297-modda. Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari xodimlarining ayrim toifalariga, shuningdek ayrim davlat organlarining xodimlariga nisbatan tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi, ushbu xodimlar tomonidan mehnat intizomining buzilishi o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentining farmonlari, qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarda ularning amal qilishi o‘ziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarning doirasi belgilanadi, xodimlarning, shuningdek intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlari, rag‘batlantirishlarning, intizomiy jazolarning turlari, ularni qo‘llash tartibi nazarda tutiladi.
298-modda. Mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi Xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari yoki jamoa shartnomasiga nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalari haqiqiy emasdir.
299-modda. Mehnat uchun rag‘batlantirish Ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin. Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi.
O‘ziga nisbatan intizom haqidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi intizom to‘g‘risidagi tegishli ustavlar va nizomlarda belgilanadi.
Xodimlar mehnat sohasida jamiyat va davlat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlari jumlasiga kirmaydi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida intizomiy javobgarlikka tortilgan xodimlarga mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofotlarni to‘lash to‘g‘risidagi masala mukofotlash haqidagi tegishli nizomlarda hal qilinadi.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.