarning bir nechatasi joylashgan. Bu davrda Margiyonada ixtisoslashgan ishlab chiqarish yaxshi rivojlanadi. Gonurtepa yodgorligining shimoliy va garbiy qismidagi kulollar mahallasidan kulolchilik xumdonlari o'rganilgan. Metallarga ishlov berish ishlari yanada takomillashadi. Bronzadan Mehnat qurollari va uy-ro'zgor bumlarini yasash hunarmanchiligi takomillashadi. Shuningdek, hususiy mulk belgisini ifodalovchi muhrlar va yozuv belilari ham keng tarqaladi. Shimoliy Gonur saroyi darvozasida loy tahtachaga tushirilgan sxematik belgilar va qadimgi sxummer, qadimgi hind yozuvlariga oxshash mixxat yozuv belgilari tushirilga muhrlar aniqlangan. Murgob vohasining bronza davri taraqqiy etgan madaniyati bronza davrining oxirlariga kelib, inqirozga yuz tutadi.
Baqtriyaning so'nggi bronza davri arxeologiyasi. Ilk yozma manbalarda Bahdi (Avesto), Baqtrish (qadimgi fors), Baqtriya (yunon-rim) nomlari bilan keltirilgan qadimiy o'lkada, uning hududi so'nggi bronza davrida Surxon vohasi va Shimoliy Afgoniston doirasida chegaralangan. Bu o'lkada ilk otroq dehqonchilik madaniyati so'nggi bronza davrida qaror topadi. Dastlabki topib aniqlangan yodgorliklarga nisbatan Shimoliy Baqtriyada - Sopolli, Janubiy Baqtriyada esa - Dashli madaniyati nomlari bilan yuritiladi.
Sopolli madaniyatiga oid dastlabki otroq dehqon jamoasi qishloqi Kohitangtogning janubi-garbiy etaklarida (hozirgi Muzrobod cho'li) Ulanbuloq-soyning so'l yoqasida joylashgan shu nomdagi yodgorlik o'rnida shakllanib, taraqqiyotining so'nggi bosqichlariga qadar Surxon vohasining Sharqiga tomon yoyilib boradi. Mazkur madaniyatga oid arxeologik yodgorliklari A.A.Asharov, B.Abdullayev, T.Sh.Shirinov, Sh.B.Shaydullayev, N.A.Avanesova kabi mutaxas-sislar tomonidan o'rganilgan va hozirda ham davom ettirilmoqda. Shimoliy Baqtriyaning so'nggi bronza davriga oid o'rganilgan arxeologik yodgorliklar va ulardan aniqlangan ashyoviy manbalarga asosan Sopolli madaniyati shartli ravishda Sopolli, Jarqoton, Ko'zali, Molali, Bo'ston kabi bosqichlarga ajratilgan.
Sopolli bosqichiga oid Ulanbuloqsoy mikrovohasidagi shu nomdagi yodgorlik yaxshi o'rganilgan. 4 ga. maydoni egallagan manzilgohning madaniy qatlami 2,5 metrgacha boradi. Qazish jarayonida 3 ta qurilish davri aniqlangan. Manzilgoh labirint shaklidagi uch qator mudofaa devori bilan o'rab olingan. Manzilgoh ichkarisida janubiy tomondan kiriladigan birgina darvozadan boshlanadigan magistral ko'chaga tutashgan kichik ko'chalar bilan ajratilgan 8 ta mahalla joylashgan. Ularda aholi uy-joy, xojalik imoratlari mudofaa devorlariga to'tashtirib qurilgan. Manzilgoh o'rtasida ochiq joy mavjud. Manzilgohning uch qurilish davri davomida imoratlarni qayta va qoshimcha qurish davomida ochiq maydon biroz qisqaradi.
Har bir mahalladan manzilgohning barcha bosqichlariga oid kulolchilik xumdonlarining o'rni ochib aniqlangan. Ular er osti, ikki kamerali va ikki yarusli xumdonlardan iborat. Mayitlar manzilgoh ichkarisida uylarning poli tagida joylashgan. Murdalar yonbosh, erkaklar chap tomonga, ayollar esa o'ng tomonga qaratib jinsiga harab tegishla kuzatuv buyumlari bilan dafn qilingan. Sopollitepadan jami 138 qabr ochib, 125 tasi yakka, 13 tasi juft jami 157 ta marqum mayiti joylashgan. Shuningdek, hayvonlar dafn qilingan qabrlar va kenotaflar ham mavjud.
