Foydali о‘simliklarning о‘rganilish tarixi. Qadim-qadimdan insoniyat о‘simliklardan shifobaxsh vosita sifatida foydalanib keladi. Foydali о‘simliklar tо‘g‘risidagi ma’lumotlar avloddan-avlodga, qabiladan-qabilaga faqat og‘zaki tarqalgan.
Davlatlar о‘rtasida savdo-sotiq va boshqa munosabatlar о‘rnatilgandan sо‘ng, ana shu davlatlarda foydali о‘simliklar turlari kо‘paya bordi. Yozuv paydo bо‘lganidan keyin foydali shifobaxsh о‘simliklar tо‘g‘risidagi ma’lumotlar yozma ravishda tarqala boshladi.
Qazilmalarda Suriya shoxi Assurbanipal (Sardanapal, eramizdan avvalgi 668 yil) kutubxonasidagi sopolga mixxat bilan yozilgan 22000 jadval topilgan, shundan 33 tasida dorivor mahsulotlar qayd qilingan. Hatto о‘sha davrda Suriyada dorivor о‘simliklar ekiladigan maydonlar ham bо‘lgan.
Misrda esa shifobaxsh о‘simliklar bundan ham ilgari ekila boshlangan. Masalan, eramizdan 2000 yil avval Misrda kanakunjut ekilgan.
Hozirga qadar saqlanib qolgan dorivor о‘simliklar haqidagi ma’lumotlar asosan qadimiy yunon adabiyotlarida uchraydi. Yunonlar о‘zlarida yetishtiriladigan dorivor о‘simliklardan tashqari Misr, Eron va boshqa Osiyo mamlakatlaridan keltirilgan dorivor mahsulotlardan ham foydalanishgan.
Mashhur vrachlar Buqrot (Gippokrat), Arastu (Aristotel) va ularning shogirdi Teofrast, Dioskorid va boshqa olimlarning shuhrati dunyoga yoyilgan.
Buqrot (eramizdan avvalgi 460—377 yillar) bemorlarni parhez ovqatlar bilan davolagan. U yozgan kitoblarda dorivor о‘simliklarning 236 turi ta’riflangan.
Arastu va uning shogirdi Teofrast (eramizdan tо‘rt asr oldin) kо‘pgina о‘simlik turlarini ta’riflash bilan birga ularning foydali xususiyatlarini ham kо‘rsatib о‘tishgan.
О‘z davrining atoqli vrachi Dioskorid (eramizning I asrida yashagan), «Materia medica» nomli mashhur kitobida juda kо‘p dorivor о‘simliklarni rasmlari bilan birgalikda ta’riflab bergan. Lotin tiliga tarjima qilingan bu kitobdan Ovrupolik vrachlar XVI asrgacha qо‘llanma sifatida foydalanib kelganlar.
Kо‘hna Rimda Galen va Pliniy Starshiy farmakognoziya bilan uzoq vaqt shug‘ullanganlar. Vrach Galen (eramizning 130-yillarida tug‘ilgan) farmatsiya va tibbiyot sohasida bir qancha kitoblar yozgan. U о‘z kitoblarida 304 ta dorivor о‘simlik, 80 ta hayvon va 60 ta mineral moddadan olinadigan dorilarni ta’riflagan. Galen о‘simlik va hayvon organlaridan tayyorlangan (tarkibida ta’sir etuvchi modda bо‘lgan) dori turlari bilan bemorlarni davolashni birinchi bо‘lib taklif etadi. Bu dorilar hozirgi kunda ham «Galen preparatlari» nomi bilan yuritiladi. Galenning tibbiyot va farmatsiya sohasida yozgan asarlari XIX asrgacha katta ahamiyatga ega bо‘lib keldi.
О‘simliklarning foydali xususiyatlarini qadim zamonlarda ham halqimiz bilgan va ulardan turli xastaliklarni davolash uchun foydalangan. Shifobaxsh о‘simliklardan foydalanish о‘zining qadimiy zaminiga ega. Bu zamin qadimiy Hind tabobatida boshlangan desak xato qilmaymiz.
Hindiston florasi о‘simliklarga juda boy bо‘lib, unda kо‘plab dorivor о‘simliklar ham о‘sadi. Shuning uchun bu yerda bemorlar asosan Hindistonning о‘zida о‘sadigan dorivor о‘simliklar bilan davolanganlar.
Hind tabobati dori-darmonlar haqidagi ma’lumotlarni ulug‘ hakim Sushrut (m. a. IV asr) «Yajur-veda» nomli mashhur kitobida 700 ta shifobaxsh giyohlarga tavsif bergan. U kitobda nomi keltirilgan dorivor giyohlardan Hind tabobatida hozir ham foydalanib kelinmoqda.
