Yong‘inga qarshi himoya tizimi – bu yong‘inning xavfli faktorlarini insonga ta’sirini bartaraf etishga va yong‘in vaqtida material zararlar miqdorini cheklashga qaratilgan tashkiliy tadbirlar va texnik vositalar majmuidir.
O‘t o‘chiruvchi moddalar va ularning xususiyatlari. Eng keng tarqalgan o‘t o‘chirish moddalariga suv, suv bug‘i, uglekislota, namlagichlar, kimyoviy va havo-mexanik ko‘piklar, galoid tarkibli uglevodorodlar, kukun tarkibli aralashmalar, uglerod ikki oksidi, brometil birikmalar, inert gazlar va boshqa mexanik vositalar (qum, tuproq, brezent va h.k.) kiradi.
O‘t о‘chirish moddalari quyidagicha tasniflanadi: yong‘inni о‘chirish usuliga ko‘rа – sovutuvchi (suv va qattiq uglekislota); suyultiriluvchi, уa’ni yong‘in zonasidagi kislorod miqdorini kamaytirish (ma’lum miqdordagi uglekislota gazi, yupqa zarrali suv, suv bug‘i yoki inert gaz aralashmasi); izolatsiyalovchi (yonish zonasi, atrof-muhit bilan ko‘pik yoki kukun pardasi hosil qilish orqali izolatsiyalanadi); ingibir xususiyatli (tarkibi brometil, dibromtetraftor etan va brom metildan iborat galoid tarkibli uglevodorodlar, tarkibi 3,5-4 ND freondan iborat moddalar va b.);
Elektr o‘tkazuvchanligi bo‘yicha – elektr o‘tkazuvchi (suv, suv bug‘i va ko‘pik); elektr o‘tkazmaydigan (gazlar va kukunlar);
Zaharliligi bo‘yicha – zaharsiz (suv, ko‘pik va kukunlar), kam zaharli (uglekislota va azot) hamda zaharli (3,5-brometil, freon tarkibli).
Suv o‘t o‘chirishda alohida yoki turli xil kimyoviy moddalar bilan aralashma holatida foydalaniladi. Suvning o‘t o‘chirish xususiyati yonuvchi moddani yonish haroratidan past haroratgacha sovutishga asoslangan. Suvning hajmi bug‘lanish davrida 1700 va undan oshiq martagacha ortadi hamda bug‘ yonish zonasidan kislorodni siqib chiqaradi.
Uglekislota (is gazi) va uglerod ikki oksidi rangsiz hamda havodan 1,5 marta og‘ir gaz. U yong‘in muhitida parda hosil qilib yong‘in zonasiga kislorod kirishini to‘xtatadi. Undan sig‘imlardagi yengil yonuvchi va yonuvchi suyuqliklar yong‘inini, elektr jihozlari yong‘inlarini va muzeylar, arxivlar kabi suvdan hamda ko‘pikdan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lmagan binolardagi yong‘inlarni o‘chirishda foydalaniladi.