Sopol idishlari qisman qolda va asosiy qismi kulolchilik charxida yasalgan. qolda ovqat pishirishga mo'ljallangan yirik va qalin idishlar yasalgan. Ularning loyiga xashak qoshilgan. Kulolchilik charxida yasalgan idishlarning sirtiga angob berilgan va yaxshi pishirilgan. Bundan tashqari bronzada va toshlar yasalgan sopol idishlari sopollarnikiga o'hshatib ishlangan. Bronza buyumlari xanjar, kamon oqlari, pichoq, bolta, tesha va boshqalarning ko'plab uchrashi “bronza metallurgiyasi” alohida hunarmandchilik turi sifatida rivojlanganligidan dalolat beradi. Toshdan ishlangan urchuqboshlar, kamon oqlarining uchlari yasalgan. Bronzadan oyna, bigiz pardoz-andoz buyumlari, xususan, surmadanlar yasalgan. Yodgorlikdagi ikkita qabrdan metaldan ishlangan narvon nusxasi kishilarning kosmogonik qarashlari bilan bogliq hodisa ekanligidan dalolat beradi. Muhrlar loy, tosh va bronzadan yasalgan.
Yodgorlikga yaqin joyda 70-yillarda A.A.Asharov er o'zlashtirilishi davrida tekislanib, o'rnida qisman sopol parchalari, hayvon suyaklari va kul qatlamlari saqlangan Kultepa va Kichiktepa yodgorliklarini ham qayd etgan. O'z davrida ularning soni nisbatan koproq bo'lgan bo'lishi mumkin. Ulonbuloqsoy aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik va uy hunarmandchiligi bilan shugullanishgan. Ular xojaligida ovchilik o'z ahamiyatini toliq yoqotmagan.
Jarqoton bosqichida Sherobod vohasidagi Bo'stonsoyning chap tomonida joylashgan shu nomdagi yodgorlik taraqqiyoti bilan bogliq. Manzilgohda hayot sopollining oxirgi bosqichida shakllanadi. Yodgorlik tarqoq joylashgan kichik tepaliklardan iborat manzilgoh va soyning boshqa qismidagi qabristondan tashkil topgan.
Muhofazalagan qala va unga tutash joylashgan aholi yashash qismlarini tashkil etgan hozirda suvsizlanib qolgan Bo'stonsoy o'zanining qoltiq hosil qilgan qismida joylashgan manzilgohda arxeologik qazishma ishlari 1973-1975 yillarda A.A.Asqarov, B.Abdullayev, U.V.Raxmonovlar tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik T.Sh.Shirinov, Sh.Sh.Shaydullayev va nemis arxeolog olimlari hamkorligida davom ettirilmoqda.
Yodgorlik ark va uning atrofidagi joylashgan tepalikliklarda urug jamoalari imoratlari majmuasidan iborat bo'lgan shahriston va manzilgoh tashqarisidagi 3000 yaqin mozorlar o'rin olgan qabriston qismlaridan tashkil topgan. Hozirga qadar nashr qilingan ilmiy nashrlarda yodgorligining umumiy maydoni 100 gektardan iborat bo'lib, uning 20 gektarini mozor tashkil etadi. Jarqotonning asosiy qismidan o'rin olgan tepaliklar balandligi jihatidan bir-biridan unchalik farq qilmaydi, madaniy qatlamlari qalinligi baland joyida 3 metrdan oshiq.
Jarqoton arki yodgorlikning shimoli-garbiy qismida dunyo tomonlariga mos holda joylashgan. Umumiy maydoni 3 gektar, atrofi joylarda sal kam 3 metr qalinlikdagi xom gishtdan barpo qilingan mudofaa devori bilan o'ralgan. Devor ma'lum masofada kvadrat shaklidagi burjlar bilan ta'minlangan. Uning garbiy tomonida 42x42 m. o'lchamdagi imoratning o'rni ochib, uning tashqi devori qalinligi 4 metrdan iborat bo'lib, tashqi tomondan 13 ta kvadrat shaklga ega bo'lgan minora-burjlar bilan kuchaytirilgan. Devorlari oq ganch bilan suvalib, u tadqiqot ishlari olib borgan olimlar hamfiklikda qadimgi saroy bolishi mumkin, degan xulosaga kelishlariga asos bo'lgan.