Hind tibbiyoti Tibet, Xitoy, Yaponiya, keyinchalik Mо‘g‘iliston va Buryatiyaga yoyila boshlaydi. Bu davlatlardagi mahalliy dorivor о‘simliklar soni Hindistondan keltirilgan о‘simliklar hisobiga orta bordi.
Osiyo davlatlarida qadimdan foydalanib kelinayotgan о‘simliklar, hayvon mahsulotlari va mineral moddalarni bir tizimga solishda arab vrachlarining xizmati katta bо‘ldi. Ular tibbiyot sohasida yozilgan kitoblarni arab tiliga tarjima qilish bilan birga qayta nashrdan chiqardilar hamda Hindistondagi dorivor mahsulotlar va moddalarni arab tibbiyotida qо‘llay boshladilar. О‘z davrining mashhur tabiblari bо‘lmish buxorolik Abu Ali Ibn Sino, eronlik Abu Mansur Muvafaq, xorazmlik Al-Xorazmiy, Abu Rayxon al-Beruniy, arab Ibn Baytar va boshqalarni butun dunyo taniydi.
Mashhur hakim Abu Ali Ibn Sino 1020 yilda 5 jildlik «Al-qonun» («Tib qonunlari») kitobini yozadi. Bu kitobning II jildi oddiy, V jildi esa murakkab dorilarga bag‘ishlangan bо‘lib, kitobning II jildida о‘sha zamonda tibbiyotda ishlatiladigan 811 ta dorivor о‘simliklar, ulardan va hayvonlardan olingan mahsulotlar hamda mineral dorivor vositalar ta’riflangan. Kitobda keltirilgan dorivor о‘simliklar soni 500 tadan, о‘simliklardan olingan dorivor vositalar soni 40 tadan oshadi. «Al-qonun» kо‘pgina Ovrupo tillariga tarjima qilingan bо‘lib, faqat lotin tilining о‘zida 16 marta chop etilgan. XVI asrgacha Ovrupo vrachlari undan qо‘llanma sifatida foydalanganlar. Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa tabobatda va an’anaviy tibbiyotda hozirda ham «Al-qonun»dan keng foydalanilmoqda.
Qomuschi olim Abu Rayhon Beruniy umrining oxirgi yillarida «Kitob as-saydana fit-tibb», ya’ni «Tibbiyotda farmakognoziya» asarini yaratadi. Bu asarda о‘sha davrning sharq tabobatida qо‘llaniladigan 674 ta dorivor о‘simlik va 90 ta о‘simlik mahsulotlari tо‘g‘risida fikr yuritiladi. Bulardan tashqari, «Saydana»da yana 104 ta hayvonlardan olingan mahsulotlar hamda shu vaqtgacha tо‘g‘ri aniqlanmagan 113 ta dorivor о‘simliklar haqida ma’lumotlar bor.
Sabzavot ekinlari dehqonchilik qilinadigan shimoliy mintaqadan tropik mintaqagacha bо‘lgan hamma territoriyada ekib о‘stiriladi. Ularning bunday keng tarqalganligi nihoyatda lazzatli oziq-ovqat va vitaminlar manbai ekanligi bilan belgilanadi. Bu haqda XV-XVI asrlardagi О‘rta Osiyo xо‘jaligi tarixi tо‘g‘risida "Ziroatnoma" (Fann-i kishtu ziroat) da batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Unda о‘tmishda yashagan bobo-dehqonlarning ming yillar davomida orttirgan tajribalari aks ettirilgan. Ular qimmatbaho ahamiyatli mevali daraxtlar, poliz va sabzavot ekinlarining navlarini yaxshilash, yaratish, zararkunanda-kasalliklariga qarshi kurashish, muttasil, mо‘l va uzoq tashish hamda saqlashga yaroqli hosil olish usullarini ishlab chiqqanlar.
Bularni tasdiqlovchi tarixiy ma’lumotlarni Zahriddin Muhammad Boburning "Boburnoma", Maxdumi A’zamning "Risolayi-bittixiya" (dehqonchilik risolasi) asarlarida о‘qish mumkin.
