255-modda. Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqini berish Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqi uning oila a’zolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxsga beriladi. Ish haqini to‘lash ish beruvchiga tegishli ariza, xodimning vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi berilgan hamda uning asl nusxasi taqdim etilgan kundan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
256-modda. Ish haqini to‘lash shakllari va joyi Ish haqi milliy valyutada (so‘mda) to‘lanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalardan istisnolar qonunchilikda belgilanishi mumkin.
Ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida to‘lash taqiqlanadi.
Mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar mustasno.
Xodimga ish haqini to‘lash, qoida tariqasida, bevosita u ishni bajargan joyda amalga oshiriladi.
Xodimning yozma roziligi bilan ish haqini yoki uning bir qismini bank muassasalari yoki pochta bo‘limlari orqali to‘lashga yo‘l qo‘yilib, ularning xizmatlari uchun ish beruvchining hisobidan haq to‘lanadi.
Agar xodim ish haqi to‘lanadigan kuni ish beruvchining topshirig‘ini ish joyidan tashqarida (xizmat safarida, malaka oshirish kurslarida bo‘lsa va boshqalar) bajarayotgan bo‘lsa, xodimning iltimosiga ko‘ra ish beruvchi xodimga tegishli ish haqini o‘z hisobidan yuborishi yoki xodimning ishonchli shaxsiga to‘lashi shart.
257-modda. O‘rtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan barcha hollar uchun o‘rtacha ish haqi u hisoblanadigan oydan oldingi o‘n ikki oyni tashkil etuvchi hisob-kitob davri yoxud agar xodim o‘n ikki oydan kam ishlagan bo‘lsa, amalda ishlangan davr uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda tegishli oyning 1-kunidan 30 (31)-kuniga qadar (fevralda — 28 (29)-kunga qadar) bo‘lgan davr oxirgi kunni ham qo‘shganda kalendar oy deb hisoblanadi.
O‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan to‘lovlarning barcha turlari kiritiladi.
Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimidagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oy uchun tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdoridan kelib chiqib, xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi) summasining o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimidagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi kalendar oy uchun ishbay baholar bo‘yicha haqiqatda hisoblangan ish haqidan kelib chiqib, xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi) summasining o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimlarida xodimlarning o‘rtacha ish haqi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oshadigan barcha to‘lovlarning o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
O‘rtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan vaqt, shuningdek ushbu vaqtda hisoblangan summalar chiqarib tashlanadi, agar:
qonunchilikka muvofiq xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolgan bo‘lsa, bundan ushbu Kodeksning 407-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar mustasno;
xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olgan bo‘lsa;
xodim ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish munosabati bilan ishlamagan bo‘lsa;
xodimga ushbu Kodeksning 399-moddasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan bolalarni va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlash uchun qo‘shimcha haq to‘lanadigan dam olish kunlari berilgan bo‘lsa;
xodim qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ish haqi to‘liq yoki qisman saqlanadigan yoki haq to‘lanmaydigan ishdan ozod etilgan bo‘lsa.
Agar xodim hisob-kitob davri uchun va hisob-kitob davri boshlanguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki ishlab berilgan kunlarga ega bo‘lmagan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi xodim tomonidan o‘rtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa yuz bergan oyda haqiqatda ishlab berilgan kunlar uchun hisoblangan ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Agar xodim hisob-kitob davri uchun, hisob-kitob davri boshlanguniga qadar va o‘rtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa yuz berguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki haqiqatda ishlab berilgan kunlarga ega bo‘lmagan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi unga belgilangan tarif stavkasidan (maoshidan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Agar hisob-kitob davrining bir oyi yoki bir necha oyi to‘liq ishlab berilmagan yoki ushbu moddaning yettinchi qismiga muvofiq undan vaqt chiqarib tashlangan bo‘lsa, o‘rtacha kunlik ish haqi hisob-kitob davri uchun haqiqatda hisoblangan ish haqi summasini to‘liq kalendar oylar soniga hamda to‘liq bo‘lmagan kalendar oylardagi kalendar kunlar soniga ko‘paytirilgan ish kunlarining o‘rtacha oylik sonining (25,3) summasiga bo‘lish orqali hisoblab chiqariladi. To‘liq bo‘lmagan kalendar oydagi ish kunlarining soni ish kunlarining o‘rtacha oylik sonini (25,3) ushbu oydagi ish kunlarining haqiqiy soniga bo‘lish hamda mazkur oyda ishlab berilgan vaqtga to‘g‘ri keladigan ish kunlari soniga ko‘paytirish orqali hisoblab chiqiladi.
O‘rtacha kunlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan o‘rtacha ish haqi summasini ish kunlarining o‘rtacha oylik soniga (25,3) bo‘lish orqali belgilanadi.
O‘rtacha soatlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan o‘rtacha ish haqi summasini xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oyda ishlab berilgan soatlar soniga bo‘lish orqali belgilanadi.
Alohida hollar (ish vaqti jamlab hisobga olinganda, uni hisoblab chiqarish uchun qabul qilingan davrda ish vaqti to‘liq ishlab berilmaganda, ushbu davrda ish haqi bo‘lmaganda va boshqa hollarda) uchun xodimlarning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Barcha hollarda ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi qonunchilikda belgilangan hisoblash kunidagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas.
Hisob-kitob davrida tariflarni qayta ko‘rib chiqish chog‘ida o‘rtacha oylik ish haqi o‘zgartirilgan tarifni hisobga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishi lozim.