410-modda. Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti Ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganligini tasdiqlovchi hujjatni (ish joyidan ma’lumotnomani, o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomani, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini va hokazolarni) ish beruvchiga ish joyi bo‘yicha taqdim etishi kerak.
Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.
2-§. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari 411-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadigan eng kam ish o‘rinlari hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlarining yo‘llanmasi bilan ishga joylashish kafolatlanadi.
412-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini qo‘llash taqiqlanadigan ishlar O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, yer osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sog‘lig‘iga, xavfsizligiga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qo‘llash taqiqlanadi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ular uchun belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalardan ortiq bo‘lgan og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarishi va tashishi taqiqlanadi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatining qo‘llanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning og‘ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog‘ida yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.