253-modda. Ish haqini to‘lash muddatlari Xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ish haqi oyiga bir marta to‘lanadigan xodimlarning ayrim toifalari belgilanishi mumkin.
Ish haqi to‘lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to‘lanadi.
Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.
Ish beruvchi xodimning so‘roviga ko‘ra uni ish beruvchi tomonidan xodimning ish haqini hisob-kitob qilish chog‘ida amalga oshirilgan hisoblashlar va ushlab qolishlar to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Ish beruvchi ish haqini to‘lash kechiktirilganligi uchun xodim oldida ushbu Kodeksning 333-moddasida belgilangan miqdorda moddiy javobgar bo‘ladi.
254-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda hisob-kitob qilish muddatlari Mehnat shartnomasi bekor qilinganda ish beruvchidan xodimga berilishi kerak bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni amalga oshiriladi. Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar ushbu xodim tomonidan hisob-kitob qilish to‘g‘risidagi talab taqdim etilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli bo‘lgan summalar miqdorlari to‘g‘risida nizo chiqqan taqdirda, ish beruvchi xodimga shak-shubhasiz tegadigan summani ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda to‘lashi shart.
Ichki hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodim, agar u hatto mukofot to‘lanayotgan paytda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda bo‘lmasa ham, bir yildagi ish yakunlariga ko‘ra mukofot olish huquqiga ega bo‘ladi.