1-asosiy savol: Ibtidoiy odamlar to‘dasi va uning tuzilishi.
Darsning maqsadi: Ibtidoiy odamlar jamoasi. L.Morganning ibtidoiy jamiyatni davrlashtirishi. Ibtidoiy odamlarda nutq va tafakkurning rivojlanishi, mafkuraviy qarashlarning kurtaklari.
Identiv o`quv maqsadlari: 1.1. Ibtidoiy gala davri haqida olimlar fikrlarini biladi. 1.2. Ibtidoiy gala davrida termachilik, ovchilik va ibtidoiy odamlarda jismoniy munosabatlarga baho beradi. 1.3. Ibtidoiy jamoa davrida qon-qarindoshlik oilasi masalasini tushuntiradi.
savol bayoni: Biz o`tgan darslarimizda ibtidoiy jamoa tuzumini davrlashtirdik va antropogenez masalasi haqida to`xtalib o`tdik. Bugungi darsimizda odamlarning jamiyat bo`lib yashashga o`ta boshlashi, urug`chilik davrigacha bo`lgan ijtimoiy munosabatlar, mehnat faoliyatining rivojlanishi, kollektivchilik, jinsiy aloqalar va qon-qarindoshlik oilasining vujudga kelishi masalalari haqida to`xtalib o`tamiz. Ibtidoiy gala davri haqida tasavvur hosil qilishda arxeologik, antropologik, etnografik ma'lumotlarga tayaniladi. Bu ma'lumotlarni tahlil qilish, taqqoslash, gepotezaviy fikr yuritish orqali ibtidoiy gala davri haqida tasavvur hosil qilamiz.
Ibtidoiy gala davrining tarixiy ramkasi odamning paydo bo`lishidan boshlanadi, tugashi urug` tuzumining vujudga kelishi bilan tugaydi. Arxeologlar P.P.Yedimenko va P.I.Boriskovskiylar urug`chilik tuzumiga o`tishni so`nggi paleolit davriga to`g`ri keladi, deb hisoblashganlar.
Shakllanib borayotgan odamlar ilk paleolitda yashaganlar. Xo`sh bu davrda tabiiy sharoitlar qanday bo`lgan? To`rtlamchi davrning muzlanishlari orqasida tabiiy sharoitlar o`zgara borgan, lekin muzlanishlarning sabablari noma'lum. Dastlabki muzlanishlar paydo bo`lishi bilan bir muncha sovuq tushib qolgan. Ammo, har holda Janubiy va O`rta Yevropada iqlim subtropik, Janubiy Osiyo va Afrikada esa tropik iqlimligicha qolavergan.
Shell davrida issiq iqlim bo`lgan va o`simliklar hamisha yashil bo`lgan, issiqsevar hayvonlar urchiy boshlagan. Ilk ashel tabiiy sharoitlari jihatidan shellga o`xshagan. Muzlanish boshlanishi sababli oxirgi ashelda ancha sovuq tushgan. Musteda eng uzoq va katta riss muzlanishi boshlangan.
Muzlik boshlanishi bilan issiqsevar hayvonlar sovuqqa bardosh berolmasdan qisman o`lib-qirilib ketgan, qisman janubga ko`chgan. Ularning o`rnini mamontlar, sibir serjun karkidonlari, bizonlar, bug`ular, los va yirtqich (g`or ayiqlari, arslonlar) egallagan. Odamlar ilgari erishgan yutuqlari va olovdan foydalanishni bilib olganliklari tufayli dahshatli tabiat siquviga bardosh beradilar. Odam ashel davrida olovdan foydalana boshlaydi. Lekin muste davriga qadar u faqat tabiiy olovdan foydalanadi, olovni shox-shabba tashlab turib uzoq saqlashga o`rganadi. Muste davrida odamlar yog`ochni yog`ochga ishqalash yo`li bilan sun'iy olov hosil qilishni bilib olganlar. Ular qirish yoki tarashlash yordamida yog`och kukunini hosil qilganlar. Ishqalanish tufayli kukun qizib, tutay boshlagan. So`ngra uning ustiga tez o`t oladigan tutantiriq tashlab, puflab yondirgan. Olov hosil qilishning qadimgi usuli g`oyat katta bardosh berishni va epchillikni talab etgan. Shuning uchun bir marta hosil qilingan olovni
shox-shabba tashlab turib, saqlashga harakat qilgan. Olov hosil qilishning boshqa usullari ancha keyingi zamonlarga xos.
Muste davridan ko`pgina gulxan qoldiqlari shu davrgacha saqlanib qolgan, bu qoldiqlar o`sha zamonlarda olovdan keng foydalanganligini ko`rsatadi. Olov odamlarni sovuqdan himoya qilish bilan birga, bularning yer yuzida keng o`rnashuviga imkon bergan, yog`och va suyakdan mehnat qurollari ishlab tayyorlashda muhim o`rin tutgan. Olov odamlarning ovqatni pishirib iste'mol qilishlariga imkoniyat tug`dirgan, pishirilmay turib, ovqatga yaroqsiz bo`lgan mahsulotlarni yeyiladigan qilib, oziq-ovqat manbalarini kengaytirgan. O`t yoqib yirtqich hayvonlardan saqlanganlar va hayvonlarni o`rab olib yoki haydab qamash uchun ularga hujum qilgan vaqtda o`tdan foydalanganlar.