E'tiborli tomoni shundaki, yodgorlikning arkida bronzaga ishlov berish bilan bogliq hunarmandchilik majmuasi aniqlangan. Topilmalar orasida e'tiborga molik ashyo manba bronzadan ishlangan pichoq dastasi bo'lib, uning bandi temirdan yasalgan. Bu bevosita Sopolli madaniyati aholisining temirni bilganligini ko'rsatuvchi ashyoviy manba bo'lib xizmat qilsada, temir davri o'tish, degan tushunchani keltirib chiqarmaydi. Arkning janubiy qismida olib borilgan tadqiqotlar natijasida katta patriarxal oila yashagan ko'p xonali uy qoldiqlari ochilgan. Ko'p xonali uyning shimol tomonida bir-biriga yaqin qilib qurilgan ikkita xumdon joylashgan. Boshqa bir xumdon arkning shimoliy qismida aniqlangan.
Jarqoton shahristoni arkning shimoli-sharqiy, sharqiy va janub tomonlarida joylashgan. U sakkizta tepaliklar majmuasidan iborat. Tepaliklardan birida bunyod etilgan uylar 1,25 metr qalinlikdagi platforma ustida barpo qilingan.
Ibodatxona tomonlari (44,5x60 m.) dunyo tomonlariga moslab qurilgan. Atrofi 4,5 m qalinlikdagi mudofaa devori bilan himoyalangan. Ibodatxona majmuasi vazifasiga ko'ra toat-ibodat va xojalik ishlab chiqarish qismlaridan tashkil topgan. Ibodatxonada markaziy o'rinni aylana va kvadrat shakllari olov mehrobi egallaydi. Uning aniqlangan. Ularga yaqin joyda suv saqlash uchun mo'ljallangan quduqlar joylashgan. Ibodatxonada vino tayyorlash mavjud bo'lgan. Ibodatxonaning ikkinchi qurilish davrida atrofi 5 metr qalinlikdagi mudofaa devori bilan o'rab olinadi. U umumiy majmuadan iborat bo'lib, uch qismni tashkil etgan. Unda doimiy olov yonib turgan mehrob joylashgan asosiy, mubodlar (kohinlar) yashaydigan va xojalik maqsadlarifoydalanilgan qismlaridan tashkil topgan. Ibodatxonada doimiy olov yonib turadigan mehrob, suv saqlanadigan quduq joylashgan. qadimgi xalqlar tasavvurlarida olov yovuz ruhlardan halos etuvchi va suv esa ulardan tozalovchi unsir sifatida haralgan. Bu esa keyinchalik o'lkada shakllangan zardushtiylik dining asosini tashkil etuvchi ilk otashparastlik kabi markazlashgan dining shakllanishi jarayonidan dalolat beradi.
Otashparastlik diniy qarashlari bu davrda Jarqoton aholisi ongiga to'laligicha singib bo'lmagan ko'rinadi. Chunki, sigir, tuya shaklidagi haykalchalar va muhrlarda tasvirlangan ilon, burgut tasvirlari aholining ibtidoiy diniy qarashlari bilan bogliq.
Jarqoton yodgorligidagi sopol buyumlardan ayrim belgilar aniqlangan. Bu belgilar orasida xoch, omoch, arava, narvon, aylana kopchlikni tashkil etadi. Ularni tahlil qilgan tadqiqotchi Sh.B.Shaydullayev piktografik belgi-yozuvlar sifatida e'tirof etishga harakat qiladi.
Shahristonning janubiy va janubi-garbiy tomonida qabriston joylashgan bo'lib, ular oltita tepalikdan iborat. Shahriston va qabristonni tabiiy jarlik ajratib turadi. Murdalar yon tomoni bilan bukilgan sharq tomonga yotqizib ko'milgan. Jarqotonda o'rganilgan qabrlar Jarqoton, Ko'zali, Molali davrlarini alohida ajratib ko'rsatish hamda qadimgi dehqon jamoalarining mulkiy munosabatlari va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti xususiyatlarini aniqlash imkoniyatini beradi.
