228-modda. Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibi Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi.
Ta’tillar jadvali kalendar yil boshlanguniga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra tasdiqlanadi.
Xodim har yilgi mehnat ta’tili beriladigan vaqt to‘g‘risida ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.
Xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda quyidagilarga berilishi kerak:
ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu ta’tildan oldin yoki keyin;
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
o‘n sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;
ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga, agar ular o‘zining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasa;
“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga.
Ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.
Jadvalda belgilangan har yilgi mehnat ta’tilini berish vaqti xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan o‘zgartirilishi mumkin.