VI BO‘LIM. AYRIM TOIFADAGI XODIMLAR MEHNATINI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLIShNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI 24-bob. Umumiy qoidalar 388-modda. Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari tushunchasi Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari deganda ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning umumiy qoidalari qo‘llanilishini qisman cheklovchi yoxud qo‘shimcha qoidalarni nazarda tutuvchi qoidalarni belgilash tushuniladi.
389-modda. Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari tasnifi Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflanadi:
1) mehnat munosabatlarining subyektlari (ayollar, oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlar) bo‘yicha;
2) mehnat faoliyatining sohalari, tarmoqlari va turlari (pedagoglar va tibbiyot xodimlari, transport xodimlari va boshqalar) bo‘yicha;
3) mehnat sharoitlarining og‘irligiga va (yoki) zararliligiga qarab;
4) tabiiy-iqlim sharoitlariga qarab;
5) xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlarining xususiyatlari (kasanachilar, masofadan turib ishlovchi xodimlar va boshqalar) bo‘yicha.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlarini tasniflashning boshqa mezonlari ham nazarda tutilishi mumkin.
390-modda. Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash chog‘ida kafolatlarning saqlanib qolishi Xodimlarning mehnat sohasidagi hamda muayyan mehnat turiga xos bo‘lgan talablar yoki yuqori ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarga alohida g‘amxo‘rlik qilish (mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari) bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan mashg‘ulotlar sohasidagi huquqlarining asoslantirilgan tafovutlari, istisnolari, afzalliklari, shuningdek cheklovlarini belgilash chog‘ida tegishli toifadagi xodimlarning ushbu Kodeksda va mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha kafolatlari saqlanadi, bundan ushbu bo‘limda belgilangan, xodimlarning mazkur toifasi uchun ayrim kafolatlarni berish imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq alohida istisnolar mustasno.