Maxdumi A’zam Samarqandda (Dahbedda) yashagan dehqon-seleksioner bо‘lib, 90 tanobdan ziyod maydonda "Bog‘i Maxdumi A’zam"ni yaratgan. Unda dunyoning turli joylaridan ekinlarning har xil navlarini keltirib о‘stirgan, tanlash va о‘rganish asosida Dahbedi qovun, Dahbedi anjir, Dahbedi yong‘oq navlarini yaratgan va bu navlar о‘sha davrda mashhur bо‘lgan. U kishi о‘zi parvarish qilib о‘stirgan nok daraxti yoniga dafn qilinishini vasiyat qilgan va shu nok daraxti yoniga dafn etilgan. Shunday qilib, Maxdumi A’zam shaxsan о‘zi "inson hukmiga in’om etilgan olamni yashnatish, gullatish, poklash va takomillashtirish"ga namuna kо‘rsatgan.
Yevropaliklar XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Afrika va Avstraliya tropik mamlakatlarining dorivor о‘simliklarini о‘rgana boshladilar. Afrikada о‘sadigan kola yong‘og‘i, strofant, kalabar dukkagi hamda Avstraliyada о‘sadigan evkalipt daraxti Ovrupo farmakopeyasidan о‘rin oldi.
Shunday qilib, XVII-XX asrlarda G‘arbiy Yevropa davlatlari dorixonlarida mahalliy dorivor о‘simliklar bilan bir qatorda Hindiston, Afrika, Amerika, Avstraliya va boshqa joylardan keltirilgan mahsulotlar ham bо‘lar edi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida davlatlar о‘rtasida savdo-sotiq ishlari keng yо‘lga qо‘yilganligi tufayli butun qit’alardan Ovrupo bozoriga dorivor о‘simliklar keltirila boshlandi. Ular kо‘pincha qirqilgan holda bо‘lib, bu mahsulotlarning tozaligini, tarkibida aralashma bor-yо‘qligini aniqlash kerak bо‘lardi. Shu sababli farmakognoziya boshqa farmatsiya fanlaridan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi va bu ishlar bilan shug‘ullana boshladi. Oradan kо‘p о‘tmay turli tillarda farmakognoziyadan qо‘llanmalar bosilib chiqdi.
1899 yilda professor Varlix Rossiyada о‘sadigan dorivor о‘simliklar atlasini va shu davrda rus olimi N. I. Annenkov botanika lug‘atini tuzadi. Bu kitoblar hozir ham о‘z qimmatini yо‘qotmagan.
1921 yilda dorivor о‘simliklarni yig‘ish va ekish tо‘g‘risidagi maxsus Dekret chiqariladi. Bu Dekret farmatsevtika sanoatining rivojlanishida, dorixonalarni dori mahsulotlari bilan ta’minlash hamda dorivor о‘simliklarni yig‘ishda katta ahamiyatga ega bо‘ladi. Dori mahsulotlarini yig‘ish ishi bilan faqat davlat mahkamalari shug‘ullana boshlaydi va bu ish ma’lum reja asosida olib boriladi. Dekret asosida yangi ilmiy-tekshirish muassasalarini ochish, dorivor mahsulotlar sifatini aniqlab beruvchi qо‘llanma va standartlar tuzish hamda mutaxassislar tayyorlash uchun darsliklar yaratish zarur edi. Shu maqsadda 1931 yilda Butunittifoq dorivor va xushbо‘y о‘simliklar ilmiy-tekshirish instituti (VILAR) ochiladi.
Bundan tashqari, Butunittifoq о‘simlikshunoslik instituti (VIR) ochiladi. Bu institutning asosiy vazifasi chet eldan keltirilgan dorivor va boshqa foydali о‘simliklarni ekish usullarini hamda ularning agrotexnika qoidalarini о‘rganishdan iborat edi.
Dorivor о‘simliklarni qidirib topish va о‘rganish ishi hozir ham keng kо‘lamda olib borilmoqda. Yangi dorivor о‘simliklarni topishda xalq tabobatida ishlatiladigan dorivor mahsulotlarni о‘rganish, о‘simliklarni filogenetik qardoshligidan foydalanish bilan bir qatorda ma’lum tuman florasini yalpi kimyoviy analiz qilish katta ahamiyatga ega.
1918 yillardan boshlab mamlakatimizda ilm-fan juda tez taraqqiy eta boshladi. Ayni vaqtda tarkibida alkaloid bо‘lgan о‘simliklarni tekshirish ishlari ham rejalashtirildi va rivojlandi. Akademik A. P. Orexov tomonidan sobiq Ittifoq ximiya-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti qoshida birinchi marta alkaloidlar bо‘limi tashkil etildi.
О‘zbekistonda esa bu ishlar akademiklardan O.S.Sodiqov va S.Y.Yunusovlar hamda ularning shogirdlari tomonidan keng kо‘lamda davom ettirilmokda.