531-modda. O‘zini o‘zi himoya qilish shakllari O‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida xodim o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi ishni bajarishni, shuningdek ish beruvchining talabiga ko‘ra quyidagilarni:
mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan ishni;
qonunga xilof yoki hayotini va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, xodimning yoxud boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni bajarishni ish beruvchini yoki o‘zining bevosita rahbarini yoxud ish beruvchining boshqa vakilini yozma shaklda xabardor qilgan holda rad etishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilmaguniga qadar ishni yoki harakatlarni bajarishni rad etish vaqtida xodimning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha huquqlari saqlanib qoladi.
Xodim ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga hollarda ham ishlarni yoki harakatlarni bajarishni o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida rad etish huquqiga ega.
532-modda. Xodimlar o‘zini o‘zi himoya qilishiga ish beruvchining monelik qilmaslik majburiyati Ish beruvchi, ish beruvchining vakillari xodimlarning o‘zini o‘zi himoya qilishiga monelik qilish huquqiga ega emas.
Xodimlarni qonunda yo‘l qo‘yiladigan o‘zini o‘zi himoya qilish usullaridan foydalanganlik uchun ta’qib etish taqiqlanadi.
533-modda. O‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilish Quyidagilar o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilishdir:
ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilmagan hollarda xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishni bila turib rad etishi;
ushbu Kodeks 531-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda xodimning mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishni ish beruvchini bu haqda xabardor qilmasdan rad etishi;
o‘zini o‘zi himoya qilishiga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ham xodim o‘zini o‘zi himoya qilishni to‘xtatishni rad etishi.
O‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilish xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin. O‘zini o‘zi himoya qilish huquqining suiiste’mol qilinishi ish beruvchiga haqiqatda to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda ushbu zararning o‘rnini qoplash majburiyati xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin.