406-modda. Yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan ta’tillar Yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan boshlab va bola tug‘ilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun (bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan taqdirda esa yetmish kalendar kun) o‘tguniga qadar qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘langan xolda ta’til beriladi.
Yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimning yozma arizasiga ko‘ra, xodimga bola ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, ushbu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi, shuningdek bola uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham beriladi.
407-modda. Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar Ikki yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq nafar farzandi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Ikki yoshga to‘lmagan bola otasining yoki onasining (vasiysining) xohishiga ko‘ra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qo‘shib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga ko‘chirilishi, shu jumladan jamlangan holda ko‘chirilishi mumkin.
Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar faqat ota-onadan biri bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lmagan va bunday tanaffuslardan foydalanmayotgan taqdirda beriladi.
Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslarning aniq davomiyligi va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan belgilanadi.