Ko'zali va molali bosqichlariga oid yodgorliklar asosin qabrlardan, qisman manzilgohlardan iborat. A.S.Sagdullayev tomonidan Molalitepa (8-9 ga) va Buyrachi 1 (10 ga) va boshqa kichik manzilgohlar 0,2-2 ga. Bu bosqichlarga kelib kulolchilik o'zining yuqori darajasiga ko'tariladi. Yuqori sifatli nafis kulolchilik buyumlari ishlab chihariladi, ularning ma'lum shaklga ega bo'lganligi seziladi, tez aylanadigan kulolchilik charxlari qollanila boshlandi hamda ularni pishirishda yangi usullardan foydalaniladi.
Hunarmandchilikning ixtisosliklarga ajralishi metall va metallga ishlov berishning yuqori darajada rivojlanishiga imkon berdi. Toshdan mehnat qurollari tayyorlash o'z ahamiyatini yoqotmadi.
Janubiy Baqtriya Davlatabod, Dashli, Farukabad va Nichkin dehqonchilik mikrovohalari so'nggi bronza davriga oid arxeologik yodgorliklar mozorlar aniqlangan. Davlatabod mikrovohasida Tikar 1, 2, 3, Tikar 4 (Girdaytepa) yodgorliklari aniqlangan.Ularning maydoni 0,4-1,0 ga. ni tashkil etadi. Tikar 4 yodgorligi (100x95 m.) mikrorel'efiga ko'ra mudofaa devori va to'rt burchagida burjlari mavjud. Mazkur hududda arxeologik tadqiqot ishlari olib borgan arxeolog olim V.I.Sarianidi janubi-garbiy Afgonistonning so'nggi bronza davrini Tikar va Girday bosqichlarida iborat bo'lganligini e'tirof etgan. Bu erdagi Dashli vohasida joylashgan Dashli 3 aylana shakldagi ibodatxonasi va kvadrat shakldagi saroy-ibodatxonasi muhim o'rin egallaydi.
Dashli 3 doira shaklida ikki qator mudofaa devorlari bilan o'rab olingan ibodatxona majmuasidan tashkil topgan. Uniing mudofaa devori tashqarisidagi imoratlar ham o'ziga xos ikki xalqani tashkil etadi. Dashli 3 saroy-ibodatxonasi esa kvadrat shaklda barpo qilingan. Qadimgi Evropa xalqlari afsonalarida aylana quyosh, kvadrat esa er tamonlarini anglatuv shakllar hisoblangan. Bu mifologiya hind madaniyatidagi mandallarda ham saqlanib qolgan. Ular qadimgi Baqtriyaning koinot togrisidagi tushunchalar bilan bevosita bogliq bo'lib, shahar aholisini tartib solib turuvchi va ularni boshqaruvchi goyaviy markaz sifatida qurilgan. Shunday qilib ular ijtimoiy boshqaruvni aks ettirgan ilk davlatchilik shakllari tuzilishini namoyon qiladi. Qadimgi Baqtriyaning protoshahar hokimiyati diniy-goyaviy shaklga ega bo'lgan. Bunday jamiyatning aholisi o'zlarining tinchliksevarligi bilan farq qilib ularning qabrlarida va manzilgohlari qurol-yaroglar ham kam uchraydi. Shimoliy va Janubiy Baqtriyada moddiy tipilmalarga boy qabrlar ayollarga tegishli. Bunday jamiyat doimiy marosimlarga asoslangan bo'lib, aholi urf odatlari, marosimlari va an'analari asosida tartibga solingan.
Bronza davrining oxirlariga kelib bu turdagi madaniyat to'satdan inqirozga uchraydi. Uning inqirozi sabablarini tadqiqotchi olimlar turlicha talqin qilishga harakat qilishadi. Ayrim guruhdagi olimlar ekalogik vaziyat bilan boglasalar, boshqa bir guruh olimlar shimoliy o'lkalardan ko'chmanchi chorvador qabilalarining shiddat bilan kirib kelishi bilan boglashadi.

Yüklə 0,59 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   60




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin