306-modda. O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodimning huquq va majburiyatlari O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim:
xizmat tekshiruvi nima sababli o‘tkazilayotganini bilishga;
komissiya a’zolarini rad etish to‘g‘risida arz qilishga;
xizmat tekshiruvi masalalari bo‘yicha yozma tushuntirishlar berishga;
xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi davomida iltimosnomalar berishga;
xizmat tekshiruvi materiallariga qo‘shib qo‘yish uchun hujjatlar, ashyoviy dalillar taqdim etishga;
guvohlarni xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi davomida keyinchalik ularni so‘rovdan o‘tkazish uchun taqdim etishga;
xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, ulardan ko‘chirmalar, ko‘chirma nusxalar olishga;
xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnoma bilan tanishishga;
komissiyaning qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqlidir.
Xodim o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotni rad etish uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini talab qilishga haqlidir. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ish beruvchiga yozma shaklda beriladi va u taqdim etilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim o‘ziga berilgan huquqlardan vijdonan foydalanishi, xizmat tekshiruvi o‘tkazilishiga monelik qilmasligi, shu jumladan xizmat tekshiruvida ishtirok etishdan bo‘yin tovlamasligi, haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etish yo‘li bilan monelik qilmasligi shart.
307-modda. Komissiya a’zosini rad etish O‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan xodim ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risida yozma shaklda arz qilishga haqli.
Komissiya a’zosini rad etish asoslangan bo‘lishi kerak va komissiya xizmat tekshiruvi natijalari haqida dalolatnoma qabul qilguniga qadar xizmat tekshiruvining har qanday bosqichida arz qilinishi mumkin.
Komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risidagi ariza xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan ish beruvchiga beriladi. Rad etish haqidagi arizaga doir qarorni xizmat tekshiruvi o‘tkazishni tayinlagan mansabdor shaxs (organ) rad etish haqidagi ariza berilgan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay qabul qilishi kerak. Ushbu qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay xodim va komissiya a’zolari e’tiboriga yetkazilishi kerak.
Ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lsa, komissiya a’zosi darhol o‘zini o‘zi rad etishi shart.
Xodimning komissiya a’zosini rad etish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgan taqdirda yoki ushbu komissiya a’zosi o‘zini o‘zi rad etganda ish beruvchi komissiyaning yangi a’zosini tayinlaydi.