13-MAVZU: “ETIKA” FANINING PREDMETI VA JAMIYAT HAYOTIDAGI AHAMIYATI
184
GEDONIZM
– (yunon.
hedone – huzur–halovat, rohatlanish) etika nazariyasidagi axloqiy
talablarni asoslash tamoyili bo‘lib, unga ko‘ra huzur-halovat keltiruvchi va azob uqubatdan
qutqazuvchi narsa
yomonlik deb ta’rif qilinadi.
Nazariy G. etikadagi naturalizmning bir ko‘rinishidir. Insonga tabiat tomonidan jo qilingan va
uning butun ish amalini belgilaydigan, bosh harakatlantiruvchi ibtido – huzur-halovatdan iborat
degan tasavvur G.ning asosini tashkil etadi. Huzur–halovatga erishish maqsadi birdan–bir ishtiyoq
va shu bilan birga axloqiy talab, deb e’lon qilinadi.
G. axloq–odob tamoyili sifatida kishilarga dunyoning shod xurramliklariga, o‘zlari va
boshqalar uchun yuksak rohat–farog‘at olishga intilishni buyuradi. Gedonizm qadim zamondayoq
paydo bo‘lgan. Gretsiyada Aristipp etikasining muxlislari bo‘lgan va huzur– halovatni oliy saodat
deb hisoblagan kishilar gedoniklar deb atalgan. G. Epikur nazariyasida eng rivojlangan nuqtasiga
erishgan. G. g‘oyalari Mill va Betnam utilitarizmida markaziy o‘rinni egallagan. Hozirgi zamon
nazariyalarida Gedonizm odatda faqat uslubiy tamoyil – yaxshilikni ta’riflash usuli sifatida
mavjuddir.
G. ta’limoti insoniyatning ilk davrlaridan boshlaboq hozirgacha etib kelgan ta’limotlardan
biri sifatida yaxshi sharoitlarda yashash, zeb-ziynatlarga burkanish, huzur - halovatga intilishni
targ‘ib etib keldi. Negaki inson tabiatan huzur-halovatga intiladi. Ammo har bir narsada me’yor
bo‘lgani kabi inson huzur-halovatida ham me’yorga rioya qilish zarur. Inson o‘z hayotida
me’yorlarga qat’iy asoslanib yashashi bilan o‘zligini yo‘qotmaydi. Beruniy ayganidek, “Inson
hayotida lazzat me’yorining buzilishi uni halokatga etaklaydi”.