222-modda. Har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini jamlash tartibi Har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklov qonunchilikda nazarda tutilmagan, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchining kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan ichki hujjatlarida yoxud mehnat shartnomasida belgilangan mehnat ta’tillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
223-modda. Har yilgi mehnat ta’tili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish hollari Agar ish yili davomida xodimning har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligi o‘zgargan (voyaga yetmagan xodim o‘n sakkiz yoshga to‘lganligi munosabati bilan u asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tilini olish huquqini yo‘qotgan; xodimga I yoki II guruh nogironligi belgilangan va shu sababli unda uzaytirilgan ta’til olish huquqi yuzaga kelgan; xodim ish yilining bir qismini oddiy mehnat sharoitlarida, boshqa qismini esa unga qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan noqulay mehnat sharoitlarida ishlagan bo‘lsa; xodim ish yili davomida boshqa ishga o‘tkazilgan va bu ishda mehnat ta’tilining xodim unga o‘tkazilguniga qadar bajargan ishidagiga nisbatan boshqacha davomiyligi nazarda tutilgan bo‘lsa va boshqalar) bo‘lsa, har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish har yilgi mehnat ta’tili davomiyligining mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asosiy ish bo‘yicha belgilangan mehnat ta’tili davomiyligiga nisbatan kamayishiga olib kelmasligi kerak.
Ishning birinchi yili uchun har yilgi mehnat ta’tili quyidagi toifadagi xodimlarga ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘langan holda to‘liq davomiylikda beriladi:
har yilgi mehnat ta’tili o‘quvchilarning yozgi ta’tili davrida beriladigan ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchilar tarkibiga va uslubiyotchilariga. Ushbu toifadagi xodimlarning ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tiliga to‘liq hajmda haq to‘lanadi;
birinchi ish yilida olti oydan kam ishlagan o‘rindoshlarga — asosiy ishi bo‘yicha har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda mehnat ta’tili berilganda. Birinchi ish yilida o‘rindoshlik asosidagi ishda olti oydan ko‘p ishlagan xodimlarga bunday ishda beriladigan mehnat ta’tili, shuningdek keyingi ish yillaridagi har yilgi mehnat ta’tillari uchun to‘liq haq to‘lanadi.
Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda joriy ish yilida foydalanilmagan har yilgi mehnat ta’tili uchun xodimga tegishli bo‘lgan kompensatsiyaning miqdori, shuningdek joriy ish yilida ishlab berilmagan ta’til kunlari uchun ushlab qolinadigan haq miqdori xodimning oxirgi ish yilida ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi.