Darsning maqsadi: Temir davrida kasblar yanada xilma-xil bo`lib ixtisoslashgan va takomillashgan kasblarga aylana borishi sabablari va mohiyatini yoritib berish, ikkinchi va uchinchi mehnat taqsimotining o`ziga xos tomonlarini tushuntirish.
Identiv o`quv maqsadlari: 1.1. Temir tarixda revolyutsion rol o’ynagan eng muhim xom ashyo ekanligini ochib beradi. 1.2. Ikkinchi ijtimoiy mehnat taqsimotini tahlil qiladi. 1.3. Savdo-sotiq vositalari keyinchalik savdogarlar sinfiga aylanganligini va uchinchi mehnat taqsimotini keltirib chiqargan sabablarni yoritib beradi.
asosiy savol bayoni: Temir asrining boshlanishi. Ikkinchi ijtimoiy mehnat taqsimoti. Ibtidoiy jamiyat texnikasi ayniqsa temir davrida ilgarilab ketgan. Temir o`zidan ilgarigi mis va bronzaga nisbatan ulkan ustunlikka ega bo`lgan. Yangi material bronzadan qattiqroq, bolg`alab yasaladigan, tabiatda eng ko`p uchraydigan metalldir. Temir rudalar, ayniqsa to`qay rudalari hamma yerda bor bo`lgan. Odamlar temirdan foydalanishni keyinroq o`rganishgan, chunki u baland temperaturada 1530 da eriydi. Shuning uchun dastlab ibtidoiy temirchilik o`chog`i yordamida ya'ni unga temir rudasi va pista ko`mirni to`ldirib solib, 1100 va undan baland temperaturada shlak bilan aralashgan xamirsimon massa-kritsani hosil qilishgan. Ko`mirning yonishi va temperaturani oshirish bilan qulay sharoit yaratilgan va bunday ishlov berish rudadan bevosita temir ajratib olish usuli deb ataladi.
Old Osiyoda topilgan temir eritishning dastlabki izlari eramizdan avvalgi X1V asrga taalluqlidir. Temir asri eramizdan 1000 yil avval boshlangan. Temirni tarixda revolyutsion rol o’ynagan xom ashyo turlarining hammasi ichida eng muhimi deb atadik. Temir buyumlar keng tarqala boshlagan va hatto bronza qurollarini siqib chiqargan.
Mehnat qurollari yasashda temirdan foydalanish dastavval qishloq xo`jalik texnikasiga ta'sir etdi. Metall soshnikli (tishli) pluglar, temir boltalar va kuraklar paydo bo`lgan. Bu qurollar katta-katta maydonlarda dehqonchilik qilishda, o`rmonzorlarni tozalab, ekin maydonida qo`sh kuchidan foydalanishda yetakchi xo`jalik tarmog`iga aylana borgan.
Dehqonchilik yutuqlari chorvachilikning rivojlanishiga muqarrar suratda ta'sir qilgan. Dehqonchilik mahsulotlarini keng ravishda ayirboshlash imkoniyati chorvador qabilalar ajralib chiqishiga olib kelgan, ular dehqonchilik xo`jaligining qoldiqlari bilan tamomila uzilganlar.
Temir kosibchilikning rivojlanishida ham muhim rol o`ynagan. Endilikda kosib ixtiyorida qurollar bor bo`lib, ular suyakka, yog`ochga ishlov berish, teri, rangli metall va shu kabilarni ishlashni tubdan yaxshilashga imkoniyat bergan.
Temir ishlash mutaxassislari - temirchilar paydo bo`lgan. Odamlar kulolchilik charxini yaratganlar. Kulollar paydo bo`lgan.
Oddiy dastgoh ixtiro qilinishi bilan birga to`quvchilik vujudga kelgan, to`qimachilik alohida ajralib chiqqan.
Temir davrida kasblar yanada xilma-xil bo`lib ixtisoslashgan va takomillashgan kasblarga aylana borgan.
Kasblarning unumdor faoliyati tufayli boshqa turlari bilan birga qo`shib olib borish mumkin bo`lmay qolgan. Agar ilgari mehnat qurollarini qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanuvchi odamlar ishlab chiqargan bo`lsalar, endilikda kosiblar ajralib chiqishgan. Kosiblar mustaqil xo`jalik tarmog`iga aylangan. Natijada kosibchilik qishloq xo`jaligidanajralib chiqqan, ya'ni ikkinchi ijtimoiy mehnat taqsimoti ro`y bergan. Kosibchilikning xo`jalik tarmog`i sifatida paydo bo`lishi bilan tovar ishlab chiqarish vujudga kelgan. Tabiiy xo`jalik avvalgidek ustun xo`jalik bo`lib qolavergan. Kosiblar endi kezib yurishmay muayyan joylarda o`rnashib olganlar. Ularning qishloqlarida boyliklar to`plana borgan. Hujumlardan himoya qilish maqsadida qishloqlar atrofi devorlar bilan o`rab olingan. Keyinchalik ular shaharlarga, kasb-hunar va savdo markazlariga aylana borgan. Tovar ishlab chiqarishning vujudga kelishi bilan mahsulotlarning bir qismini ayirboshlash kengaygan va hayotiy zarurat bo`lib qolgan. Kosiblar endi ayirboshlovsiz tirikchilik qila olmas edilar. Ular o`z buyumlarini qishloq xo`jalik mahsulotlariga ayirboshlaganlar.
Hamisha yuz beradigan ayirboshlash umumiy qiymat o`lchovini ishlab chiqishga va ishlab chiqaruvchilar o`rtasida vositachilarning paydo bo`lishiga olib kelgan. Uy hayvonlari keng yoyilgan ekvivalent bo`lib qolgan. Pulning lotincha nomi (resis “hayvon”), Hindistonning hozirgi zamon pul birligi rupiya buning dalilidir. Ba'zi bir xalqlarda nodir chig`anoqlar, fil suyagi, qushlarning patlari, quyma metallar va buyumlar ekvivalent hisoblangan.
Savdo-sotiq vositalari keyinchalik savdogarlar sinfini yuzaga keltirgan. Bu uchinchimehnat taqsimoti edi. U ijtimoiy sinflarga bo`linishdan ilgari sinfiy jamiyatga o`tish davrida yuzaga kelgan va bora-bora mustahkamlangan. Savdogarlar paydo bo`lishi bilan birga chet mamlakatlar bilan savdo qilish boshlangan.